Oʻzbekiston Respublikasi suv xoʻjaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga moʻljallangan konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida

0
196
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni

Soʻnggi yillarda yer va suv resurslaridan samarali foydalanish, suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish, suv xoʻjaligi obyektlarini modernizatsiya qilish va rivojlantirish boʻyicha izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, global iqlim oʻzgarishi, aholi sonining va iqtisodiyot tarmoqlarining oʻsishi, ularning suvga boʻlgan talabi yil sayin oshib borishi tufayli suv resurslarining taqchilligi yildan-yilga kuchayib bormoqda.

Foydalanilgan oʻrtacha yillik suv miqdori 51-53 milliard kub metrni, jumladan, 97,2 foizi daryo va soylardan, 1,9 foizi kollektor tarmoqlaridan, 0,9 foizi esa yer ostidan foydalanib, ajratilgan suv olish limitiga nisbatan 20 foizga qisqargan.

Respublikada 2020-2030 yillarda aholini va iqtisodiyotning barcha tarmoqlarini suv bilan barqaror taʼminlash, sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, suv xoʻjaligiga bozor tamoyillari va mexanizmlarini hamda raqamli texnologiyalarni keng joriy etish, suv xoʻjaligi obyektlarining ishonchli ishlashini taʼminlash hamda yer va suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish maqsadida:

1. Quyidagilar:

Oʻzbekiston Respublikasi suv xoʻjaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga moʻljallangan konsepsiyasi (keyingi oʻrinlarda – Konsepsiya) 1-ilovaga muvofiq;

Oʻzbekiston Respublikasi suv xoʻjaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga moʻljallangan konsepsiyasida belgilangan vazifalarni 2020-2022 yillarda amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xarita”si 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

2. Quyidagilar Konsepsiyaning ustuvor yoʻnalishlari etib belgilansin:

suv resurslarini prognozlashtirish, ularning hisobini yuritish va maʼlumotlar bazasini shakllantirish tizimini takomillashtirish hamda shaffofligini taʼminlash;

suv xoʻjaligi obyektlarini (ichimlik va oqova suv tizimidan tashqari) modernizatsiya qilish va rivojlantirish, yirik suv xoʻjaligi obyektlarini boshqarishni raqamli texnologiyalar asosida avtomatlashtirish, elektr energiyasi va boshqa resurslarni tejaydigan zamonaviy texnologiyalarni keng joriy qilish, sohaga xorijiy investitsiyalarni keng jalb qilish hamda ajratilayotgan mablagʻlardan maqsadli va samarali foydalanishni taʼminlash;

suv omborlari, sel-suv omborlari va boshqa suv xoʻjaligi obyektlarining xavfsizligini hamda ishonchli ishlashini taʼminlash;

suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish, suvdan foydalanish va suv isteʼmoli hisobini yuritishda “Smart Water” (“Aqlli suv”) va shu kabi raqamli texnologiyalarni joriy qilish;

qishloq xoʻjaligi ekinlarini yetishtirishda suv tejovchi sugʻorish texnologiyalarining joriy qilinishini yanada kengaytirish va davlat tomonidan ragʻbatlantirib borish, ushbu sohaga xorijiy investitsiyalar va grantlarni jalb qilish;

sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash va barqarorligini taʼminlash, yerlarning unumdorligini oshirishga koʻmaklashish, tuproqning shoʻrlanish darajasini pasaytirish va uning oldini olish boʻyicha samarali texnologiyalarni qoʻllash;

suv xoʻjaligida bozor iqtisodiyoti tamoyillarini, jumladan, suvni yetkazish xarajatlarining bir qismini bosqichma-bosqich suv isteʼmolchilari tomonidan qoplash tizimini joriy qilish, tushgan mablagʻlarni suv xoʻjaligi obyektlarini oʻz vaqtida sifatli taʼmirlash-tiklash, raqamli texnologiyalarni joriy qilish hamda samarali boshqarishga yoʻnaltirish;

suv xoʻjaligida davlat-xususiy sheriklik va autsorsingni joriy etish, alohida suv xoʻjaligi obyektlarini fermer, klaster va boshqa tashkilotlarga foydalanish uchun berish hamda tejalgan mablagʻlarni suv xoʻjaligi obyektlarini modernizatsiya qilish va xodimlar mehnatiga haq toʻlash va ragʻbatlantirishga yoʻnaltirish;

suv resurslarini integratsiyalashgan holda boshqarish tamoyillarini joriy qilish, aholini suv bilan kafolatli taʼminlash, iqtisodiyot tarmoqlariga suvni barqaror yetkazib berish, suvning sifatini yaxshilash va atrof-muhitning ekologik muvozanatini saqlash;

transchegaraviy suv resurslaridan foydalanish masalalari boʻyicha davlatlararo munosabatlarni rivojlantirish, Markaziy Osiyo mamlakatlari manfaatlari oʻrtasidagi muvozanatni taʼminlaydigan suv resurslarini birgalikda boshqarishning oʻzaro maqbul mexanizmlarini va suvdan samarali foydalanish dasturlarini ishlab chiqish hamda ilgari surish;

suv xoʻjaligi sohasi uchun malakali kadrlarni tayyorlash, xodimlarning malakasini oshirish tizimini takomillashtirish, taʼlim, ilm-fan va ishlab chiqarish sohalari oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlikni rivojlantirish hamda ilm-fan yutuqlari va nou-xaularni ishlab chiqarishga joriy qilish.

Konsepsiyani uning ustuvor yoʻnalishlari va tegishli davrga moʻljallangan maqsadli parametrlari va koʻrsatkichlaridan kelib chiqib, har uch yilda tasdiqlanadigan Oʻzbekiston Respublikasi suv xoʻjaligini rivojlantirish strategiyalari orqali bosqichma-bosqich amalga oshirish belgilab qoʻyilsin.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi Konsepsiyada belgilangan ustuvor yoʻnalishlarni amalga oshirish orqali 2030 yilga qadar quyidagi koʻrsatkichlarga erishishni taʼminlasin:

sugʻorish tizimlarining foydali ish koeffitsiyentini 0,63 dan 0,73 gacha oshirish;

suv taʼminoti past darajada boʻlgan sugʻoriladigan yer maydonlarini 560 ming gektardan 190 ming gektargacha kamaytirish;

shoʻrlangan sugʻoriladigan yer maydonlarini 226 ming gektarga kamaytirish;

Suv xoʻjaligi vazirligi tizimidagi nasos stansiyalarining yillik elektr energiyasi isteʼmolini 25 foizga kamaytirish;

barcha irrigatsiya tizimi obyektlariga “Smart Water” (“Aqlli suv”) suv oʻlchash va nazorat qilish qurilmalari oʻrnatilib, suv hisobini yuritishda raqamli texnologiyalarni joriy etish;

100 ta yirik suv xoʻjaligi obyektlarida suvni boshqarish jarayonlarini avtomatlashtirish;

qishloq xoʻjaligi ekinlarini sugʻorishda suvni tejaydigan texnologiyalar bilan qamrab olingan yerlarning umumiy maydonini 2 million gektargacha, shu jumladan, tomchilab sugʻorish texnologiyasini 600 ming gektargacha yetkazish;

suv xoʻjaligida davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida 50 ta loyihani amalga oshirish.

4. Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi:

a) bir oy muddatda mazkur Farmonda nazarda tutilgan vazifalarning toʻliq va oʻz muddatida bajarilishini taʼminlash maqsadida Suv xoʻjaligi tizimidagi respublika byudjetidan moliyalashtiriladigan tashkilotlarga ajratilgan umumiy cheklangan xodimlar soni doirasida 4 ta shtat birligidan iborat masʼul boshqarma tashkil etsin hamda xorijiy ekspertlar jalb etilishini taʼminlasin.

Xorijiy ekspertlarni jalb etish vazirlikning byudjetdan tashqari hamda xalqaro moliya institutlarining grant va texnik koʻmak mablagʻlari hisobidan amalga oshirilishi belgilansin;

b) suv xoʻjaligini rivojlantirish loyihalarini shakllantirishda xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlaridan mablagʻ jalb etishda davlat tashqi qarzi uchun oʻrnatiladigan yillik meʼyorlar doirasida belgilangan tartibda takliflarni kiritib borsin;

v) xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlaridan jalb qilingan mablagʻlar hisobiga amalga oshirilayotgan loyihalar samaradorligi boʻyicha har yil yakuni boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga axborot kiritib borsin.

5. Qishloq xoʻjaligi ekin yerlarini oʻz balansiga olgan klasterlarga ushbu yerlarda joylashgan suv xoʻjaligi obyektlarini boshqarish yoʻnalishidagi Suv xoʻjaligi vazirligining funksiyalarini qishloq xoʻjaligi yer egalariga davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida oʻtkazish toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralar asosida amalga oshirilishiga ruxsat berilsin.

Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi bilan birgalikda uch oy muddatda Suv xoʻjaligi vazirligi balansida boʻlgan suv xoʻjaligi obyektlarini davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida xususiy sektorga berish boʻyicha obyektlar roʻyxatini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

6. Belgilansinki, Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi tizimidagi nasos stansiyalarining elektr energiyasi isteʼmolini bosqichma-bosqich kamaytirish hamda suv xoʻjaligida bozor iqtisodiyoti tamoyillarini, autsorsing va davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini joriy etish hisobidan tejaladigan mablagʻlar suv inshootlarini modernizatsiya qilish, suv xoʻjaligi tashkilotlarining moddiy-texnika bazasini takomillashtirish va xodimlarning oylik ish haqini bosqichma-bosqich oshirishga yoʻnaltiriladi.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Moliya vazirligi bilan birgalikda 2020 yil 1 oktyabrga qadar suv xoʻjaligi tizimidagi rahbar va mutaxassis xodimlarning malakasini oshirish tizimini takomillashtirish boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin, bunda:

uzluksiz malaka oshirish jarayonlarini tashkil etish shakllari, tartibi va bosqichlarini, shuningdek, moliyalashtirish manbaini aniq belgilash;

suv xoʻjaligi rahbar xodimlarini uzluksiz ravishda malakasini oshirib borish va attestatsiyadan oʻtkazish, ularga muntazam ravishda kasbiy oʻzini oʻzi rivojlantirib borish imkoniyatini beruvchi uzluksiz malaka oshirish tizimini amaliyotga joriy etish mezonlari inobatga olinsin.

8. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga:

Konsepsiyaning oʻz vaqtida va samarali ijro etilishi ustidan parlament va jamoatchilik nazoratini oʻrnatish;

amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida vazirliklar va idoralar hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimlarining axborotlarini har chorakda Senat, Qonunchilik palatasi va tegishlicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi hamda xalq deputatlari viloyat Kengashlarining majlislarida eshitib borilishini taʼminlash tavsiya etilsin.

9. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi va Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi Suv xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda ushbu Farmon mazmun-mohiyati hamda maqsad va vazifalarining ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini taʼminlasin.

10. Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

11. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari Oʻ.I.Barnoyev zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti  Sh.Mirziyoyev

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.