Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Yun Sok Yol Oʻzbekiston-Koreya biznes forumida ishtirok etdilar, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Koreya tomonidan tadbirda SK Group, Lotte Corporation, KOGAS, POSCO, Samsung, LG, Hyundai, KIA, Doosan, BoMI, Eksimbank, EDCF jamgʻarmasi, Koreya taraqqiyot banki kabi 80 dan ortiq yetakchi kompaniya va bank-moliya institutlari rahbarlari qatnashdi.
Davlatimiz rahbari oʻz nutqida Koreya Respublikasi Oʻzbekistonning anʼanaviy va yirik savdo, investitsiya va texnologik hamkorlaridan biri ekanini taʼkidladi.
Oʻtgan yil yakunida 2,5 milliard dollarga yetgan tovar ayirboshlash hajmi ikki barobar oʻsgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Oʻzbekiston iqtisodiyotidagi koreys investitsiyalari hajmi 7,5 milliard dollarni tashkil etmoqda.
Bugungi oliy darajadagi muzokaralar chogʻida yetakchilar savdo va investitsiyalarni koʻpaytirish choralarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, qoʻshma loyihalarni moliyalashtirishning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish, biznes uchun qulay shart-sharoitlar yaratish borasida kelishib oldilar.
– Biz zamonaviy sharoitlarda hamkorlikning yangi modelini yaratishga kelishib oldik. Oʻzaro munosabatlarimizda “Yuqori texnologik va innovatsion hamkorlikning yangi davri” boshlanmoqda, – dedi Prezidentimiz.
Oʻzbekistonda mintaqaviy yuqori texnologik xabni tashkil etish boʻyicha strategik dasturni ishlab chiqishga qaror qilindi.
Dastur oʻta muhim xomashyo resurslari, yarim oʻtkazgichlar, kimyo, mashinasozlik, “aqlli” qishloq xoʻjaligi, infratuzilma va shaharsozlik, “yashil” energetika kabi ustuvor yoʻnalishlarni qamrab oladi.
Davlatimiz rahbari soʻnggi yillarda Koreya Respublikasi Oʻzbekiston iqtisodiyoti va sanoatini modernizatsiya qilishda muhim hamkorga aylanganini taʼkidladi. Bugungi kunda Koreyaning yetakchi kompaniyalari va banklari bilan 5 milliard dollarlik yirik loyihalar amalga oshirilmoqda.
POSCO kompaniyasi bilan toʻqimachilik klasteri, Eksimbank va CNT bilan koʻp tarmoqli bolalar klinikasi, Shingdong Enercom bilan kremniyni qazib olish va qayta ishlash kabi loyihalar bu boradagi muvaffaqiyatli sheriklikka misol boʻladi.
Yetakchilar biznes forumi doirasida 9,6 milliard dollarlik yangi investitsiya loyihalari toʻplami tayyorlanganini mamnuniyat bilan qayd etdilar.
Davlatimiz rahbari Yangi Oʻzbekistonda iqtisodiyotni liberallashtirish, qonun ustuvorligini taʼminlash, xususiy mulk daxlsizligi va investorlar huquqlarini himoya qilishga qaratilgan islohotlar ortga qaytmasligini alohida taʼkidladi.
– Oʻzbekiston-Koreya hamkorligining salohiyati juda yuqori. Bizning iqtisodiyotlarimiz bir-birini samarali toʻldirishga qodir, – dedi Prezident.
Shu nuqtai nazardan kelgusi hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlari belgilab olindi.
Avvalo, strategik xomashyoni ilgʻor texnologiyalar asosida chuqur qayta ishlash va yuqori qiymatli mahsulotlarni uchinchi davlatlarga eksport qilish.
Bu borada muhim qadam sifatida oʻta yupqa mis folgani birgalikda ishlab chiqarish boʻyicha bitim imzolandi. Shuningdek, Oʻzbekiston-Koreya nodir metallar ilmiy-texnologik markazi faoliyatini kengaytirish ham koʻzda tutilgan.
Elektrotexnika sanoatidagi sheriklik doirasida Toshkent viloyatida Markaziy Osiyoda birinchi yarimoʻtkazgichlar klasterini barpo etish hamda elektrotexnika va texnik kremniy ishlab chiqarish boʻyicha kooperatsiyani kengaytirish rejalashtirilgan.
Oʻzbekiston kimyo sohasida koreys biznesi bilan strategik sheriklikni rivojlantirish niyatida. “Yashil” vodorod, ammiak va kauchuk mahsulotlari ishlab chiqarish boʻyicha loyihalarni amalga oshirish rejalari qoʻllab-quvvatlandi.
Shuningdek, tashrif doirasida Eksimbank va KOICA koʻmagida Kimyo texnologiyalari markazini tashkil etishga start berilmoqda.
Koreya kompaniyalari Oʻzbekistonning avtomobilsozlik sohasidagi mintaqaviy yetakchiligida muhim oʻrin tutishi taʼkidlandi. Masalan, KIA bilan hamkorlikda Jizzax viloyatida zamonaviy avtomobillar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi.
Prezidentimiz koreys biznesini mashinalarning yangi modellari va butlovchi qismlarini mahalliylashtirish jarayonida faol ishtirok etishga chaqirdi.
Qishloq xoʻjaligini raqamlashtirish, agrar tarmoqqa “aqlli” texnologiyalarni joriy etish sohasida hamkorlikni rivojlantirishga qiziqish bildirildi.
Shu maʼnoda, mamlakatimiz hududlarida qayta tiklanadigan energiya manbalari asosida ishlaydigan “yashil” issiqxonalar va bogʻlar yaratish boʻyicha yirik loyihalarni amalga oshirish boshlangani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Oʻzbekiston Koreyaning infratuzilma va shaharsozlik sohasidagi ilgʻor tajribasini oʻrganishdan manfaatdor. Bu borada koreys hamkorlarning davlat-xususiy sheriklik asosida transport infratuzilmasini modernizatsiya qilishdagi ishtirokiga alohida eʼtibor qaratildi.
Yurtimizga Hyundai Rotem tezyurar poyezdlarini yetkazib berish boʻyicha kelishuv imzolangani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Koreya moliyaviy institutlari bilan hamkorlikni chuqurlashtirish muhimligi taʼkidlandi. Sammit doirasida ijtimoiy va infratuzilma loyihalarini moliyalashtirish boʻyicha EDCF jamgʻarmasi bilan umumiy qiymati 2 milliard dollarlik hamkorlik dasturi imzolandi.
Davlatimiz rahbari koreys ishbilarmon doiralari vakillariga Oʻzbekiston Hukumati barcha kelishuvlarni oʻz vaqtida va samarali amalga oshirishda faol qoʻllab-quvvatlashini aytdi.
Shu maqsadda qoʻshma loyihalarni muvofiqlashtirish va ilgari surishning yangi tizimi joriy etilishi eʼlon qilindi.
Oʻz navbatida, Koreya Respublikasi Prezidenti Yun Sok Yol Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan ortga qaytmas islohotlar dasturini yuqori baholab, oʻzaro manfaatli sheriklik koʻlamini kengaytirish uchun ishga solinmagan katta imkoniyatlar mavjudligini taʼkidladi.