Oʻzbekiston Respublikasi va Qirgʻiziston Respublikasi Prezidentlarining telefon orqali muloqoti toʻgʻrisida

0
181
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2018 yil 15 fevral kuni Qirgʻiziston Prezidenti Sooronbay Jeenbekov bilan telefon orqali muloqot qildi, deya xabar berilmoqda Prezident.uz saytida. 

Muloqot avvalida davlat rahbarlari Oʻzbekiston Respublikasi va Qirgʻiziston Respublikasi oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatilganining 25 yilligi munosabati bilan samimiy bir-birlarini qutladilar.

Oʻtgan davrda qardosh xalqlarimiz oʻrtasidagi koʻp asrlik doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilik rishtalarini mustahkamlash, oʻzaro manfaatli Oʻzbekiston-Qirgʻiziston hamkorligini salmoqli darajada kengaytirishga erishilgani chuqur mamnuniyat bilan qayd etildi.

Tomonlarning siyosiy irodasi va amaliy saʼy-harakatlari tufayli oʻzaro munosabatlar strategik sheriklik darajasiga yetgani alohida taʼkidlandi.

2017 yilda uch marta oliy darajadagi tashriflar muvaffaqiyatli amalga oshirildi, ularning yakuni boʻyicha hamkorlikning dolzarb masalalariga oid muhim kelishuvlarga erishildi, Oʻzbekiston-Qirgʻiziston davlat chegaralari toʻgʻrisida shartnoma va boshqa bitimlar imzolandi.

Oʻzaro tovar ayirboshlash koʻrsatkichlari jadal surʼatlarda oʻsmoqda, ishlab chiqarish kooperatsiyasi koʻlami kengaymoqda. Transport kommunikatsiyalari sohasida, jumladan, «Oʻzbekston – Qirgʻiziston – XXR» yoʻnalishi boʻylab avtomobil qatnovini yoʻlga qoʻyish va temir yoʻl qurishga doir strategik loyihalar amalga oshirilmoqda.

Ikki mamlakat hududlari oʻrtasida samarali hamkorlik mexanizmlari yoʻlga qoʻyildi. Madaniy-gumanitar sohadagi almashinuvlar faollashdi.

Muloqotda davlat rahbarlari oliy darajadagi oʻzaro tashriflar davomida erishilgan kelishuvlarni oʻz vaqtida amalga oshirish zarurligini qayd etdilar. Ikki tomonlama va koʻp tomonlama hamkorlikning boshqa masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.

Muloqot yakunida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qirgʻiziston Respublikasi Prezidenti Sooronbay Jeenbekov mamlakatlarimiz va xalqlarimiz manfaatlari yoʻlida doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashga qatʼiy intilishlarini taʼkidladilar.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.