Oʻzbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi Prezidentlarining telefon orqali muloqoti toʻgʻrisida

0
62
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 26 yanvar kuni Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot xizmati xabar qildi.

Muloqotda ikki davlat rahbarlari Oʻzbekiston va Rossiya oʻrtasida strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari izchil mustahkamlanib, jadal rivojlanib borayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etdilar. 

2017 yil 4-5 aprel kunlari Rossiya Federatsiyasiga amalga oshirilgan oliy darajadagi tashrif hamda ikki davlat rahbarlarining muntazam uchrashuv va fikr almashuvlari siyosiy muloqotni faollashtirish, koʻp qirrali hamkorlikni kengaytirishga xizmat qilgani, aloqalarni sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarib, amaliy mazmun bilan boyitgani alohida taʼkidlandi. 

Birgalikdagi saʼy-harakatlar tufayli savdo-iqtisodiyot, investitsiya, moliya va transport-kommunikatsiya sohalarida salmoqli natijalarga erishildi. 

Bugungi kunda mamlakatimizda Rossiyaning yetakchi kompaniya va banklari ishtirokida energetika tarmogʻi, neft-gaz majmui, metallurgiya, mashinasozlik, toʻqimachilik va oziq-ovqat, farmatsevtika, qurilish materiallari sanoati va boshqa ustuvor yoʻnalishlarda yirik investitsion loyihalar amalga oshirilmoqda. 

Oʻtgan yil yakunlariga koʻra, oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi 20 foizga oshdi va 4,5 milliard dollarga yetdi. 

Davlat rahbarlari Hududlararo hamkorlikka koʻmaklashish toʻgʻrisidagi hukumatlararo bitim doirasida mamlakatlarimiz hududlari oʻrtasida samarali sheriklik yoʻlga qoʻyilganini alohida qayd etdilar. 

Turistik va madaniy almashinuvlar kengaymoqda, taʼlim va sogʻliqni saqlash sohalarida muhim qoʻshma loyihalar amalga oshirilmoqda. 

Oʻzbekiston va Rossiya rahbarlari mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalarni, kelgusidagi turli darajadagi uchrashuv va tadbirlar rejasini muhokama qildilar. 

Muloqot soʻngida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin mamlakatlarimiz va xalqlarimiz manfaatlari yoʻlida, mintaqada tinchlik, barqarorlik va taraqqiyotni taʼminlash maqsadida oʻzaro manfaatli sheriklikni yanada mustahkamlashga tayyor ekanini qatʼiy taʼkidladilar. 


Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.