Oʻzbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov nomidagi ilmiy-maʼrifiy yodgorlik majmuasida Islom Karimov tavalludining 80 yilligi arafasida koʻrgazma zali ochildi

0
463
marta koʻrilgan.

Unda xalqimizning aziz farzandi xotirasiga bagʻishlangan “Butun olamni jo qilgan yurak” koʻrgazmasi ish boshladi.

Koʻrgazma ochilishiga bagʻishlangan marosimda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzolari, Qonunchilik palatasi deputatlari, hukumat, vazirlik va idoralar masʼul xodimlari, fan, madaniyat, adabiyot va sanʼat namoyandalari, yoshlar, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. 

Birinchi Prezidentimizning rafiqasi T.Karimova, Oʻzbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov nomidagi ilmiy-maʼrifiy yodgorlik majmuasi rahbari T.Shirinov va boshqalar mustaqil Oʻzbekiston davlatining asoschisi, buyuk davlat va siyosat arbobi Islom Karimov Vatanimizning koʻp asrlik tarixida oʻchmas iz qoldirganini taʼkidlab, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan xalqimiz qahramonining yorqin xotirasini abadiylashtirish borasida keng koʻlamli chora-tadbirlar amalga oshirilayotganini taʼkidladi.

Davlatimiz rahbarining 2017 yil 27 noyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti, buyuk davlat va siyosat arbobi Islom Abdugʻaniyevich Karimov tavalludining 80 yilligini nishonlash toʻgʻrisida”gi va 2017 yil 25 yanvardagi “Oʻzbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdugʻaniyevich Karimovning xotirasini abadiylashtirish toʻgʻrisida”gi qarorlari bu borada muhim dasturilamal boʻlmoqda. 

Marosim ishtirokchilari Islom Karimov hayoti va faoliyatiga bagʻishlangan badiiy koʻrgazma eksponatlari bilan tanishdi. Koʻrgazma 2 zalga boʻlingan. Birinchi zalda rassomlarning 57, haykaltaroshlarning 3 asari namoyish etilmoqda. Ikkinchi zaldan fotorassomlarning 80 ijodiy ishi oʻrin olgan. 

– Koʻrgazma eksponantlari bilan tanishish asnosida Birinchi Prezidentimizning yangi qirralarini kashf etish mumkin. Bu yerdagi har bir asar tarixga daxldor, – deydi sanʼatshunoslik fanlari doktori, akademik Akbar Hakimov. – Shu bois, bu koʻrgazma xalqimiz tomonidan katta qiziqish bilan qabul qilinishiga ishonchimiz komil. 

Shu kuni Islom Karimov haykali poyi gullarga burkandi. Keng jamoatchilik vakillari Birinchi Prezidentimiz xotirasiga hurmat bajo keltirdi. 

Tantanali tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi Xayriddin Sultonov soʻzga chiqdi. 

Ulugʻbek Asrorov, Muhammad Amin(surat), OʻzA

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.