Oʻzbekicton Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining Bojxona institutida “Oʻzbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi toʻgʻrisida”gi Qonuni qabul qilinganining 28 yilligi munosabati bilan “Ulugʻ xalq qudrati joʻsh urgan zamon” mavzusida madaniy-maʼrifiy tadbir boʻlib oʻtdi.
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tadbirni Yozuvchilar uyushmasi raisi, Oʻzbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid ochib berar ekan, Prezidentimizning “Oʻzbekiston Qahramoni va xalq shoiri Abdulla Oripov tavalludining 80 yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida”gi qaroriga toʻxtaldi: “Abdulla Oripov yaratgan madhiya davlatimiz ramzi – oʻzbek xalqi, adabiyot, sheʼriyat vakillari uchun katta quvonchli hodisadir. Madhiya – xalqning gʻururidir. Shu bois, u yangraganda biz ruhan joʻshqinlikni, azmu shijoatimiz oshganini, qalbimizda gʻurur va buyuk istiqbolga ishonch tuygʻusini his etamiz».
Tadbirda taʼkidlanganidek, yer yuzida ikki yuz ellikdan ortiq davlat mavjud boʻlib, har bir mamlakat oʻz Davlat madhiyasiga ega. Madhiya qaysi mamlakatniki boʻlmasin, u oʻsha xalqning orzu-umidlarining aks-sado boʻlib, ozod va mustaqilligini yer kurrasi boʻylab ifodalab turadi. Ular bilan bir qatorda gʻurur ila jaranglayotgan madhiyamiz ham hech kimdan kam emasligimiz va kam boʻlmasligimizni koʻrsatib turadi. Tadbirda soʻzga chiqqanlar ana shu jihatlarga eʼtibor qaratishdi.
– Oʻzbekiston xalqini birlashtirib turadigan timsollarimizdan biri bu, madhiyamizdir, – deydi Bojxona instituti boshligʻi, bojxona xizmati podpolkovnigi Vosid Ergashev. – Madhiyamizga zoʻr ehtirom bilan qarash, Oʻzbekiston Respublikasini har bir fuqarosining oddiy emas, balki vatanparvarlik burchidir. Bu esa qonunlarda belgilab berilgan. Taʼlim dargohimizda ham har kungi dars jarayonlari madhiyamizning yangrashi bilan boshlanadi. Bu esa boʻlajak bojxonachilarning yurtga sadoqatli, vatanparvar, yetuk mutaxassis boʻlib yetishishlarida katta ahamiyatga ega.
Uchrashuvda soʻz olgan Oʻzbekiston Qahramoni, Xalq shoiri Abdulla Oripovning turmush oʻrtogʻi “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni sohibasi Hanifa Oripova madhiyaning sheʼri va musiqasining yaratilishi va ikki buyuk ijodkor Abdulla Oripov va Oʻzbekiston xalq bastakori Mutal Burhonov hamkorligida Oʻzbekiston Respublikasi madhiyasining yaralishi jarayonidagi qiziq voqealar haqida yigʻilganlarga gapirib berdi.
Shuningdek, tadbirda Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari Minhojiddin Hojimatov soʻzga chiqib, Davlat madhiyasi toʻgʻrisidagi fikrlarini bayon qildi:» Madhiya – qalbida oʻz Vataniga muhabbat va sadoqat tuygʻusi bor har qanday kishida milliy gʻurur, oʻziga xos faxr, eng muhimi yurtga mehr uygʻotadi. Bu milliy timsolda xalqning oʻtmishi, buguni va kelajagi, orzu-oʻylari, maslak-maqsadi mujassamdir».
Tadbir Oʻzbekiston xalq artistlari Munojot Yoʻlchiyeva, Gavhar Zokirova hamda bojxona instituti kursantlarining sheʼrlari, kuy-qoʻshiqlar bilan davom etdi.
Kecha yakunida Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan namunali xizmat koʻrsatayotgan bir guruh bojxonachilarga badiiy kitoblar armugʻon qilindi.
Zulayho Ahmadjonova, jurnalist