14 iyul kuni Toshkentda, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qoʻshma majlisida, Oʻzbekiston Respublikasining saylangan Prezidenti oʻz lavozimiga kirishishiga bagʻishlangan tantanali marosim boʻlib oʻtdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Unda deputat va senatorlar, davlat tashkilotlari rahbarlari, diplomatik korpus va jamoatchilik vakillari, mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Marosimni Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Raisi Z.Nizomxoʻjayev ochib, Prezident saylovi yangilangan Konstitutsiyamiz va demokratik tamoyillar asosida, siyosiy faollik muhitida oʻtganini taʼkidladi. Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasidan nomzod Shavkat Miromonovich Mirziyoyev saylovchilarning 87,05 foiz ovozi bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylanganini qayd etdi. Shu munosabat bilan Shavkat Mirziyoyevni qizgʻin tabriklab, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti guvohnomasini topshirdi.
Shavkat Mirziyoyev mamlakatimiz Konstitutsiyasiga muvofiq, Oʻzbekiston xalqiga sadoqat bilan xizmat qilishga, respublikaning Konstitutsiyasi va qonunlariga qatʼiy rioya etishga, fuqarolarning huquqlari va erkinliklariga kafolat berishga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti zimmasiga yuklatilgan vazifalarni vijdonan bajarishga tantanali qasamyod qildi.
Marosimda davlatimiz rahbari nutq soʻzladi.
– Bugun yelkamga qanday ulugʻvor masʼuliyat olayotganimni, Vatanimiz mustaqilligi, 36 milliondan ziyod aziz xalqimning tinchligi va farovonligi uchun shaxsan javobgar ekanimni yurak-yuragimdan his etib turibman. Mana shunday yuksak ishonch uchun, hurmat va eʼtibor uchun koʻpmillatli, mard va donishmand xalqimizga farzandlik mehri va sadoqati bilan taʼzim qilaman, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Oʻzbekiston yangi davrga qadam qoʻyayotgani, u siyosiy, iqtisodiy-ijtimoiy, madaniy-gumanitar sohalarda tub burilish va ulkan oʻzgarishlar davri boʻlajagi taʼkidlandi. Buning uchun yangi gʻoya va tashabbuslar, avvalgidan-da koʻproq gʻayrat va shijoat bilan ishlash kerak.
Dunyodagi ziddiyatlar iqtisodiyot uchun muammolar keltirib chiqarmoqda. Iqlim oʻzgarishi, tabiiy boyliklar va suv resurslarining tobora taqchil boʻlib borayotgani ham barqaror rivojlanishga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda. Mana shunday ogʻir va tahlikali vaziyatda xalqimiz manfaatlariga javob beradigan yagona toʻgʻri yoʻlni – samarali ichki va tashqi siyosat yoʻlini aniq belgilab olish va uni qatʼiy amalga oshirish lozimligi taʼkidlandi.
Prezident shu boradagi kelgusi yetti yilga moʻljallangan strategik maqsadlarni koʻrsatib oʻtdi. Qisqa qilib aytganda, bular – qonunchilik va ijro hokimiyatini takomillashtirish, ixcham va samarali boshqaruv tizimini tashkil etish, ijtimoiy soha va xizmatlarni rivojlantirish, tadbirkorlikka imkoniyatlarni kengaytirish, ish oʻrinlari va aholi daromadlarini koʻpaytirish kabilardir.
Iqtisodiyot sohasida “yashil iqtisodiyot”, “yashil energiya” tamoyillari yanada keng joriy etiladi. Investitsiyalar jalb qilish koʻpaytiriladi. Sanoat rivojlantiriladi. 2030 yilgacha mamlakatimiz yalpi ichki mahsuloti hajmini 160 milliard dollarga yetkazish maqsad qilingan.
Davlatimiz rahbari oʻz nutqida yoshlarga alohida murojaat qildi.
– Aziz oʻgʻil-qizlarim, bugun tarixning oʻzi, zamonning oʻzi sizlarning oldingizda beqiyos imkoniyatlar ochmoqda. Sizlar Oʻzbekiston tarixiga oltin harflar bilan yoziladigan buyuk ishlarni amalga oshirishga qodirsiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Oʻzbekistonning eng katta kuchi ahil oila boʻlib yashayotgan koʻpmillatli xalqi ekani, yurtimiz bundan buyon ham chinakam insonparvarlik va bagʻrikenglik diyori boʻlib qolishi taʼkidlandi.
Chuqur oʻylangan tashqi siyosat va iqtisodiy diplomatiya borasidagi harakatlar izchil davom ettiriladi. Avvalo, mintaqamiz mamlakatlari, hamkor davlatlar, xalqaro tashkilotlar bilan aloqalar yangi bosqichga koʻtariladi. Ekologiya va atrof-muhitni asrash, suv taqchilligining oldini olish ham dolzarb vazifa boʻladi.
Prezident bu galgi nutqida turli koʻrsatkichlarga koʻp toʻxtalmadi, iqtisodiy raqamlarni keltirmadi. Eng katta yutuq xalqimizning dunyoqarashi yuksalgani, odamlar katta maqsadlarga intilib, ertangi kunga ishonch bilan yashayotgani deya taʼkidlandi.
Oʻzini oʻzgartira olgan xalq, hech shubhasiz, hayotni, ijtimoiy muhitni ham oʻzgartira oladi, oʻz murod-maqsadlariga albatta yetadi.
– Mana shunday ulugʻ eʼtiqod bilan yashayotgan xalqqa rahbar boʻlib, uni yorugʻ manzillar sari boshlash men uchun ulkan baxt, ulkan sharafdir.
Hayotimning maʼno-mazmuniga aylangan buyuk maqsad – Yangi Oʻzbekistonni, Uchinchi Renessans poydevorini barpo etish yoʻlida sizlar bilan, butun xalqimiz bilan birga tinimsiz ishlashga, bor kuch-gʻayratim, bilim va salohiyatimni safarbar etishga tayyorman, – deya taʼkidladi Shavkat Mirziyoyev.
Davlatimiz madhiyasi ijro etildi.
Shu bilan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qoʻshma majlisi yakunlandi.