Oʻzbekiston-Rossiya strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlashga intilish qatʼiy ekani tasdiqlandi

0
66
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning taklifiga binoan 19 noyabr kuni tashrif bilan Rossiyaga keldi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.  

Oliy darajadagi muzokaralar Kremlda boʻlib oʻtdi.

Vladimir Putin uchrashuv avvalida davlatimiz rahbarini samimiy qutlab, Prezident saylovida ishonchli gʻalaba qozongani bilan yana bir bor tabrikladi va kelgusi faoliyatiga muvaffaqiyatlar tiladi.

— Oʻzbekiston nafaqat eng yaqin qoʻshnimiz, balki ittifoqdoshimizdir. Biz Oʻzbekistonni aynan shunday qabul qilamiz, — dedi Rossiya Prezidenti. – Bu yirik mintaqaviy davlat boʻlib, bizlarni tarix nuqtai nazaridan ham, bugungi kunda ham koʻplab jihatlar bogʻlab turadi.

Bugun Oʻzbekiston tovar ayirboshlash hajmining 18 foizi Rossiyaga toʻgʻri kelmoqda. Tovar ayirboshlash koʻpaymoqda: pandemiyaga qaramay, oʻtgan yili 15 foizdan koʻproqqa oshgan. Bu koʻrsatkich hatto murakkab davrda ham hamkorlik qilayotganimizni, hamkorligimiz muvaffaqiyatli kechayotganini aniq-ravshan koʻrsatib turibdi.

Bugun ham birgalikdagi ishlarimiz mintaqaviy formatda, davlatlararo shaklda barcha yoʻnalishlarda davom etmoqda. Iqtisodiyot, gumanitar aloqalar, transport infratuzilmasi shular jumlasidan. Bu borada birgalikda ishlashimiz uchun katta maydon mavjud, ikkimiz muhokama qilib olishimiz lozim boʻlgan masalalar juda koʻp.

Davlatimiz rahbari Rossiya Prezidentiga taklif va iliq qabul uchun minnatdorlik bildirdi.

– Shuni alohida taʼkidlashni istardimki, keyingi yillarda munosabatlarimizda chinakam ulkan yutuqlarga erishildi – bunday koʻrsatkichlar ilgari boʻlmagan. Siz aytganingizdek, tovar ayirboshlash ortmoqda: toʻqqiz oy yakunida besh milliardni tashkil etdi, yil oxirida yetti milliard boʻladi. Munosabatlarimizda bunday raqam ilgari kuzatilmagan.

Bosh vazirlar rahbarligidagi Hukumatlararo komissiya juda jiddiy ishlamoqda – Siz qoʻllab-quvvatladingiz va jiddiy natijalarga erishilmoqda. Tashrifdan avval juda salmoqli ishlar qilindi. Uchta katta tadbir: hududlar, taʼlim va media forumlari oʻtkazildi.

Natijalarga kelsak, bugun 14 milliard dollarlik loyihalar ustida ish olib borilmoqda. Jumladan, hududlararo forum doirasida. Uch yil avval Siz bilan ushbu forumni boshlayotganimizda bunday tadbirlar yoʻq edi. Natija esa katta: hududlar uchrashmoqda, hamkorligimizga katta turtki bermoqda.

Bugungi uchrashuvimiz hududlararo aloqalar, ikki tomonlama hamkorlik, xavfsizlik masalalari, Afgʻoniston masalasini muhokama qilish uchun yaxshi imkoniyatdir, – dedi Prezidentimiz.

Umuman, Prezidentlar ikki davlat oʻrtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilikka asoslangan munosabatlar yuksak darajaga koʻtarilganini katta mamnuniyat bilan qayd etdilar.

Muzokaralarda savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni yanada kengaytirishga alohida eʼtibor qaratildi.

Keyingi yillarda ushbu sohalarda chinakam ulkan yutuqlarga erishildi. Bosh vazirlar darajasidagi qoʻshma komissiya hamda Iqtisodiy hamkorlik boʻyicha hukumatlararo komissiya yigʻilishlari muntazam oʻtkazilmoqda. Hududlar oʻrtasida yaqindan hamkorlik yoʻlga qoʻyildi. Birgina joriy yilda yuqori darajadagi 50 ta oʻzaro tashrif tashkillashtirildi.

2020 yilda oʻzaro savdo hajmi 5,6 milliard dollardan oshgan boʻlsa, joriy yilning 10 oyida ushbu koʻrsatkich 6 milliard dollarga etib, yil yakuniga qadar 7 milliard dollarga yaqinlashishi kutilmoqda.

Keyingi toʻrt yilda Oʻzbekistonda Rossiya sarmoyasi ishtirokidagi korxonalar soni ikki barobarga koʻpayib, qariyb 3 mingtani tashkil etmoqda.

Bugun yurtimiz iqtisodiyotida Rossiyadan jalb qilingan investitsiyalar hajmi 10 milliard dollardan oshdi va jadal oʻsishda davom etmoqda. Umumiy qiymati 14 milliard dollarlik istiqbolli loyihalar ishlab chiqilmoqda.

Prezidentlar iqtisodiyotning deyarli barcha tarmoqlarini qamrab olgan holda investitsiyaviy hamkorlikni davom ettirish muhimligini taʼkidladilar.

Bunda Oʻzbekiston rahbarining tashrifi arafasida oʻtkazilgan II Hududlararo hamkorlik forumi natijalari ham muhim oʻrin tutadi. Zero, forum yakunida sanoat, energetika, transport va farmatsevtika, toʻqimachilik va oziq-ovqat sanoatiga doir yangi bitim va shartnomalar imzolandi.

Shavkat Mirziyoyev iqtisodiyot tarmoqlarida oʻzaro hamkorlikni yanada kengaytirish uchun katta zaxiralar borligini qayd etdi. Shu munosabat bilan ustuvor sohalarda hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.

Davlat rahbarlari madaniy-gumanitar hamkorlikni kengaytirish masalalariga ham eʼtibor qaratdilar.

Joriy yil may oyida Buxoroda Rektorlar anjumani, 16-17 noyabr kunlari esa Moskvada ikkinchi Taʼlim forumi oʻtkazilgani taʼkidlandli. Forum yakunida sheriklikning yangi yoʻnalishlariga doir 35 dan ortiq bitimlar imzolandi.

Bugun Rossiya oliy taʼlim muassasalarining eng koʻp xorijiy filiallari Oʻzbekistonda faoliyat yuritmoqda. Yurtimizda ularning soni 15 tani tashkil etmoqda, shundan 12 tasi keyingi toʻrt yilda ochilgan.

Sogʻliqni saqlash sohasida ham yaqin hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan. Rossiyalik hamkorlar koʻmagida Oʻzbekistonda “Sputnik V” vaksinasini ishlab chiqarish tashkil etildi, Toshkentda Pirogov nomidagi Rossiya milliy tadqiqot tibbiyot universiteti filialini ochish ishlari yakuniga yetdi.

Prezidentlar mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik tomonlarni qiziqtirgan masalalarga toʻxtalib oʻtdilar.

Mamlakatarimiz tashqi siyosat va mudofaa idoralari oʻrtasidagi ikki tomonlama maslahatlashuvlarni davom ettirish muhim ekani taʼkidlandi. Mintaqaviy xavfsizlik masalalari va Afgʻonistondagi vaziyat yuzasidan fikr almashildi.

Rossiya tomoni Oʻzbekistonning Afgʻonistonda tinchlik jarayoniga koʻmaklashish borasidagi muhim saʼy-harakatlarini qoʻllab-quvvatladi.

Davlat rahbarlari BMT, MDH, ShHT va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasidagi hamkorlikni davom ettirishga tayyorligini bildirdilar. 

Samimiy va doʻstona muhitda oʻtgan suhbat yakunida tomonlar Oʻzbekiston va Rossiya oʻrtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash borasida qatʼiy ekanliklarini yana bir bor tasdiqladilar.

Muzokaralar yakunida Prezidentlar Xalqaro axborot xavfsizligini taʼminlash sohasida hamkorlik toʻgʻrisida Qoʻshma bayonot qabul qildilar. Tashrif doirasida jami 18 ta ikki tomonlama hujjat imzolandi.

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.