Oʻzbekiston – Singapur: Koʻp qirrali hamkorlikni rivojlantirishning yangi ufqlari

0
151
marta koʻrilgan.

Bugun, 17 yanvar kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Singapurga davlat tashrifi doirasida oliy darajadagi tadbirlar – ushbu mamlakat Prezidenti Halima Yaqub va Bosh vaziri Li Syan Lun bilan muzokaralar boʻlib oʻtdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida. 

Oʻzbekiston-Singapur sammitidan avval Singapur Prezidentining “Istana” saroyida davlatimiz rahbarini rasmiy kutib olish marosimi boʻldi.

Saroy oldidagi maydonda oliy martabali mehmon sharafiga Faxriy qorovul saf tortdi. Harbiy orkestr ikki davlat madhiyalarini ijro etdi.

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Singapur Prezidenti Halima Yaqub Faxriy qorovul safi oldidan oʻtib, rasmiy delegatsiyalar aʼzolarini qutladilar.

Soʻng Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sharafiga Singapurning milliy ramzi boʻlgan orxideya gulining yangi naviga nom berish marosimi boʻlib oʻtdi. Bunday tadbirlar anʼanaviy ravishda ushbu mamlakatning oliy martabali mehmonlari va taniqli arboblarga yuksak hurmat va ehtirom belgisi sifatida oʻtkaziladi.

Anʼanaga koʻra, Prezident Shavkat Mirziyoyev gulning yoniga yangi turdagi orxideyaning nomi — “Shavkat Mirziyoyev orxideyasi” deb yozilgan taxtachani joylashtirdi.

Ushbu koʻrkam va yoyilib oʻsuvchi gul Encbi Purple va Kila Blue orxideyalarining gibridi hisoblanadi. Uzunligi 45 santimetr boʻlgan qat-qat yaproqli qoʻshgullar, ularning har birida 17 tadan 20 tagacha gul hosil qiladi, har bir gulning eni 5 santimetr atrofida. Och siyohrang barglar va kosachabarglarning cheti mayin binafsharang.

Shundan soʻng Prezidentlar ikki tomonlama uchrashuv oʻtkazdilar.

Oʻzbekiston va Singapur oʻrtasidagi munosabatlarni yanada chuqurlashtirish istiqbollari, ijtimoiy-siyosiy hayotni demokratlashtirish borasidagi islohotlar yuzasidan fikr almashildi.

Taʼlim sohasida faol hamkorlik qilinayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Toshkentda Singapur menedjmentni rivojlantirish instituti hamda Singapur texnologiyalar, menedjment va kommunikatsiyalar akademiyasi muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.

Ikki mamlakatning Markaziy va Janubi-Sharqiy Osiyoda mintaqaviy hamkorlik va integratsiyani kengaytirish borasidagi tajribasi batafsil koʻrib chiqildi.

Oʻzbekiston va Singapur xalqaro maydonlarda mintaqaviy barqarorlik va izchil taraqqiyot masalalarida bir-birini anglashi va bu boradagi tashabbuslarni ilgari surishda oʻzaro koʻmaklashayotgani qayd etildi.

Uchrashuv yakunida hamkorlikning asosiy yoʻnalishlari belgilab olindi.

Shavkat Mirziyoyev Halima Yaqubni oʻziga qulay boʻlgan vaqtda mamlakatimizga tashrif bilan kelishga taklif etdi.

Soʻng “Istana” qarorgohida Prezidentimiz Singapur Bosh vaziri Li Syan Lun bilan muzokara oʻtkazdi.

Yetakchilar hamkorlikning bugungi holati va istiqbollarini har tomonlama koʻrib chiqdilar, ustuvor yoʻnalishlardagi aloqalar jadal surʼat bilan rivojlanib borayotganini taʼkidladilar.

Jumladan, savdo-iqtisodiy sohada sezilarli natijalarga erishildi. Keyingi yillarda tovar ayirboshlash ikki barobarga oshdi. Oʻzbekistonda Singapur kapitali ishtirokidagi korxonalar soni 4 karra koʻpaydi. Ushbu mamlakatdan yurtimiz iqtisodiyotiga toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar hajmi 700 million dollarga yetgan.

Koʻplab sohalarda amaliy hamkorlikni kengaytirish uchun katta zaxiralar mavjudligi qayd etildi.

Singapur – Osiyo-Tinch okeani mintaqasining iqtisodiy markazi. Koʻp yillardan buyon ushbu mamlakat elektronika, kimyo sanoati, biotexnologiyalar, bank sohasi, logistika va transport mashinasozligi kabi muhim tarmoqlardagi muvaffaqiyatlariga tayanib, jahondagi eng yirik va rivojlangan iqtisodiyotlardan biri boʻlib kelmoqda.

Shularni hisobga olib, davlatimiz rahbari Singapur bilan yaqin istiqboldagi hamkorlikning oltita asosiy yoʻnalishini koʻrsatib oʻtdi.

Birinchisi – inson kapitalini rivojlantirish va davlat boshqaruvi uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash. Li Kuan Yu nomidagi Davlat siyosati maktabi ishtirokida boshqaruv, shaharsozlik, infratuzilmani rivojlantirish, raqamli transformatsiya, innovatsiyalar, taʼlim va sogʻliqni saqlash sohalarida birgalikda davlat xizmatchilarini tayyorlash va ularning malakasini oshirish dasturini amalga oshirishga kelishib olindi. Shuningdek, Oʻzbekiston Davlat boshqaruvi akademiyasi negizida Singapurning yetakchi ekspertlarini jalb qilgan holda davlat xizmatchilarini intensiv qayta tayyorlash dasturi ishga tushiriladi.

Ikkinchi yoʻnalish Singapurni Oʻzbekistondagi xususiylashtirish jarayonlariga jalb qilishga qaratilgan. Shu maʼnoda, muzokaralarda Singapurning yetakchi kompaniyalari ilgʻor tajribasi, zamonaviy texnologiyalari va boshqaruv usullaridan foydalangan holda Oʻzbekistonning yirik korxonalarini xususiylashtirish doirasidagi loyihalarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi. Davlat korxonalarini transformatsiya qilish va tarkibiy oʻzgartirish, keyinchalik ularni IPOga chiqarish va tashqi investitsiyalarni jalb qilish uchun qoʻshma Investitsiya jamgʻarmasini tuzish taklif qilindi.

Uchinchi ustuvor yoʻnalish sifatida ilgʻor “yashil” texnologiyalar va raqamli yechimlarni jalb qilish belgilandi. Singapurning raqamlashtirish sohasidagi yutuqlarini joriy qilish, shuningdek, ushbu mamlakatning “yashil” rivojlanish boʻyicha innovatsiyalari va texnologiyalarini qoʻllash imkoniyatlari muhokama qilindi.

Toʻrtinchisi – shahar infratuzilmasi va kommunikatsiyalarni takomillashtirish. Shaharlarni rejalashtirish va qurilish, koʻkalamzorlashtirish, kommunal xoʻjalik sohalarida hamkorlik boʻyicha tadbirlar kelishib olindi. Oʻzbekistonda infratuzilma va tarmoq loyihalarini amalga oshirish boʻyicha qoʻshma Loyihalashtirish va injiring markazini tashkil etish boʻyicha kelishuv bu boradagi birinchi qadam boʻldi.

Hamkorlikning beshinchi yoʻnalishi doirasida investitsiyalar va oʻzaro savdoni kengaytirish, Singapurning yetakchi kompaniyalari bilan qoʻshma loyihalarni ilgari surish muhimligi qayd etildi.

Ustav kapitali 500 million dollar boʻlgan Oʻzbekiston-Singapur investitsiya kompaniyasini tashkil etish yuzasidan kelishuvga erishildi.

Oltinchi yoʻnalish sifatida davlatimiz rahbari jamoat xavfsizligini taʼminlash, millatlararo totuvlikni asrash va radikalizmga qarshi kurashish borasida tajriba almashish zarurligini qayd etdi.

Bundan tashqari, tomonlar xalqaro va mintaqaviy kun tartibining dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashdilar.

Ochiq va doʻstona muhitda oʻtgan uchrashuv yakunida Shavkat Mirziyoyev Li Syan Lunni oʻziga qulay vaqtda mamlakatimizga tashrif bilan kelishga taklif etdi.

Muzokaralardan soʻng ikki tomonlama hujjatlarni almashish marosimi boʻldi.

Delegatsiyalar rahbarlari huzurida ikki mamlakat hukumatlari, vazirlik va idoralari darajasida Oʻzbekiston-Singapur hamkorligini yanada kengaytirishga qaratilgan 8 ta hujjat almashildi.

Xususan, taʼlim, transport, sogʻliqni saqlash, kadrlar, shu jumladan davlat xizmatchilarini tayyorlash sohalarida hamkorlik toʻgʻrisida bitimlar qabul qilindi.

Shuningdek, savdo-iqtisodiy sheriklik hamda ikki mamlakat prokuraturalari oʻrtasidagi hamkorlik boʻyicha kelishuvlarga erishildi.

Kunning ikkinchi yarmida davlatimiz rahbari Li Kuan Yu nomidagi Davlat siyosati maktabiga tashrif buyuradi va Singapurning yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuv oʻtkazadi. Bugunning oʻzida Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkentga joʻnab ketadi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.