Oʻzbekiston sogʻliqni saqlash sohasi xodimlariga

0
136
marta koʻrilgan.

Hurmatli shifokorlar!

Muhtaram soha faxriylari!

Avvalo, xalqimiz salomatligini asrashdek masʼuliyatli va sharafli yoʻlda oʻzini ayamasdan, fidokorona mehnat qilayotgan siz, azizlarni Tibbiyot xodimlari kuni bilan chin qalbimdan tabriklab, barchangizga ezgu tilaklarimni izhor etaman. 

Mashhur yunon tabibi Gippokratning: “Tibbiyot va donishmandlik oʻzaro hamohang va chambarchas bogʻliqdir”, degan soʻzlarida katta maʼno bor.

Darhaqiqat, dunyodagi eng bebaho boylik, tengsiz neʼmat hisoblangan inson sogʻligʻini saqlash, bemor koʻnglida umid va ishonch uygʻotib, uni sogʻlom hayotga qaytarish uchun shifokor nafaqat chuqur bilim va tajriba sohibi, ayni paytda yuksak aql-zakovat hamda olijanob qalb egasi boʻlishi darkor. 

Oʻz hayotini ana shunday ulugʻ va savobli ishga bagʻishlab, odamlarning dardiga darmon boʻlishni muqaddas burch deb bilgan tibbiyot xodimlarining shaʼniga har qancha tahsinlar aytsak, arziydi, albatta.

Aziz shifokor va hamshiralar!

Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda har bir fuqaro uchun yuqori sifatli va malakali tibbiy xizmat tizimini yaratish ustuvor vazifa sifatida belgilanib, bu yoʻnalishda keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilayotgani sizlarga yaxshi maʼlum.

“Inson qadri uchun” degan ezgu tamoyilni jamiyatimiz hayotida toʻla roʻyobga chiqarish maqsadida keyingi vaqtda yurtimizda sogʻliqni saqlash sohasi vakillari bilan muntazam uchrashib, oldimizda turgan vazifalar va dolzarb muammolarning yechimlari haqida fikrlashib olish ibratli anʼanaga aylandi.

Joriy yilda sizlar bilan oʻtkazilgan muloqotlarimiz ham har tomonlama foydali boʻldi. Buning natijasida 2022 yilda sohaga oid yigirmadan ziyod qonun, farmon va qarorlar hamda boshqa zarur meʼyoriy hujjatlar qabul qilinib, hayotga izchil tatbiq etilmoqda.

Bugungi kunda sizlarning faol saʼy-harakatingiz bilan tibbiyot xizmati bevosita mahallalarga, har bir yurtdoshimizning xonadoniga kirib bormoqda. Yuqori malakali shifokorlar, olim va mutaxassislar joylarga chiqqan holda, ogʻir xastaliklardan aziyat chekayotgan bemorlarning salomatligini tiklashga munosib hissa qoʻshmoqda.

Bu yil hududlar boʻylab oʻtkazilgan salomatlik aksiyalari davomida yurtdoshlarimizning 210 ming nafari ambulator va 65 ming nafari statsionar sharoitda sogʻlomlashtirilgani salmoqli natijalardan biri boʻldi. Biz bunday ezgu va xayrli ishlarni kelgusida ham izchil davom ettiramiz.

Inson hayoti va salomatligini asrab-avaylashdek gʻoyat muhim vazifani ado etishda biron-bir masalani eʼtibordan chetda qoldirish, muammolarning yechimini paysalga solish mumkin emasligini barchamiz yaxshi anglaymiz.

Shu sababli, tibbiyot sohasini rivojlantirish jarayonida, avvalo, bu boradagi mavjud munosabat va yondashuvlarni tubdan oʻzgartirib, “inson – jamiyat – davlat” tamoyilini hayotga joriy  etish ustuvor masala boʻlib qolmoqda.

Shu maqsadda tibbiyotning birlamchi boʻgʻinini kuchaytirish, ayniqsa, qishloq va mahallalarda tibbiy xizmatni sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarishga alohida ahamiyat qaratmoqdamiz.

Xususan, birgina 2022 yilda joylarda 100 dan ziyod oilaviy shifokorlik punkti, poliklinikalar hamda olis va chekka hududlarda 1000 dan ortiq mahalla tibbiyot punktlari tashkil etildi. Natijada qoʻshimcha ravishda yana 3,5 million aholini birlamchi tibbiy xizmat bilan qamrab olishga erishildi.

Oilaviy shifokorlar tomonidan aholiga bepul tarqatiladigan 70 xildagi dori-darmonlar uchun mablagʻlar hajmi oʻtgan yilga nisbatan 3 barobarga oshirildi. Birlamchi tibbiyot muassasalari zamonaviy ultratovush, elektrokardiogramma uskunalari, stomatologik va jarrohlik toʻplamlari bilan jihozlanmoqda.

Oilaviy poliklinikalarda kunduzgi davolash oʻrinlari tashkil etilishi natijasida 740 ming kishi shifoxonaga bormasdan, bevosita oʻzi istiqomat qilayotgan mahallada muolaja olish imkoniyatiga ega boʻldi.

Mamlakatimizda xususiy tibbiyot muassasalarini rivojlantirish maqsadida ushbu klinikalarga soliq va bojxona imtiyozlari berilib, majburiy turistik yigʻimlar bekor qilindi hamda davlat mablagʻlari hisobidan tibbiy xizmat koʻrsatishga ruxsat etildi.

Salomatlik posbonlarining ogʻir va masʼuliyatli mehnatini munosib qadrlash, ularning oʻz kasbidan manfaatdorligini oshirish masalasi ham davlatimizning doimiy eʼtibor markazida turibdi.

Yaqinda soha xodimlarining oylik maoshi 30 foizgacha oshirilib, ish samaradorligi va natijasiga qarab tabaqalashtirilgan ragʻbatlantirish hamda ustama toʻlovlari joriy etilgani ham bu yoʻldagi muhim qadam boʻlganini qayd etish lozim.

Sogʻliqni saqlash tizimida erishilayotgan ijobiy natijalar bilan bir qatorda, hali oldimizda bajarishimiz zarur boʻlgan vazifalar ham yetarli ekanini barchamiz yaxshi tushunamiz.

Bu haqda gapirganda, tibbiyot tizimini rivojlantirish yoʻlida boshlangan va xalqimiz salomatligini asrashda muhim ahamiyatga ega boʻlgan quyidagi masalalarni taʼkidlab oʻtish oʻrinli, deb oʻylayman. 

Bugungi kunda bemorlarning huquq va manfaatlarini taʼminlashda ularning tanloviga hurmat bilan qarash zarurligini hayotning oʻzi taqozo qilmoqda.

Ana shu zaruratdan kelib chiqib, bundan buyon tibbiyot tizimini “mablagʻni bevosita bemorga sarflash” tamoyili asosida moliyalashtirishga alohida eʼtibor qaratiladi. Yaʼni, mablagʻlar tibbiyot muassasalariga umumiy tarzda emas, balki davolangan bemorlarga sarflangan xarajatlardan kelib chiqqan holda yoʻnaltiriladi.

Aholi oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini mustahkam qaror toptirish, onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish, har bir fuqaroning sogʻligʻini asrab-avaylash, ularni malakali tibbiy xizmat bilan toʻliq qamrab olish masalalari bundan buyon ham ustuvor vazifamiz boʻlib qoladi. 

Hurmatli tibbiyot xodimlari!

Sogʻliqni saqlash sohasini tezkor va samarali, xalqchil tizimga aylantirish yoʻlidagi islohotlar jarayonida sizlar oʻz zimmangizdagi masʼuliyatni sharaf bilan ado etish uchun bor bilim va mahoratingiz, salohiyat va tajribangiz, azmu shijoatingizni namoyon etishingizga ishonaman.

Fursatdan foydalanib, barchangizni kasb bayramingiz bilan yana bir bor tabriklab, kelgusi faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar, oilaviy baxt-saodat, xonadonlaringizga qut-baraka tilayman.

Hamisha sogʻ-omon boʻling, aziz shifokorlar!

Shavkat MIRZIYOYEV, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.