Hurmatli tibbiyot xodimlari!
Avvalo, oʻz hayotini el-yurt salomatligini asrashdek olijanob ishga bagʻishlab kelayotgan siz, azizlarni qutlugʻ kasb bayramingiz – Tibbiyot xodimlari kuni bilan samimiy muborakbod etaman.
Biz Yangi Oʻzbekistonda inson qadri va manfaatlarini taʼminlashni oʻz oldimizga ezgu maqsad qilib qoʻygan ekanmiz, bu yoʻlda xalqimiz salomatligini mustahkamlash eng muhim vazifalarimizdan biri boʻlishi tabiiydir.
Ayni shu maqsadda keyingi yillarda Oʻzbekiston sogʻliqni saqlash tizimi tubdan isloh qilinmoqda. Sohaning moddiy-texnik bazasi, kadrlar salohiyati mustahkamlanmoqda. Tizimga ilgʻor davolash va diagnostika usullari, innovatsion texnologiyalar keng tatbiq etilmoqda.
Ana shunday saʼy-harakatlarimiz tufayli birlamchi va malakali tibbiy xizmatlar aholining keng qatlamlariga kirib bormoqda. Buning tasdigʻini shu yilning oʻzida joylarda 22 ta oilaviy poliklinika, 93 ta oilaviy shifokorlik punkti va 394 ta mahalla tibbiyot punkti tashkil etilib, birlamchi tibbiy xizmatlar 2 million 100 ming nafardan ziyod aholiga yaqinlashtirilgani misolida yaqqol koʻrish mumkin.
Bu haqda soʻz yuritganda, 8 million 600 ming nafar aholi profilaktik tibbiy koʻrikdan oʻtkazilib, ularning 685 ming nafari ambulator, 72 ming nafari esa statsionar sharoitda sogʻlomlashtirilgani, skrining tekshiruvlari orqali 167 ming nafar yurtdoshimizda yurak-qon tomir, 52 ming nafarida qandli diabet kasalligi aniqlanib, ularning salomatligini tiklash choralari koʻrilganini taʼkidlash lozim.
Ayniqsa, tugʻma yurak nuqsoni boʻlgan 2 ming nafar bolaning davlat hisobidan operatsiya qilingani yosh avlodga mehr va gʻamxoʻrlik koʻrsatishning yana bir yorqin namunasi boʻldi.
Sohaga davlat tibbiy sugʻurtasi va raqamlashtirish mexanizmlari bilan birga xususiy tibbiyot muassasalari faoliyati ham keng joriy etilmoqda. Shifoxonalarni zamonaviy transport va tibbiy jihozlar bilan taʼminlash darajasi keskin yaxshilanmoqda.
Aynan ana shunday oʻzgarishlar, jonkuyar shifokorlar, yuqori malakali tibbiyot mutaxassislari, hamshiralarning mashaqqatli mehnati tufayli yuqori texnologik jarrohlik operatsiyalari nafaqat poytaxtimiz va viloyatlar markazlarida, balki tumanlarda ham muvaffaqiyatli oʻtkazilmoqda va minglab bemorlar oʻz dardiga shifo topmoqda.
Soha xodimlari mehnatini ragʻbatlantirish, ish haqini oshirish doimo eʼtiborimiz markazida boʻlib kelmoqda. Soʻnggi 7 yilda ushbu tizimda samarali xizmat qilib kelayotgan yurtdoshlarimizdan 727 nafari Vatanimizning faxriy unvon, orden va medallari bilan taqdirlandi.
Bugungi bayram munosabati bilan ularning safiga yana koʻplab tibbiyot xodimlari qoʻshilganini alohida qayd etmoqchiman. Fursatdan foydalanib, ushbu fidoyi yurtdoshlarimizni yuksak mukofotlar bilan tabriklab, barchasiga oʻzimning chuqur hurmatim va ezgu tilaklarimni bildiraman.
Aziz doʻstlar!
Biz “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi doirasida tibbiyot sohasida ham ulkan oʻzgarishlarni amalga oshirishni reja qilganmiz. Jumladan, aholining oʻrtacha umr koʻrish davomiyligini 78 yoshga yetkazish, buning uchun tibbiyotga yoʻnaltiriladigan mablagʻlar hajmini 2 barobar oshirish, onkologiya, yurak-qon tomir, diabet va nafas yoʻllari kasalliklari boʻyicha erta oʻlimni 2,5 barobar kamaytirish, Oʻzbekistonni sil xastaligidan xoli mamlakatga aylantirish ustuvor vazifamiz boʻladi.
Shuningdek, 350 ming nafar diabet va 1 million 500 ming nafar yurak-qon tomir kasalligi bilan ogʻrigan bemorlarni davolash, tibbiy yordamga muhtoj aholining 70 foiz murojaatlarini birlamchi boʻgʻinning oʻzida hal etish, bemorlarni gemodializ oʻrinlari bilan toʻliq qamrab olish boʻyicha ham amaliy ishlarni boshlaymiz.
Aholi oʻrtasida mustahkam salomatlik garovi boʻlgan sogʻlom turmush tarzini shakllantirish, jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga ham alohida eʼtibor qaratiladi.
Qadrli tibbiyot xodimlari!
Barchamiz birgalikda harakat qilib, tibbiyot sohasini chinakam xalqchil tizimga aylantirish boʻyicha oldimizda turgan ulkan vazifalarni albatta muvaffaqiyatli ado etamiz.
Oʻz qasamyodiga, kasbi va burchiga sadoqat bilan mehnat qilayotgan, Abu Ali ibn Sinodek buyuk ajdodlarimiz anʼanalarining davomchilari boʻlgan siz, azizlar bundan buyon ham shu ezgu yoʻlda bor bilim va tajribangizni safarbar etasiz, deb ishonaman.
Sizlarni Tibbiyot xodimlari kuni bilan yana bir bor chin dildan tabriklab, gʻoyat sharafli va masʼuliyatli faoliyatingizda sihat-salomatlik, yutuq va omadlar, oilaviy baxt-saodat tilayman.
Shavkat Mirziyoyev, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti