Hurmatli tibbiyot xodimlari!
Avvalo, inson sogʻligʻini asrash va mustahkamlashdek olijanob ishga oʻz hayotini bagʻishlagan siz, azizlarni mamlakatimizda keng nishonlanayotgan Tibbiyot xodimlari kuni munosabati bilan chin qalbimdan tabriklayman.
Biz sizlarning timsolingizda xalq salomatligi yoʻlida oʻz halovatidan kechib, kunni tunga ulab, fidokorona mehnat qilayotgan sharafli kasb egalarini koʻramiz.
Mashhur yunon tabibi Gippokratning “Tabobat barcha ilmu sanʼatlar ichida eng buyuk ilm va sanʼatdir”, degan soʻzlari mashaqqatli va ezgu faoliyatingizga berilgan haqqoniy bahodir.
Qadrli yurtdoshlar!
Oʻz aholisining sogʻligʻini muhofaza qilish – har qaysi davlat va jamiyat uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega dolzarb masala sanaladi.
Yurtimiz hududida qadimdan koʻplab shifo maskanlari, tibbiy madrasalar faoliyat yuritgani, Abu Ali ibn Sino kabi mutafakkir bobolarimiz yaratgan bebaho asarlar, ularning dori-darmon tayyorlash va davolash usullari butun jahonda mashhur boʻlgani ajdodlarimizning bu soha rivojiga qanday katta eʼtibor qaratganidan dalolat beradi.
Mamlakatimizda tub yangilanishlarni avvalo ijtimoiy hayotimizning eng muhim yoʻnalishlari boʻlmish tinchlik va osoyishtalikni saqlash hamda aholi sogʻligʻini muhofaza qilishdan boshlaganimiz bejiz emas.
Chunki, tinchlik va sogʻliq – bu har bir inson, butun aholimiz uchun hech narsa bilan oʻlchab, baholab boʻlmaydigan buyuk neʼmatdir. Faqat sogʻlom inson va sogʻlom xalq mislsiz ishlarga qodirligini hammamiz yaxshi anglaymiz.
Oʻtgan davrda sogʻliqni saqlash tizimida erishilgan ijobiy natijalar bilan birga, yechimini kutayotgan kamchilik va muammolar ham mavjudligi hech kimga sir emas. Shu sababli, keyingi uch yil davomida yurtimizda fuqarolar murojaatlari, fikr-mulohaza va takliflari atroflicha oʻrganilib, tibbiyot tarmogʻini chuqur isloh qilish boʻyicha
170 dan ziyod huquqiy hujjatlar qabul qilindi.
Xususan, “Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash tizimini tubdan takomillashtirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmon asosida 2019 – 2025 yillarda Sogʻliqni saqlash tizimini rivojlantirish konsepsiyasi hamda tegishli dastur tasdiqlandi.
Bularning barchasi birlamchi tibbiy sanitariya hamda shoshilinch va tez yordam boʻgʻinidan tortib, yuqori tuzilmalarigacha ish faoliyatini tashkil etishda asosiy eʼtiborni inson omiliga yoʻnaltirish, tibbiy xizmatlar turlarini kengaytirish va sifatini xalqaro mezonlar darajasiga yetkazish borasida yangi imkoniyatlar yaratib bermoqda.
Maʼlumki, kasallikni davolashdan koʻra, uning oldini olish oila uchun ham, davlat uchun ham samarali va foydalidir. Shu bois mamlakatimizda profilaktik tibbiyot rivojiga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda.
Ayni paytda, tibbiy-sanitariya yordamini koʻrsatishni yaxshilash maqsadida yurtimizda 817 ta qishloq vrachlik punkti, 798 ta qishloq va 178 ta shahar oilaviy poliklinikalarida ayollar maslahatxonalari, qizlar salomatligi xonalari, ijtimoiy dorixonalar, kunu-tun ishlaydigan tez tibbiy yordam shoxobchalari tashkil etildi hamda 5 ta tor soha mutaxassislarining faoliyati yoʻlga qoʻyildi.
Jismoniy shaxslar eng koʻp murojaat qiladigan shoshilinch va tez yordam yoʻnalishida markazlashgan yaxlit tizim yaratildi. Tez yordam brigadalarining soni 818 tadan 1666 taga yetkazildi va ular aholi yashaydigan hududlarga yaqinlashtirildi. Avtotransport parkini yangilash uchun 1500 dan ortiq “Tez yordam” mashinalari xarid qilindi.
Yana bir asosiy yoʻnalish – reproduktiv salomatlikni, onalik va bolalikni muhofaza qilish boʻyicha milliy dasturlar amalga oshirilmoqda. Hududlarimizdagi bolalar davolash muassasalarida ilgari mavjud boʻlmagan neonatal xirurgiya, kardioxirurgiya, invaziv xirurgiya, qizlar ginekologiyasi kabi yangi boʻlimlarda murakkab davolash amaliyotlari oʻtkazilmoqda.
Bunday ulugʻvor oʻzgarishlar yurtimizda xotin-qizlar sogʻligʻini mustahkamlash, onalar va goʻdaklar oʻlimining keskin kamayishida muhim omil boʻlmoqda.
Shuningdek, patronaj xizmati mutlaqo yangicha asosda yoʻlga qoʻyildi. Ayniqsa, yolgʻiz, keksa, nogironligi boʻlgan, surunkali kasalliklarga chalingan shaxslarni, boʻlajak onalar va bolalarni patronaj xizmatlari bilan toʻliq qamrab olish borasida beqiyos ishlar amalga oshirilmoqda. Hamshiralarning uyma-uy yurib, har bir shaxsning salomatligini puxta oʻrganishlari tufayli kasalliklarning oldini olish, oilalarda tibbiy madaniyatni yuksaltirish borasida salmoqli yutuqlarga erishilmoqda.
Maʼlumki, ixtisoslashgan tibbiyot muassasalari asosan poytaxtda joylashgan boʻlib, kishilar davolanish maqsadida viloyatlardan uzoq yoʻl bosib kelishga majbur edi.
Keyingi vaqtda joylarda qoʻshimcha muassasalar barpo etilishi hisobiga allergologiya, onkologiya, nefrologiya va buyrak transplantatsiyasi, nevrologiya va insult, travmatologiya va ortopediya, neyroxirurgiya kabi yoʻnalishlarga ixtisoslashgan markazlar soni 16 taga yetkazildi. Hududlarda 310 ta ixtisoslashgan boʻlimlar, respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlarining 14 ta filiali ochildi.
Nafaqat poytaxtimiz, balki Namangan, Xorazm, Fargʻona, Buxoro, Qashqadaryo va boshqa viloyatlarda kardiojarrohlikka oid eng murakkab amaliyotlar, yetakchi markazlarimizda buyrak va jigar, oʻzak hujayra transplantatsiyalari muvaffaqiyatli bajarilayotganini alohida taʼkidlash oʻrinlidir.
Tarmoqda xususiy sektor ulushini oshirish, davlat-xususiy sheriklik hamda institutsional va huquqiy mexanizmlarning yaratilishi, ularga keng imtiyozlar taqdim etilayotgani natijasida bu yoʻnalishdagi shifoxonalar soni 5300 dan oshdi.
Shuningdek, qisqa vaqt ichida AQSH, Rossiya, Xitoy, Germaniya, Hindiston, Turkiya, Janubiy Koreya, Isroil kabi xorijiy davlatlar bilan hamkorlikda 100 dan ortiq zamonaviy xususiy klinikalar ish boshladi.
Ayni paytda, mamlakatimizda 7 ta oliy tibbiy taʼlim dargohi va ularning 4 ta filiali, shuningdek, xorijdagi nufuzli tibbiy-ilmiy muassasalar hamkorligida tashkil etilgan 22 ta xalqaro fakultet sohaga malakali va yetuk mutaxassislarni yetishtirib bermoqda.
Respublikamiz farmatsevtika sanoati ham izchil rivojlanib, arzon va sifatli dori vositalarini kafolatlangan tarzda yetkazib berish, ularga narx belgilashning taʼsirchan shakllari ishlab chiqilmoqda.
Sogʻliqni saqlash tizimini moliyalashtirish hajmi bir necha barobarga oshirilishi islohotlar natijadorligini taʼminlashga xizmat qilmoqda. Masalan, 2017 yilda sohaga 7,1 trillion soʻm yoʻnaltirilgan boʻlsa, 2019 yilda bu koʻrsatkich 12,1 trillion soʻmga yetdi. Bu oʻtgan yillarga qaraganda 1,6 barobar koʻp demakdir.
Dori-darmonlar va tibbiy buyumlar xarid qilish hamda tibbiyot obyektlarini qurish-taʼmirlash ishlariga ajratilayotgan mablagʻlar hajmi ham 3 barobarga ortdi.
Soʻnggi uch yilda 1300 dan ortiq davolash muassasasida qurilish-taʼmirlash ishlari bajarilib, ular 2019 yilning oʻzida 100 million AQSH dollari miqdoridagi zamonaviy va yuqori texnologik asbob-uskunalar bilan jihozlandi.
Davlatimiz tomonidan shifokorlarning zalvorli mehnatini munosib qadrlash, ularning ish va turmush sharoitlarini yaxshilash, zamonaviy uy-joylar bilan taʼminlash, moddiy va maʼnaviy jihatdan ragʻbatlantirishga jiddiy yondashilmoqda. Bu kabi har tomonlama qoʻllab-quvvatlash ishlari bundan keyin ham izchil davom ettiriladi.
Muhtaram yurtdoshlar!
Mazkur tarmoqda boshlagan islohotlarimizni jadal davom ettirish, tibbiy xizmatning sifatini oshirish, sohaga innovatsiyalar hamda eng soʻnggi yangiliklarni joriy etish eng avvalo soha mutasaddilari, olim va shifokorlar, hamshiralar zimmasiga katta masʼuliyat yuklaydi.
Majburiy tibbiy sugʻurtalash tizimini bosqichma-bosqich joriy etish, Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Tibbiy-ijtimoiy xizmatlar agentligi faoliyatini samarali yoʻlga qoʻyish, tibbiy taʼlim va ilm-fanni yuqori bosqichga koʻtarish singari juda muhim vazifalar oldimizda turibdi.
Hech shubhasiz, sidqidildan va jonbozlik bilan mehnat qilib kelayotgan siz, fidoyi yurtdoshlarimiz butun salohiyat va tajribangiz, kuch va gʻayratingizni safarbar etib, ana shunday ulkan va masʼuliyatli vazifalarni sharaf bilan ado etishga qodirsiz.
Barchamiz bir haqiqatni esdan chiqarmasligimiz lozim: tibbiyot xodimlari – salomatligimiz posbonlaridir. Sizlar oʻzingizning boy bilim va mahoratingiz, ilgʻor malaka va koʻnikma, begʻaraz xizmatingiz, kasbingizga mehr va sadoqatingiz bilan xalqimizning ishonchini yanada chuqurroq qozonasiz, deb ishonaman.
Qadrli tibbiyot xodimlari!
Sizlarni qutlugʻ kasb bayramingiz bilan yana bir bor samimiy muborakbod etib, barchangizga sihat-salomatlik, ulkan zafarlar, oilaviy baxt-saodat, xonadonlaringizga fayzu baraka yor boʻlishini tilayman.
Shavkat Mirziyoyev,
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti