Oʻzbekiston Soʻz erkinligi indeksining 2022 yilgi reytingida 24 pogʻona yuqoriladi

0
320
marta koʻrilgan.

«Chegarasiz reportyorlar» xalqaro nohukumat tashkiloti tomonidan tuziladigan Soʻz erkinligi indeksining 2022 yilgi reytingida Oʻzbekiston oʻz koʻrsatkichlarini 24 pozitsiyaga yaxshilab, 157-oʻrindan 133-oʻringa koʻtarildi.

Ushbu natija mamlakatimizda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida soʻz va matbuot erkinligi hamda ochiqlikni taʼminlash borasida olib borilayotgan islohotlar davlat siyosati darajasiga koʻtarilgani bilan bevosita bogʻliq. Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonning axborot siyosati keskin oʻzgardi. Amaldagi qonun hujjatlariga tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilib, jinoiy javobgarlik liberallashtirildi. Xususan, tuhmat va haqorat uchun ozodlikdan mahrum qilish jazosi bekor qilindi. Jurnalist va blogerlarning qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularga yaqindan koʻmaklashish, axborot xizmatlari faoliyatini yaxshilashga ustuvor ahamiyat berilmoqda.

Sohadagi eng muhim oʻzgarishlardan biri — davlat organlari faoliyatining ochiqligi. Bugun jurnalistlar yoki aholining savollari deyarli javobsiz qolmayapti — media tadbirlar, intervyular, turli masalalar yuzasidan rasmiy izohlar soni va salmogʻi sezilarli ravishda oshdi. OAV va axborot xizmatlari oʻrtasidagi hamkorlik kuchaydi.

Ushbu jarayon nafaqat markazda, balki hududlarda ham izchillik bilan davom etyapti. Jurnalist va blogerlar faoliyatini demokratik tamoyillar asosida qoʻllab-quvvatlash, ularning axborot olish va tarqatish huquqlarining muhofazasini yanada kuchaytirish maqsadida AOKA hududiy boshqarmalari qoshida «Dialog-maydoncha»lari tashkil etildi. Hozirga qadar ushbu tuzilmaning ekspertlar guruhi tomonidan samarali ishlar amalga oshirib kelinmoqda. 

Shuningdek, AOKA tomonidan  1213 raqamli Call-markaz faoliyati yoʻlga qoʻyilgan. Bu orqali aholi va axborot sohasi vakillari uchun huquqiy maslahatlar, yoʻl-yoʻriqlar berib borilmoqda.

Albatta, zimmamizda hali bajarilishi lozim boʻlgan vazifalar koʻp. Sohani yanada takomillashtirish, soʻz va matbuot erkinligi yoʻnalishidagi ishlar samaradorligini oshirish boʻyicha koʻplab loyihalar kutib turibdi. Ishonamizki, amalga oshirilayotgan ishlar xalqaro media tashkilotlar eʼtiboridan chetda qolmaydi va kelgusi reytinglarda ham bunga munosib baho beriladi.

Manbaa: AOKA. UZ

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.