Oʻzbekiston sportchilarining navbatdagi yozgi va qishki Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlarida muvaffaqiyatli ishtirok etishi uchun tayyorgarlik ishlarini jadallashtirish, shuningdek, gʻolib va sovrindor boʻlgan sportchilarni pul mukofotlari bilan ragʻbatlantirish maqsadida:
1. Belgilab qoʻyilsinki:
a) 2024 yil Parij shahrida (Fransiya) boʻlib oʻtadigan XXXIII yozgi Olimpiya va XVII Paralimpiya oʻyinlarida (keyingi oʻrinlarda – Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlari) gʻolib va sovrindor boʻlgan Oʻzbekiston sportchilari quyidagi miqdorda bir martalik pul mukofoti bilan ragʻbatlantiriladi:
oltin medal uchun – 200 000 AQSH dollari;
kumush medal uchun – 100 000 AQSH dollari;
bronza medal uchun – 50 000 AQSH dollari;
b) mazkur bandda nazarda tutilgan xarajatlar Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan qoplanadi.
2.Transport vazirligi (I.Maxkamov) Turizm va sport vazirligi bilan birgalikda Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlariga tayyorgarlik qilish jarayonida respublika hududida oʻtkazilayotgan sport musobaqalari, oʻquv-mashgʻulotlar yigʻinlarida olimpiya va paralimpiya sport turlari boʻyicha terma jamoa aʼzolarining ishtirokini taʼminlash uchun viloyatlararo yoʻnalishlar boʻyicha (temir yoʻl va aviachipta) transport xarajatlariga 2022 yil 1 martdan 2024 yil 1 sentyabrga qadar chegirmalar joriy etsin.
3. Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlariga Oʻzbekiston sportchilarini tayyorlash boʻyicha Respublika komissiyasi (keyingi oʻrinlarda – Respublika komissiyasi) tomonidan belgilanadigan homiy tashkilotlarning:
Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlarida ishtirok etish huquqi uchun litsenziyani qoʻlga kiritishga tayyorgarlik koʻrayotgan Oʻzbekiston sportchilariga zarur shart-sharoitlar yaratish hamda ularni qoʻllab-quvvatlash maqsadida homiylik xayriya yordamini koʻrsatish;
homiylik xayriya yordami sifatida ajratiladigan mablagʻlarni Respublika komissiyasi tomonidan tasdiqlangan reja-grafikka asosan toʻlab borish;
Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi, Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasi, sport federatsiya (assotsiatsiya)lariga ajratilgan pul mablagʻlaridan oqilona, tejamkor, samarali va maqsadli foydalanilganligi haqida har chorakda ularning hisobotini eshitib borish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
Homiy tashkilotlarning tegishli boshqaruv organlari bir oy muddatda homiylik xayriya yordami sifatida ajratiladigan mablagʻlarni tasdiqlangan reja-grafikka asosan toʻlab borish toʻgʻrisida qarorlarni qabul qilsin, ajratilgan pul mablagʻlaridan oqilona, tejamkor, samarali va maqsadli foydalanilishi ustidan jamoatchilik nazoratini oʻrnatsin, natijalari haqida ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilsin.
Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlariga Oʻzbekiston sportchilarini tayyorlash boʻyicha Respublika komissiyasi (A.Aripov, A.Abduxakimov) Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlariga tayyorgarlik qilish jarayonida yuqori koʻrsatkichlarni qayd etgan homiy tashkilotlarni mukofotlash choralarini koʻrsin, zarur hollarda taklif kiritsin.
4. Maʼlumot uchun qabul qilinsinki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 5 noyabrdagi PQ-5281-son qarori bilan tasdiqlangan 2024 yil Parij shahrida (Fransiya) boʻlib oʻtadigan XXXIII yozgi Olimpiya va XVII Paralimpiya oʻyinlariga Oʻzbekiston sportchilarini tayyorlash dasturida sportning dzyudo, taekvondo (WT), ogʻir atletika, sport kurashlari, stol tennisi turlarini rivojlantirish boʻyicha vazifa belgilangan.
Bosh vazir oʻrinbosari A.Abduxakimov Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi, Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasi, Moliya vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda hamda tegishli sport federatsiyalari (assotsiatsiyalari)ni jalb etgan holda:
2022 yil 1 mayga qadar – sportning dzyudo turini rivojlantirish boʻyicha;
2022 yil 1 iyunga qadar – sportning taekvondo (WT) va sport kurashlari turlarini rivojlantirish boʻyicha;
2022 yil 1 iyulga qadar – sportning ogʻir atletika va stol tennisi turlarini rivojlantirish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qarorlari loyihalarini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritsin.
5.Bosh vazir oʻrinbosari A.Abduxakimov Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi, Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasi, Oʻzbekiston qishki sport turlari assotsiatsiyasi hamda tegishli sport federatsiyalari (assotsiatsiyalari)ni jalb etgan holda 2022 yil Pekin shahrida (Xitoy) boʻlib oʻtayotgan XXIV qishki Olimpiya va XIII Paralimpiya oʻyinlari natijalaridan kelib chiqib:
2022 yil 1 aprelga qadar – Oʻzbekistonda qishki sport turlarini kompleks rivojlantirishni;
2022 yil 1 iyulga qadar – 2026 yil Milan shahrida (Italiya) boʻlib oʻtadigan XXV qishki Olimpiya va XIV Paralimpiya oʻyinlariga Oʻzbekiston sportchilarini kompleks tayyorlashni nazarda tutuvchi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qarorlari loyihalarini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritsin.
6.Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qarori bilan belgilangan Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlarida qatnashish huquqini beruvchi litsenziyalarning, shuningdek, ishtirok etiladigan sport turlarining sonini kamaytirish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining tegishli boʻlinmalari bilan kelishilgan holda Respublika komissiyasi tomonidan amalga oshiriladi.
7.Turizm va sport vazirligi, Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi, Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasi bilan birgalikda ikki oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2028 yil Los-Andjeles shahrida (AQSH) boʻlib oʻtadigan XXXIV yozgi Olimpiya va XVIII Paralimpiya oʻyinlariga Oʻzbekiston sportchilarini kompleks tayyorlash toʻgʻrisida”gi qarori loyihasini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin. Bunda, quyidagilar nazarda tutilsin:
Olimpiya va Paralimpiya dasturlariga kiritilgan sport turlari boʻyicha, ayniqsa, jamoaviy sport turlari (basketbol, gandbol, voleybol, chim ustida xokkey, regbi, suv polosi va boshqalar) boʻyicha litsenziyalar sonini sezilarli darajada koʻpaytirish;
Los-Andjeles shahrida boʻlib oʻtadigan Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlariga Oʻzbekiston sportchilarini saralash va tayyorlash dasturi;
Los-Andjeles shahrida boʻlib oʻtadigan Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlariga tayyorgarlik koʻrish boʻyicha maqsadli koʻrsatkichlar;
Los-Andjeles shahrida boʻlib oʻtadigan Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlariga tayyorgarlik koʻruvchi Oʻzbekiston milliy terma jamoalarining kontingenti;
Los-Andjeles shahrida boʻlib oʻtadigan Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlariga Oʻzbekiston sportchilarini tayyorlash maqsadida sport federatsiya (assotsiatsiya)lariga biriktirilgan sport bazalari roʻyxati;
Los-Andjeles shahrida boʻlib oʻtadigan Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlariga Oʻzbekiston sportchilarini tayyorlash boʻyicha Respublika komissiyasi tarkibi hamda komissiya toʻgʻrisida nizom tasdiqlanishi;
Los-Andjeles shahrida boʻlib oʻtadigan Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlarida ishtirok etish uchun talabgorlar oʻrtasida ayol sportchilar ulushini oshirish, sportchilarni saralash va tayyorlashda gender tengligini taʼminlash;
sport farmakologiyasi, psixologiyasi, tibbiyoti va diyetologiyasini takomillashtirish, ularni xalqaro standartlarga moslashtirish.
8. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Bosh vazir oʻrinbosari A.A.Abduxakimov, Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi raisi R.M.Shaabduraxmanov va Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasi raisi M.M.Tashxodjayev belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A.Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.
Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan har yili 1 yanvargacha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot berib borilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV