«Oʻzbekiston talabalar sporti Assotsiatsiyasi»ga asos solindi

0
627
marta koʻrilgan.
30 mart kuni Milliy olimpiya qoʻmitasi anjumanlar zalida respublikamizdagi oliy taʼlim muassasalarida faoliyat olib borayotgan bir qator mutasaddi hodimlar ishtirokida yigʻilish oʻtkazildi.
 
Unda shuningdek, Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi Prezidenti Umid Ahmadjonov, Bosh kotib Jasur Matchanov, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Adliya vazirligi, «Barkamol avlod» sport jamiyati va «Talaba» sport Assotsiatsiyasi vakillari ham ishtirok etishdi. 
 
«Xabaringiz bor, bugungi kunda talabalarimizni sportga jalb qilish masalasini ham alohida koʻrib chiqyapmiz. Bundan buyon talabalar oʻrtasida jamoaviy sport tularini rivojlantirishimiz kerak. Respublikamizda 80 dan ortiq oliy oʻquv yurtlari mavjud. Endi ular oʻrtasida turli musobaqalar tashkil qilamiz. Yaxshi bilamiz, mamlakatimizdagi barcha oliy oʻquv yurtlarida sport bilan shugʻullanish uchun yaxshi sharoitlar bor. Aniqroq aytadigan boʻlsam, u yerda tayyor bazalar mavjud. Talabalar ichidan ham kuchli sportchilarni saralab olishimiz kerak. 
 
Yangi taqvim-reja ishlab chiqib, qiziqarli va ommabop musobaqalar yangi yoʻnalishda tashkil qilinadi. Bunday turnirlar talabalarning oʻzi uchun ham juda qiziq boʻladi deb oʻylaymiz.
 
Maqsadimiz barcha talabalarni sportga jalb qilib olish. Ular oʻqishdan boʻsh vaqtida sport bilan shugʻullanishsin», — dedi Milliy olimpiya qoʻmitasi rahbari Umid Ahmadjonov. 
 
Shundan soʻng Bosh kotib Jasur Matchanov konferensiya kun tartibi bilan tanishtirib oʻtdi.
 
Hisobot saylov-konferensiyasida bungacha faoliyat olib borgan “Barkamol avlod”  sport jamiyati hamda “Talaba” sport assotsiatsiyasi negizida yangi “Oʻzbekiston talabalar sporti Assotsiatsiyasi” tashkil qilish taklifi berildi. Mazkur taklif yigʻilish ishtirokchilari tomonidan bir ovozdan maʼqullandi. 
 
Yangi Assotsiatsiya raisi lavozimiga Oʻzbekiston Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri Inom Urishevich Majidov nomzodi taklif etildi. Delegatlar bir ovozdan ushbu nomzodni qoʻllab-quvvatladilar. Bosh kotib lavozimiga esa Oʻzbekiston «Barkamol avlod» sport jamiyati Markaziy Kengashi raisining birinchi oʻrinbosari Erkin Ibragimovich Qodirov saylandi. 
 
Shuningdek, Assotsiatsiya vitse-prezidentlari lavozimlariga Oʻzbekiston sport fahriylari kengashi raisi, Milliy olimpiya qoʻmitasi Prezidenti maslahatchisi Komiljon Xudoyberganov, Sport fahriylari kengashi raisi maslahatchisi Rashid Qodirov, Toshkent davlat Iqtisodiyot universiteti kafedra mudiri Aleksandr Istominlar saylanishdi. 
 
Konferensiyada shuningdek, Assotsiatsiya Ijroiya qoʻmitasi va uning nizomi tasdiqlandi. 
 
“Oʻzbekiston talabalar sporti assotsiatsiyasi” Milliy olimpiya qoʻmitasi bilan hamkorlikda ish olib boradi. Oʻz navbatida Umid Ahmadjonov yangi tashkil etilgan Assotsiatsiyaga zarur yordam koʻrsatilishi va moliyaviy tomondan qoʻllab quvvatlanishini ham taʼkidlab oʻtdi. 
 
Yigʻilishda Assotsiatsiya vitse-prezidentligiga saylangan Komiljon Xudoyberganov soʻz olib, ishni toʻgʻri yoʻlga qoʻyib olish uchun barcha sharoitlar bor ekanligi, mavjud kamchiliklar esa bartaraf etilishi haqida gapirdi. 
 
Bundan buyon yurtimizda tashkil qilinadigan uch bosqichli sport oʻyinlari endi boshqacha yoʻnalishda, yangi formatda oʻtkazilishi maʼlum qilindi. Konferensiya davomida bundan buyon oliy oʻquv yurtlarida sportning voleybol, basketbol, gandbol va stol tennisi boʻyicha terma jamoalar tashkil etish va mazkur jamoalar oʻrtasida muntazam musobaqalar oʻtkazish tizimini ishlab chiqish boʻyicha mutasaddi xodimlarga tegishli koʻrsatmalar berildi. 
 
“Maqsadimiz talabalarni ommaviy tarzda sportga jalb qilish va shu orqali yoshlar orasida sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish. Ularning oʻqishdan boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazishlariga sharoit yaratish. Avval hududiy keyinchalik esa Respublika miqyosida boʻlib oʻtadigan musobaqalar orqali mamlakat terma jamoasini shakllantiramiz. Sportchi-talabalar orasida eng munosiblari keyinchalilk Butunjahon Universiada oʻyinlarida yurtimiz sharafini himoya qilishadi, — dedi MOQ rahbari.
 
Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.