Oʻzbekiston tarixida birinchi marta  ilm va innovatsiyani rivojlantirib, qishloq xoʻjaligida boshqaruvni xalqaro standartlar asosida tashkil etishga mablagʻ yoʻnaltirilmoqda

0
133
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev  raisligida 23 iyul kuni boʻlib oʻtgan  videoselektor yigʻilishida qishloq va suv xoʻjaligidagi iqtisodiy islohotlarni jadallashtirish va bozor munosabatlarini yanada rivojlantirish boʻyicha belgilangan vazifalar ijrosi muhokama qilindi.

Mamlakat oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashdan boshlab, qayta ishlash va eksportdan qoʻshimcha daromad olishgacha boʻlgan juda koʻp masalalar aynan qishloq xoʻjaligi rivoji bilan bogʻliq. Shuning uchun davlatimiz tomonidan qishloq xoʻjaligini tubdan isloh qilib, bozor mexanizmlarini joriy etish, rezerv va imkoniyatlardan toʻliq foydalanish, ishlab chiqarishni ilmiy asosda tashkil qilishga kirishildi. Prezidentning 2019 yil 23 oktyabrdagi farmoni bilan qabul qilingan Qishloq xoʻjaligini 2030 yilgacha rivojlantirish strategiyasida bu boradagi eng dolzarb va istiqbolli vazifalar belgilab berildi.

Sohani modernizatsiya qilish boʻyicha 500 million dollarlik loyihani amalga oshirish yuzasidan Jahon banki bilan kelishuvga erishildi. Oʻzbekiston tarixida birinchi marta ilm va innovatsiyani rivojlantirib, tarmoqda boshqaruvni xalqaro standartlar asosida tashkil etishga mablagʻ yoʻnaltirilmoqda.

Bugungi yigʻilishda aynan shu masalalarga birinchi navbatda eʼtibor qaratildi. Agrar soha rivojlangan davlatlarda qoʻllanilayotgan “Qishloq xoʻjaligida bilim va innovatsiyalarni oʻz ichiga olgan xizmatlar tizimi”ni yurtimizda ham joriy etib, ilm bilan ishlab chiqarishning oʻzaro bogʻliqligini taʼminlash muhimligi taʼkidlandi.

Mazkur loyiha doirasida shu yoʻnalishdagi 8 ta ilmiy-tadqiqot instituti, shuningdek, Qishloq xoʻjaligi vazirligi tarkibidagi bir qator tashkilotlar faoliyati tubdan isloh qilinib, zamonaviy laboratoriyalar va uskunalar bilan jihozlanadi. Buning uchun Jahon bankining 124 million dollar investitsiyasi va Yevropa Ittifoqining 2 million dollar grant mablagʻlari yoʻnaltiriladi.

Bosh vazir oʻrinbosari Oʻktam Barnoyevga xalqaro ekspertlar bilan birga ilmiy-tadqiqot institutlari faoliyatini chuqur tahlil qilib, ularni tubdan takomillashtirish boʻyicha har bir institut uchun alohida “yoʻl xaritasi” ishlab chiqish topshirildi. Bu muassasalarga zamonaviy bilimga ega, ilmiy yangiliklarni amaliyotga joriy qiladigan salohiyatli kadrlarni jalb etish muhimligi aytildi.

– Qishloq xoʻjaligi vazirligi bu imkoniyatdan toʻgʻri foydalangan holda, eskicha ishlash uslubidan toʻliq voz kechib, fermerlarga yaxshi xizmat koʻrsatish va yangi servis turlarini kengaytirishga oʻtishi kerak. Bir soʻz bilan aytganda, vazirlik va uning tarkibidagi tashkilotlar faoliyati transformatsiya qilinishi zarur, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Raqamli texnologiyalardan foydalanilayotgan loyihalar samaradorligi qayd etilib, bu boradagi ishlarning borishi muhokama qilindi.

Meva-sabzavotchilik kooperativ va klasterlari faoliyatini qoʻllab-quvvatlash uchun 212 million dollar ajratilishi belgilangan.

Prezident ichki bozorni arzon mahsulotlar bilan taʼminlash, “daladan isteʼmolchigacha” tizimini joriy etishda meva-sabzavotchilik klasterlari asosiy drayver boʻlishi kerakligini taʼkidladi.

Shu bois, ajratilayotgan mablagʻni toʻgʻri yoʻnaltirib, bir soʻmni ikki soʻm qiladigan loyihalarni ishlab chiqish, buning uchun mahsulotlarni qayta ishlash, saqlash va eksportga tayyorlash quvvatlarini oshirishga alohida ahamiyat qaratish zarurligi aytildi.

Tumanlarni qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirishga ixtisoslashtirish masalasi ham koʻrib chiqildi. Bu borada Jizzax viloyati namuna boʻlib, kelgusi uch yilda viloyatda qariyb 120 ming gektarga yaqin yer oʻzlashtirilishi, bogʻ va tokzorlar tashkil qilinib, moyli ekinlar ekilishi rejalashtirilgan.

Bu tajribani bosqichma-bosqich barcha hududlarda joriy qilish, har bir tumanda koʻpi bilan 3-4 ta eksportbop va yuqori daromad beruvchi mahsulot yetishtirishni yoʻlga qoʻyish zarurligi qayd etildi.

2021 yil yakunigacha 3 ming gektarda plantatsiya shaklida intensiv bogʻlar barpo etib, yangi tartib asosida aholiga 1-1,5 gektardan tarqatgan holda, 2-2,5 ming oilaning bandligini taʼminlash boʻyicha topshiriq berildi.

Yigʻilishda suvdan oqilona foydalanish masalalari haqida ham soʻz yuritildi.

Davlatimiz rahbarining shu yil 10 iyuldagi farmoni bilan tasdiqlangan Suv xoʻjaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga moʻljallangan konsepsiyasida bu boradagi barcha jihatlar belgilab berilgan. Jumladan, kanallarning foydali ish koeffitsiyentini oshirish hamda 2 million gektarda suv tejovchi, shundan 600 ming gektarda tomchilatib sugʻorish texnologiyasini joriy qilish hisobiga yiliga 7 milliard kub metr suvni iqtisod qilish koʻzda tutilgan. Shuningdek, raqamlashtirish hisobiga elektr energiyasi sarfini 2 milliard kilovatt soatga qisqartirish kabi koʻrsatkichlar belgilangan.

Suv xoʻjaligi vazirligi bu vazifalar ijrosini oʻz vaqtida taʼminlashi, xalqaro ekspertlarni jalb qilib, yangicha uslubda ishlashi zarurligi taʼkidlandi. 2025 yilga qadar sohani toʻliq raqamlashtirish, jumladan, suvni nazorat qilish va hisobini onlayn tarzda yuritish boʻyicha dasturiy mahsulot ishlab chiqish yuzasidan koʻrsatmalar berildi.

Prezidentimiz gʻalla yetishtirish yakunlariga toʻxtalib, shunday murakkab sharoitda ham dala mehnatkashlari omilkorlik bilan 6 million 400 ming tonnadan ortiq gʻalla hosili yetishtirganini taʼkidladi. Buning uchun barcha fermer, dehqon va klasterlarga xalqimiz nomidan chuqur minnatdorlik bildirdi.

Videoselektorda, shuningdek, gʻoʻza parvarishi boʻyicha agrotexnik tadbirlarni oʻz vaqtida oʻtkazish hamda takroriy ekinlar ekish masalalariga ham eʼtibor qaratildi.

– Umuman olganda, qishloq xoʻjaligini tubdan isloh qilish va sohada bozor iqtisodiyotini keng joriy etish boʻyicha tegishli qarorlar qabul qilinib, ustuvor vazifalar belgilab berilgan. Ularning ijrosi mamlakat oziq-ovqat xavfsizligiga, eng asosiysi, xalqimizning kayfiyati va turmush tarziga taʼsir koʻrsatadigan juda muhim masala, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Soha mutasaddilari va hokimlar topshiriqlar ijrosini tashkil etish, aytib oʻtilgan kamchiliklarni bartaraf qilish chora-tadbirlari yuzasidan axborot berdi.

Yigʻilish soʻngida davlatimiz rahbari yana bir bor pandemiya masalasiga toʻxtaldi:

— Yana bir marta xalqimizga murojaat qilib, iltimos qilmoqchiman. Oʻtgan davrda juda katta tajriba orttirdik. Keyingi paytlarda iqtisodiyotimizni tiklash uchun karantin tartibini yumshatdik, lekin kasallanganlar va oʻlimlar soni koʻpaygani bizni, albatta, katta tashvishga solmoqda.

Oʻzimizni, farzandlarimizni, aziz ota-onalarimizni asraylik. Faqat va faqat sogʻligʻimizni oʻzimiz asrab, oila aʼzolarimizni, qarindoshlarimizni sogʻligʻiga ogoh boʻlib, yigʻinlarni kamaytirib, karantin normalariga rioya qilsak, kasallikni jilovlab olamiz. 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.