Qadrli doʻstlar!
Hurmatli temiryoʻlchilar!
«Oʻzbekiston temir yoʻllari» aksiyadorlik jamiyati tizimida mehnat qilayotgan ishchi va xizmatchilar, quruvchi va muhandislar, mashinist va vagon kuzatuvchilari, soha faxriylarini, samarali mehnati bilan mamlakatimiz ravnaqiga munosib hissa qoʻshib kelayotgan barcha yurtdoshlarimizni Temiryoʻlchilar kuni bayrami bilan samimiy tabriklab, sizlarga oʻzimning ezgu tilaklarimni va chuqur hurmatimni izhor etaman.
Oʻz kasbiga sadoqatli va fidoyi sizlar kabi minglab yurtdoshlarimizning sidqidildan qilayotgan mehnati, bilim va tajribasi tufayli temir yoʻl tarmogʻi xodimlari el-yurtimiz oʻrtasida haqli ravishda obroʻ-eʼtibor va ehtiromga sazovor boʻlib kelmoqda.
Taʼkidlash joizki, mamlakatimiz temir yoʻl tizimi mustaqil davlatimiz bilan birgalikda katta taraqqiyot yoʻlini bosib oʻtdi. Oʻtgan chorak asr davomida puxta oʻylangan, uzoq muddatga moʻljallangan strategiya asosida tarmoqni har tomonlama rivojlantirish boʻyicha ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi.
«Oʻzbekiston temir yoʻllari» aksiyadorlik jamiyati tashkil etilgan kundan buyon yuk tashish hajmi 2,1 marta, yoʻlovchi tashish hajmi 2 barobar koʻpaygani, temir yoʻllar orqali 1,5 milliard tonna yuk tashilib, 370 million nafar yoʻlovchi oʻz manziliga yetkazilgani sizlarning fidokorona mehnatingiz tufayli amalga oshirilgan ishlar salmogʻi naqadar katta ekanining yaqqol tasdigʻidir.
Bugungi kunda 2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish boʻyicha qabul qilingan Harakatlar strategiyasi doirasida barcha soha va tarmoqlar singari, temir yoʻl tizimida ham tub islohotlar olib borilmoqda.
Hozirgi vaqtda mamlakatimiz boʻyicha yuklarning 60 foizdan ziyodi, yoʻlovchilarning esa 75 foizdan ortigʻi temir yoʻl transporti orqali manzillariga yetkazilayotganini inobatga oladigan boʻlsak, ushbu soha iqtisodiyotimiz rivojida qanday muhim va katta mavqeni egallab turganini yanada chuqurroq his qilamiz.
Tizimdagi sanoat korxonalari davr talabiga mos texnologiyalar bilan jihozlanib, ularda zamonaviy yoʻlovchi va yuk vagonlari ishlab chiqarilmoqda. Bu esa mamlakatimizda tobora rivojlanib borayotgan transport mashinasozligi sohasida ham temiryoʻlchilarimiz oʻzining munosib oʻrnini topganidan dalolat beradi.
Jumladan, birgina «Quyuv-mexanika zavodi» korxonasida harakatlanadigan tarkibni taʼmirlash bazasini rivojlantirish, vagonsozlikni tashkil etish va quyuv korxonasini rekonstruksiya qilishga qaratilgan katta koʻlamdagi loyihaning amalga oshirilishi natijasida yangi yuk vagonlari, koʻp tonnali konteynerlar ishlab chiqarilishini kengaytirish va yuk vagonlarini kapital taʼmirlash va qayta tiklash ishlarini yanada jadallashtirish imkoniyati yaratilmoqda.
Bugungi kunda Oʻzbekiston temir yoʻllari transmintaqaviy transport koridorlarining eng muhim boʻgʻini sifatida xalqaro temir yoʻllar tashuvi tizimida munosib oʻrin egalladi. Bu borada amalga oshirilgan katta koʻlamdagi ishlarning barchasi iqtisodiyotimizda yuksak natijalarni qoʻlga kiritishga asos boʻlmoqda. Temiryoʻlchilarimiz tomonidan istiqlol yillarida 1500 kilometrdan ortiq yangi temir yoʻllarning barpo etilgani, 1800 kilometrlik temir yoʻl liniyalarining elektrlashtirilgani mamlakatimizni modernizatsiya qilishda ulkan qadam boʻldi.
Eng asosiysi, bu oʻzgarishlar xalqimiz hayotida oʻzining ijobiy samarasini koʻrsatmoqda.
Eʼtiborli jihati shundaki, bunday ishlarimiz bugungi kunda ham izchillik bilan davom ettirilmoqda. Jumladan, hozirgi vaqtda Toshkent metropolitenining «Sergeli – Olmazor», «Doʻstlik – Rohat – Qoʻyliq bozori» yoʻnalishlarida Markaziy Osiyoda yagona boʻlgan yer usti halqa metro liniyalarini qurish ishlari jadal surʼatlar bilan olib borilayotganidan jamoatchiligimiz yaxshi xabardor.
«Oʻzbekiston temir yoʻllari» aksiyadorlik jamiyatining koʻp millatli jamoasi temir yoʻl transport kommunikatsiyalarini rivojlantirish, takomillashtirish va rekonstruksiya qilish, temir yoʻl orqali yuk va yoʻlovchi tashish xavfsizligini taʼminlash borasida ham salmoqli ishlarni amalga oshirmoqda.
Bu borada yangi temir yoʻllarning foydalanishga topshirilishi mamlakatimiz hududlarining iqtisodiy salohiyatini yanada rivojlantirish, mineral resurslar, neft va gaz, rangli metallar, qurilish materiallari va boshqa xomashyoga boy konlarni kompleks oʻzlashtirish, eng muhimi, ming-minglab yurtdoshlarimizni ish bilan taʼminlash imkonini berayotganini alohida taʼkidlash lozim.
Ispaniyaning «Talgo» kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan yuqori tezlikda harakatlanadigan «Afrosiyob» elektropoyezdlari poytaxtimizdan Samarqand, Buxoro, Qarshi kabi tarixiy shaharlarimizga qatnamoqda. Bu elektropoyezdlar qisqa muddatda xalqimiz va xorijiy mehmonlarning eʼtibori va ishonchini qozondi.
«Oʻzbekiston temir yoʻllari» aksiyadorlik jamiyati tomonidan transport sohasidagi xizmat koʻrsatish darajasi va sifatini oshirish maqsadida harakatlanadigan tarkibni zamonaviy, yuqori samarali lokomotiv va qulay vagonlar bilan taʼminlash va modernizatsiya qilish ishlariga alohida eʼtibor berilmoqda.
Bugungi kunda mamlakatimizda jahon standartlari talablariga javob beradigan 16 ta yangi temir yoʻl vokzali qurildi, 10 ta vokzal qayta qurildi va deyarli barcha stansiyalar xalqaro sifat standartlari talablari darajasidagi yuqori texnologiyalar bilan jihozlandi.
Temir yoʻl transporti kommunikatsiyalari va infratuzilmani rivojlantirish uchun 8 milliard dollardan ortiq mablagʻ yoʻnaltirildi, shundan 2,6 milliard dollari xorijiy investitsiyalardir.
Temiryoʻlchilarimiz yana bir yoʻnalish — koʻmir sanoatini texnik jihatdan qayta jihozlash, modernizatsiya qilish, kon ishlarining samaradorligini oshirish, resurslarni tejaydigan yangi, progressiv texnologiyalarni joriy etish, aholiga koʻmir mahsulotlarini yetkazib berish ishlarida ham oʻzlarining yuqori salohiyatini namoyon etmoqdalar.
Sizlarning fidokorona mehnat qilib, uzogʻimizni yaqin qiladigan ravon yoʻllar, Toshkent shahrida va yurtimizning boshqa hududlarida oʻnlab zamonaviy koʻpriklar qurib, Vatanimiz obodligiga munosib hissa qoʻshayotganingiz alohida tahsinga sazovor.
Shuningdek, temir yoʻl sohasi ishchi-xodimlarining «Obod qishloq», «Obod mahalla» dasturlari doirasida ijtimoiy sohada, xususan, tabiiy sharoiti, iqlimi ogʻir hududlarga toza ichimlik suvi yetkazib berish, qishloq va mahallalarni obod qilish, xalqimiz farovonligini oshirish, arzon uy-joylar, taʼlim-tarbiya, sogʻliqni saqlash muassasalari, madaniyat va sport maskanlarini barpo etish yoʻlida olib borayotgan ezgu ishlarini mamnuniyat bilan taʼkidlashni istardim.
Oʻzbekiston temiryoʻl tarmogʻining kelajagi, avvalo, sohaga zamonaviy bilimga ega, ilgʻor texnologiyalarni puxta oʻzlashtirgan, oʻz kasbiga sodiq, Vatanimizga farzandlik mehri bilan yashaydigan yosh mutaxassis va ishchilarni keng jalb etish bilan bevosita bogʻliqdir.
Yurtimizdagi 3 ta temir yoʻl kasb-hunar kolleji, akademik litsey va Toshkent temir yoʻl muhandislari institutini har yili 3 mingdan ziyod yosh mutaxassislar tamomlab, hayotga yoʻllanma olayotgani mamlakatimiz temiryoʻl transportining kelgusi taraqqiyoti uchun ishonchli poydevor boʻlib xizmat qilmoqda.
Ayni vaqtda sizlarning oldingizda yuk va yoʻlovchi tashish hajmini oshirish bilan bir qatorda, hududlarning iqtisodiy salohiyatini yanada yuksaltirish, boy mineral-xom ashyo resurslarini kompleks oʻzlashtirish, yangi ish oʻrinlarini yaratish, tarmoq korxonalari uchun mutaxassislar tayyorlash, iqtisodiyot tarmoqlari va aholining koʻmir mahsulotlariga tobora oʻsib borayotgan talabini qondirishga yoʻnaltirilgan investitsiyaviy loyihalarni amaliyotga tatbiq etish kabi muhim va ustuvor vazifalar turibdi.
Ishonamanki, 87 ming nafardan ortiq yuqori malakali, oʻz kasbiga sadoqatli, fidoyi va ilgʻor temiryoʻlchilar jamoasi bu vazifalarni chuqur his etgan holda oʻzlarining bor bilim, malaka va kuch-gʻayratlarini safarbar etib, zimmalaridagi burchlarini sharaf bilan ado etadilar.
Hurmatli temir yoʻl transporti xodimlari!
Sizlarni kasb bayramingiz bilan yana bir bor chin qalbimdan tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, olijanob faoliyatingizda va shaxsiy hayotingizda yutuq va omadlar, oilalaringizga baxtu saodat, fayzu baraka tilayman.
Shavkat Mirziyoyev,
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Shuningdek, mamlakatimiz Prezidenti farmoni bilan temir yoʻl transporti sohasi xodimlaridan bir guruhi faxriy unvon, orden va medallar bilan taqdirladi.