Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon muzokaralarni ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida kengaytirilgan tarkibda davom ettirdilar, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Oʻzbekiston bilan Tojikiston oʻrtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini, eng avvalo, siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiyaviy va madaniy-gumanitar sohalarda yanada chuqurlashtirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
– Keyingi yillarda oliy darajadagi oʻzaro ishonch va qoʻllab-quvvatlash ruhidagi faol muloqot natijasida mamlakatlarimiz oʻrtasidagi doʻstona munosabatlar misli koʻrilmagan yuqori darajaga koʻtarildi, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shu bilan birga, keng koʻlamli hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun hali ishga solinmagan ulkan salohiyat va katta imkoniyatlar mavjudligi qayd etildi.
– Bugun imzolanayotgan Ittifoqchilik munosabatlari toʻgʻrisidagi tarixiy shartnomani amalga oshirish uchun barcha darajalarda – parlamentlar, hukumatlar, tashqi siyosiy idoralar, vazirlik va hududlar oʻrtasidagi muloqotlar samaradorligini oshirish lozim, — dedi davlatimiz rahbari.
Tovar ayirboshlash hajmini 2 milliard dollarga yetkazish maqsadida chegaraoldi savdo mexanizmlari va savdo infratuzilmasini rivojlantirish muhimligi taʼkidlandi.
Prezidentlar chuqur sanoat kooperatsiyasini ragʻbatlantirish uchun energetika, elektrotexnika, metallurgiya, qazib chiqarish, toʻqimachilik, farmatsevtika, agrosanoat va boshqa tarmoqlarda muhim loyihalarni birgalikda amalga oshirish boʻyicha qatʼiy kelishuvlarga erishilganini olqishladilar.
Suvdan foydalanish masalalarida konstruktiv va oʻzaro manfaatli muloqotni davom ettirish masalalari muhokama qilindi.
Prezidentimiz hududlararo hamkorlik uchun katta salohiyatdan samarali foydalanish, tashrif doirasida erishilgan bitim va kelishuvlarni toʻliq amalga oshirish muhimligini qayd etdi.
Transport va tranzit tashishlar sohasidagi hamkorlik strategik yoʻnalish sifatida koʻrsatib oʻtildi. Prezidentlar bu borada oʻzaro manfaatli sheriklikni kengaytirish hamda havo va temir yoʻllari orqali tashishlarni rivojlantirish, tranzit yuk tashishlar hajmini oshirish uchun qulay sharoitlar yaratishni qoʻllab-quvvatladilar.
Tomonlar madaniy-gumanitar almashinuvni yanada faol qoʻllab-quvvatlashga ahdlashib oldilar.
Zamonaviy tahdid va xatarlarga qarshi kurashishda yaqin aloqalarni davom ettirish, Afgʻonistonda ijtimoiy-iqtisodiy loyihalarni ilgari surish muhimligi taʼkidlandi.
Mintaqaviy va xalqaro tuzilmalar doirasida oʻzaro qoʻllab-quvvatlashni davom ettirishga tayyorlik bildirildi.
Yigʻilish davomida Bosh vazirlar oʻrinbosarlari, transport, energetika va qishloq xoʻjaligi vazirlarining kun tartibi yuzasidan hisobotlari tinglandi.
Muzokaralar yakunida davlat rahbarlari qoʻshma “yoʻl xaritasi”ni tayyorlash hamda erishilgan kelishuvlarni samarali amalga oshirish mexanizmlarini yoʻlga qoʻyishga topshiriq berdilar.