Oʻzbekiston-Tojikiston munosabatlari ittifoqchilik darajasiga koʻtariladi

0
163
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston va Tojikiston yetakchilarining muzokaralari yakunlari boʻyicha mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari uchun brifing oʻtkazildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmonni va ushbu mamlakat delegatsiyasi aʼzolarini mehmondoʻst Oʻzbekistonga tashrifi bilan qutlab, Tojikiston bizning asrlar sinovidan oʻtgan yaqin qoʻshnimiz, sodiq doʻstimiz va ishonchli strategik sherigimiz ekanini yana bir bor taʼkidladi.

— Oʻzbekiston xalqi birodar tojik xalqi bilan tarix, madaniy-maʼnaviy meros va ajdodlarimizning ezgu anʼanalari mushtarakligiga asoslangan doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarini qadrlaydi. Yorugʻ kunlarda ham, sinovli damlarda ham biz doimo yelkama-yelka turganmiz, bir-birimizni qoʻllab-quvvatlaganmiz, – dedi davlatimiz rahbari.

Prezidentimiz birgalikdagi saʼy-harakatlar bilan ikki tomonlama munosabatlarda haqiqatdan katta marralarga erishishga, ularni juda yuqori darajaga koʻtarishga muvaffaq boʻlinganini taʼkidladi.

— Aynan shu tufayli bugun chinakam tarixiy ahamiyatga ega qaror qabul qilindi. Biz Abadiy doʻstlikni mustahkamlash va ittifoqchilik toʻgʻrisidagi deklaratsiyani imzoladik, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

— Oʻzbekiston Prezidenti mamlakatlarimiz oʻrtasidagi aloqalarni rivojlantirishga qoʻshgan shaxsiy hissasini Tojikistonda juda qadrlashadi. Joriy yil oktyabr oyida Tojikiston va Oʻzbekiston diplomatik munosabatlar oʻrnatilganining oʻttiz yilligini nishonlaydilar. Ahamiyatlisi, biz uchun muhim boʻlgan aynan shu yilda munosabatlarimizni ittifoqchilik darajasiga koʻtarish boʻyicha tarixiy qaror qabul qildik, — dedi Emomali Rahmon.

Keyingi yillarda ikki tomonlama tovar ayirboshlash hajmi qariyb 40 barobarga, joriy yil boshidan esa 35 foizga oshgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Tashrif arafasida Dushanbe shahrida Hukumatlararo komissiya yigʻilishi, Toshkent shahrida esa biznes forum oʻtkazilib, ularning yakunida qiymati 1 milliard dollardan ziyod salmoqli hujjat va shartnomalar imzolandi, sanoat kooperatsiyasi boʻyicha “yoʻl xaritasi” tasdiqlandi.

Shu yil 20 iyun kunidan boshlab Toshkent-Dushanbe yoʻnalishida yoʻlovchi poyezdining qatnovi yoʻlga qoʻyiladi.

Tomonlar yangi tranzit yoʻlaklarini shakllantirish va zamonaviy logistika infratuzilmasini yaratish, havo, temir yoʻl transporti va avtobuslar qatnovini koʻpaytirish, birgalikda agroklasterlar va zamonaviy ishlab chiqarish korxonalarini tashkil etish, meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash va uchinchi mamlakatlar bozorlariga chiqishga kelishib oldilar.

Energetika va suvdan oqilona foydalanish borasida samarali hamkorlik uchun noyob imkoniyatlar mavjudligi qayd etildi. Shu munosabat bilan Tojikiston Prezidentining Muzliklarni asrash xalqaro fondini tashkil etish va 2025 yilni Muzliklarni himoya qilish xalqaro yili deb eʼlon qilish tashabbusi qoʻllab-quvvatlandi.

Muzokaralarda parlamentlararo muloqot va xalq diplomatiyasini yanada kengaytirish, hududlararo aloqalarni rivojlantirish va madaniy-gumanitar hamkorlikni mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratildi.

— Birodar xalqlarimizni oʻzaro boyitish va yaqinlashtirishga, mamlakatlarimiz rivojiga munosib hissa qoʻshayotgan milliatlarimizning koʻp sonli vakillari bizni birlashtiruvchi omil boʻlib xizmat qilmoqda. Biz milliy madaniy markazlarning muvaffaqiyatli faoliyati uchun bundan buyon ham zarur sharoitlar yaratishga tayyor ekanimizni tasdiqladik, — dedi Oʻzbekiston Prezidenti.

Bundan tashqari, Oʻzbekiston har yili Tojikiston fuqarolari uchun ajratiladigan taʼlim grantlari sonini koʻpaytirmoqchi.

Mamlakatlarimizda kino, madaniyat kunlari va turli festivallarni muntazam oʻtkazib borish davom ettiriladi.

Maʼlumki, joriy yilda buyuk shoirlarimiz Alisher Navoiy va Abdurahmon Jomiyning yaqin doʻstligiga bagʻishlangan qoʻshma filmni suratga olish boshlanadi.

— Oʻylaymanki, film namoyishi davlatlarimiz oʻrtasidagi diplomatik munosabatlarning 30 yilligini keng nishonlash doirasida uzoq kutilgan voqea boʻladi, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Muzokaralar chogʻida Oʻzbekiston va Tojikiston yetakchilari mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlik masalalari yuzasidan ham fikr almashdilar, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari Maslahat uchrashuvlarining alohida ahamiyatini, xalqaro tashkilot va tuzilmalar doirasida konstruktiv muloqot va oʻzaro koʻmakni davom ettirish zarurligini qayd etdilar.

Tadbir yakunida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmonning tarixiy tashrifi natijalari, hech shubhasiz, xalqlarimiz oʻrtasidagi koʻp asrlik doʻstlik, oʻzaro anglashuv va yaxshi qoʻshnichilik rishtalarini yanada mustahkamlashga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.