Oʻzbekiston – Turkiya: hamkorlikning yangi bosqichi

0
175
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdoʻgʻonning taklifiga binoan 2017 yil 25 oktyabr kuni davlat tashrifi bilan Turkiyaga keldi, deya xabar bermoqda Prezident.uz saytida. 

Ikki mamlakat davlat bayroqlari bilan bezatilgan Esonbugʻa xalqaro aeroportida davlatimiz rahbarini Turkiya Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Bekir Bozdagʻ va boshqa rasmiy kishilar kutib oldi. 

Shavkat Mirziyoyev Anitkabir yodgorlik majmuasiga tashrif buyurib, Turkiya Respublikasining birinchi Prezidenti Mustafo Kamol Otaturk xotirasiga hurmat bajo keltirdi. 

Tashrifning asosiy tadbirlari Turkiya Respublikasi Prezidenti saroyida boʻlib oʻtdi. Rasmiy kutib olish marosimidan soʻng Shavkat Mirziyoyev va Rejep Tayyip Erdoʻgʻon tor doirada uchrashuv oʻtkazdi. Unda Oʻzbekiston bilan Turkiya oʻrtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-kommunikatsiya va boshqa sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi, mintaqaviy va xalqaro muammolar yuzasidan fikr almashildi. 

Turkiya Respublikasi Oʻzbekiston Respublikasining davlat mustaqilligini birinchi boʻlib tan olgan. 1996 yilda mamlakatlarimiz oʻrtasida Abadiy doʻstlik va hamkorlik toʻgʻrisidagi shartnoma imzolangan. 

Oʻzbekiston va Turkiya hamkorligi ikki tomon uchun ham manfaatli. Mamlakatimizning bozori, tobora erkinlashayotgan iqtisodiyoti, qulay investitsiyaviy muhiti Turkiyani qiziqtiradi. Ushbu mamlakatning rivojlangan sanoati, transport kommunikatsiyalari, dengiz yoʻllari, qishloq xoʻjaligi va turizm salohiyati Oʻzbekistonga foyda keltiradi. 

2016 yil noyabrda Prezident Rejep Tayyip Erdoʻgʻonning mamlakatimizga tashrifi Turkiya Oʻzbekiston bilan hamkorlikni mustahkamlashdan manfaatdor ekanini namoyon etdi. Davlat rahbarlari joriy yil 14 may kuni Pekinda oʻtgan “Bir makon, bir yoʻl” forumi, 10 sentyabr kuni Ostona shahrida boʻlgan Islom hamkorlik tashkilotining Fan va texnologiyalar boʻyicha sammiti doirasida muzokaralar oʻtkazdi. Shuningdek, sentyabr oyida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasi doirasida uchrashdi. 

Mamlakatlarimiz oʻrtasida turli darajadagi oʻzaro tashriflar faollashdi. Joriy yilning oʻzida Turkiya Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari, tashqi ishlar vaziri, milliy mudofaa vaziri boshchiligidagi delegatsiyalar Oʻzbekistonda, mamlakatimiz Bosh vaziri oʻrinbosarlari, mudofaa vaziri rahbarligidagi delegatsiyalar Turkiyada boʻldi. Qator qoʻshma tadbir va forumlar oʻtkazildi. 25 may kuni poytaxtimizda boʻlib oʻtgan Savdo-iqtisodiy hamkorlik boʻyicha Oʻzbekiston – Turkiya hukumatlararo komissiyasining navbatdagi majlisi, 30 sentyabr Toshkentda va 6 oktyabr kunlari Istanbulda oʻtgan biznes-forumlarda hamkorlikning koʻplab istiqbolli yoʻnalishlari belgilab olindi. 

Prezidentlar muloqotni ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida davom ettirdilar. Muzokarada savdo, sanoat, qishloq xoʻjaligi, transport, turizm, ilm-fan va boshqa sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. 

Turkiya Oʻzbekistonning muhim savdo sheriklaridan biridir. 2016 yilda oʻzaro savdo hajmi 1,2 milliard AQSH dollarini tashkil etdi. Joriy yilning toʻqqiz oyida tovar ayirboshlash hajmi 29 foizga oshdi. Mamlakatimizda Turkiyaning 500 ga yaqin firma va kompaniyasi faoliyat yuritmoqda. Shu yilning oʻzida yurtimizda ushbu mamlakat sarmoyasi ishtirokida 20 dan ortiq korxona tashkil etildi, 53 kompaniyaning vakolatxonalari akkreditatsiya qilindi.

Muzokarada oʻzaro hamkorlikda hali foydalanilmagan imkoniyatlar koʻpligi, ushbu tashrif ikki mamlakat vazirlik va idoralari, ishbilarmon doiralari oʻrtasidagi aloqalar rivojiga yangi surʼat baxsh etishi taʼkidlandi. 

Ikki mamlakatda xaridorgir boʻlgan yuqori qoʻshimcha qiymatli mahsulotlarni yetkazib berish va uzoq muddatli investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish orqali oʻzaro savdo hajmini muttasil oshirib borish va diversifikatsiya qilish boʻyicha yakdil fikr bildirildi. Xususan, Oʻzbekiston keng turdagi sanoat mahsulotlari, transformatorlar, kabel oʻtkazgichlar va boshqa elektrotexnika tovarlari, polimerlar, mis va mis mahsulotlari, mineral oʻgʻitlar, ip-kalava, meva-sabzavot, qayta ishlangan oziq-ovqat va boshqa mahsulotlarni eksport qilishi mumkin. Shu maqsadda Savdo-iqtisodiy hamkorlik boʻyicha Oʻzbekiston – Turkiya hukumatlararo komissiyasi majlislarini muntazam yoʻlga qoʻyish muhimligi qayd etildi. 

Oʻzbekistonda Turkiyaning yetakchi kompaniyalari ishtirokida qoʻshma investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish, eng avvalo, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalarida mineral va xomashyo resurslarini chuqur qayta ishlash asosida yuqori qoʻshimcha qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishni tashkil qilish ragʻbatlantiriladi. 

Energetika va foydali qazilmalar, jumladan, qayta tiklanadigan energiya, energiyani tejash va uglevodorodlar sohalarida hamkorlik imkoniyatlarini oʻrganish hamda tajriba almashish qoʻllab-quvvatlandi. 

Transport va logistika masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi. Mamlakatlarimizni bir-biri bilan bogʻlaydigan transport yoʻlaklarini kengaytirish savdo-iqtisodiy aloqalar rivojida muhim omil boʻlishi qayd etildi. Ikki mamlakat hududi orqali oʻtuvchi xalqaro transport yoʻlaklarining raqobatbardoshligi va jozibadorligini oshirish maqsadida tranzit tariflarini maqbullashtirish va preferensiyalar taqdim qilishga kelishib olindi. 

Davlat rahbarlari Samarqand va Istanbul shaharlari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri parvozlarni yoʻlga qoʻyish boʻyicha erishilgan kelishuvni mamnuniyat bilan qayd etib, fuqaro aviatsiyasi sohasidagi hamkorlikni izchil rivojlantirish, muntazam parvozlar sonini oshirish va yangi parvozlarni yoʻlga qoʻyish tarafdori ekanliklarini tasdiqladilar. 

Oʻzbekiston ham, Turkiya ham turizm sohasida ulkan imkoniyatlarga ega. Bu salohiyatdan toʻla foydalanish, sayyohlar almashinuvini oshirish ulkan iqtisodiy samara beradi. 

Prezidentimizning yaqinda qabul qilingan Turkiya Respublikasi fuqarolari uchun viza tartibini soddalashtirishga oid qarori bu borada muhim qadam boʻldi. Qaror asosida tadbirkorlik va sayyohlik maqsadida Oʻzbekistonga borishni istagan Turkiya fuqarolari uchun vizalar tez va oson taqdim etiladi. 

Sogʻliqni saqlash va tibbiy taʼlim sohalarida, yetakchi tadqiqot markazlari oʻrtasida tajriba almashish hamda professional kadrlar tayyorlash borasidagi hamkorlik ham muhim ahamiyatga ega. 

Mamlakatlarimiz BMT, ShHT, Islom hamkorlik tashkiloti kabi xalqaro tuzilmalar doirasida ham samarali hamkorlik qilib kelmoqda. Mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik masalalar boʻyicha tomonlarning pozitsiyalari bir-biriga oʻxshash yoki yaqindir. 

Prezidentlar mintaqaviy va xalqaro darajada tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash istagida ekanliklarini taʼkidlab, koʻp tomonlama tuzilmalar doirasida oʻzaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishga intilishlarini bildirdilar. 

Tomonlar xalqaro terrorizm, diniy ekstremizm, noqonuniy migratsiya, narkotiklarning noqonuniy muomalasi, transmilliy uyushgan jinoyatchilik, shuningdek, boshqa tahdid va xavf-xatarlarga qarshi kurashishda ikki tomonlama va koʻp tomonlama tuzilmalar doirasida hamkorlikni yanada rivojlantirish muhimligini taʼkidladilar. 

Oʻrmon xoʻjaligini rivojlantirish, suv resurslarini samarali boshqarish, tuproq degradatsiyasi va choʻllanishga qarshi kurashish borasida tajriba almashishga tayyor ekanliklarini bildirdilar. 

Fan, taʼlim, madaniyat sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirishga ham alohida eʼtibor qaratildi. 

Turkiya Oʻzbekistonda buyuk allomalar merosini oʻrganish, jaholatga qarshi maʼrifat bilan kurashishga qaratilgan tashabbuslar va amaliy ishlarni yuqori baholaydi. Samarqandda bunyod etilayotgan Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Toshkentda tashkil qilinayotgan Islom sivilizatsiyasi markazi bu borada ulkan ahamiyat kasb etadi. Olimlar va ilmiy markazlar oʻrtasidagi aloqalar, maʼnaviy va madaniy merosni birgalikda oʻrganishga qaratilgan loyihalar xalqlarimiz doʻstligini yanada mustahkamlashga hissa qoʻshadi. 

Muzokaralar yakunida Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasidagi hamkorlikning turli sohalariga doir 20 dan ziyod hujjat imzolandi. 

Prezident Shavkat Mirziyoyev va Prezident Rejep Tayyip Erdoʻgʻon davlat rahbarlarining Qoʻshma bayonotini imzoladilar. 

Shuningdek, savdo, sanoat, bank-moliya, investitsiya, turizm, yuk tashish, sogʻliqni saqlash, kadrlar tayyorlash, mudofaa va boshqa sohalardagi hamkorlikni rivojlantirishga doir qator hujjatlar qabul qilindi. 

Ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvda Prezident Shavkat Mirziyoyev va Prezident Rejep Tayyip Erdoʻgʻon muzokaralar oʻzaro anglashuv va hurmat ruhida oʻtganini, imzolangan hujjatlar Oʻzbekiston Respublikasi bilan Turkiya Respublikasi oʻrtasidagi uzoq istiqbolli hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilishini taʼkidladilar. 

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.