Oliy darajadagi Oʻzbekiston-Turkiya Strategik hamkorlik kengashining ikkinchi yigʻilishi boʻlib oʻtdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiya yetakchisini qutlar ekan, oʻzaro hamkorlikda yuksak darajaga erishilganidan, mamlakatlarimiz parlamentlari, davlat idoralari, ishbilarmon doiralari va jamoatchiligi oʻrtasidagi aloqalar mustahkamlanib borayotganidan mamnun ekanligini bildirdi.
Davlatimiz rahbari Oʻzbekiston koʻp qirrali munosabatlarni yanada rivojlantirish va mustahkamlashdan manfaatdor ekanini taʼkidladi.
Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻan mamlakatlarimizning qardoshlik rishtalariga asoslangan strategik sherikligi barcha sohalarda oʻzaro ishonch va hurmat ruhida rivoj topayotganini alohida qayd etdi.
Yetakchilar joriy yilda ikki davlat oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatilganining 30 yilligi va strategik sheriklik munosabatlari yoʻlga qoʻyilganining 5 yilligi nishonlanayotganini mamnuniyat bilan taʼkidladilar.
Ikki mamlakat yetakchilarining rasmiy tashriflari va muntazam muloqotlari siyosiy muloqotni mustahkamlashga xizmat qilib, sermahsul amaliy sheriklik uchun keng imkoniyatlar ochdi.
Savdo va investitsiya sohalarida aloqalar jadal rivojlanmoqda. Jumladan, keyingi yillarda oʻzaro tovar ayirboshlash 2,5 barobarga oʻsib, 3,6 milliard dollardan oshdi. Qoʻshma korxonalar soni 5 barobar koʻpayib, 2 mingdan ortdi. Investitsiyaviy hamkorlik koʻrsatkichlari 70 barobarga oʻsdi.
Ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida tomonlar sheriklikni, shu jumladan savdo va iqtisodiyot, investitsiyalar, transport, toʻqimachilik, energetika, qishloq xoʻjaligi, madaniy-gumanitar almashinuv kabi sohalarda yanada kengaytirishning ustuvor yoʻnalishlariga batafsil toʻxtaldilar.
Oʻzbekistondagi islohotlar borasida hamkorlikni mustahkamlash, davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini joriy qilish, fan, taʼlim, sanʼat, kino, turizm va axborot sohalaridagi sheriklikni chuqurlashtirishga kelishib olindi.
Yigʻilish yakunida Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiquvchi muhim hujjatlar imzolanishi taʼkidlandi. Preferensial savdo toʻgʻrisida, qurilish, sogʻliqni saqlash, adliya, bojxona va boshqa sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha kelishuvlar shular jumlasidan. Oliy darajadagi Oʻzbekiston-Turkiya Strategik hamkorlik kengashi yigʻilishi qarorlarini amalga oshirish boʻyicha qoʻshma “yoʻl xaritasi”ni qabul qilish rejalashtirilgan.
Hamkorlik koʻlami kengayganini hisobga olib, tomonlar ikki tomonlama munosabatlarni yangi darajaga – keng qamrovli strategik sheriklik bosqichiga olib chiqishga qaror qildilar.
Muzokaralar yakunida Rejep Tayyip Erdogʻan Shavkat Mirziyoyevga ikki tomonlama Strategik hamkorlik kengashining navbatdagi yigʻilishida ishtirok etish uchun Turkiyaga tashrif bilan kelishni taklif etdi.