Ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvda Prezident Shavkat Mirziyoyev muzokaralar samarali va sermazmun boʻlganini, davlat rahbarlari ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishning barcha yoʻnalishlarini muhokama qilganlarini taʼkidladi.
Oʻzbekiston va Turkmaniston eng yaqin qoʻshni, birodar mamlakatlar, vaqt bilan sinalgan ishonchli doʻst va hamkorlardir.
— Turkmaniston bilan hamkorlikda xalqlarimizning koʻp asrlik doʻstligi, tarixiy va madaniy oʻxshashligi, dini, maʼnaviy qadriyat va anʼanalari mushtarakligiga asoslangan strategik sheriklik darajasiga erishilganini yuksak qadrlaymiz. Bugungi muzokaralar natijalari hamkorlikni yanada mustahkamlashga intilishimiz samimiyligi va qatʼiyligini yana bir bor yaqqol koʻrsatdi. Birodar Turkmaniston bilan yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarini yanada mustahkamlash Oʻzbekiston tashqi siyosatining ustuvor yoʻnalishi ekanini alohida taʼkidlamoqchiman, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Davlatimiz rahbari Oʻzbekiston-Turkmaniston munosabatlari, ayniqsa savdo-iqtisodiy sohada ijobiy surʼat bilan rivojlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi. Keyingi yillarda mamlakatlarimiz oʻrtasidagi tovar ayirboshlash uch barobar ortdi. Pandemiya oqibatlariga qaramay, 2021 yilning oʻtgan davrida oʻzaro savdo hajmi yigirma besh foizga oshdi.
Bundan tashqari, tashrif doirasida oʻtgan Oʻzbekiston-Turkmaniston iqtisodiy forumida kelishuvlar va qatʼiy shartnomalarning salmoqli toʻplami imzolandi.
Prezidentimiz bugun imzolangan Chegaraoldi savdo zonasini tashkil etish toʻgʻrisidagi bitim, shuningdek, uchinchi mamlakatlarda kelayotgan importning oʻrnini Oʻzbekiston va Turkmanistonda ishlab chiqarilayotgan va ikki mamlakat bozorlarida talab yuqori boʻlgan raqobatbardosh mahsulotlar bilan bosishga doir kelishuv oʻzaro savdoni koʻpaytirishga xizmat qilishini taʼkidladi.
Sanoat kooperatsiyasini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratildi. Tomonlar energetika, qishloq xoʻjaligi, sanoat, kimyo, transport va logistika sohalarida oʻzaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish va aniq loyihalarni amalga oshirishga kelishib oldilar.
Hududlararo sheriklikni faollashtirish masalalari ham muhokama qilindi. Chegaradosh viloyatlar oʻrtasidagi muntazam bevosita muloqot hamda har yili Oʻzbekiston va Turkmaniston hududlari forumini oʻtkazish iqtisodiy hamkorlikni oʻstirishning yangi drayveri boʻlib xizmat qilishi borasida yakdil fikr bildirildi. Bunday formatdagi ilk uchrashuv kelgusi yilda Xivada oʻtkaziladi.
Davlat rahbarlari transport sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash zarurligini taʼkidladilar. Oʻzaro yuk tashish hajmi ortganini qayd etib, tomonlar transport yoʻlaklaridan samarali foydalanish uchun bundan buyon ham qulay sharoitlar yaratishga, shuningdek, Shimol-Janub va Gʻarb-Sharq yoʻnalishlaridagi oʻzaro bogʻliqlikni mustahkamlashga xizmat qiladigan infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirishga kelishib oldilar.
Suv resurslari va ekologiya mavzusi, iqlim oʻzgarishi masalalari mamlakatlarimiz iqtisodiyotlari uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega. Shu munosabat bilan Prezident Shavkat Mirziyoyev Suv xoʻjaligi masalalari boʻyicha Oʻzbekiston-Turkmaniston qoʻshma komissiyasi oʻz ishini boshlaganini mamnuniyat bilan qayd etdi.
Muzokaralar kun tartibidan mintaqaviy xavfsizlikni taʼminlash masalalari muhim oʻrin egalladi.
Oʻzbekiston va Turkmaniston Prezidentlari butun Markaziy Osiyo mintaqasining barqaror rivojlanishiga taʼsir koʻrsatayotgan Afgʻonistondagi vaziyat yuzasidan fikr almashdilar.
Shu maʼnoda davlat rahbarlari Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlarini muntazam asosda oʻtkazib borish hamda joriy yil 5-6 avgust kunlari Avazada oʻtgan uchrashuvda erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish muhim ekanini taʼkidladilar.
Yetakchilar mintaqaviy va xalqaro tuzilmalar doirasidagi yaqin muloqotni davom ettirishga kelishib oldilar.
Ikki mamlakat madaniy, ilmiy va sport doiralari oʻrtasidagi almashinuvlarni davom ettirish, yoshlar uchrashuvlari va forumlarini oʻtkazish, yoshlar tashkilotlari oʻrtasida yaqin hamkorlikni yoʻlga qoʻyish muhimligi qayd etildi. Bularning barchasi birodar xalqlarimizni yanada yaqinlashtirishga xizmat qiladi.
Tomonlar tibbiy diplomatiyaning maqsad va vazifalarini birgalikda ilgari surishga, mamlakatlarimiz xalqlari va butun mintaqaning xavfsizligini taʼminlash uchun oʻzaro muvofiqlashga yondashuvni ishlab chiqishga kelishdilar.
Prezident Gurbanguli Berdimuhamedov muzokaralar natijalaridan mamnun ekanini bildirdi, ikki tomonlama hamkorlik masalalarining keng doirasi yuzasidan ishonchli va konstruktiv fikr almashilganini taʼkidladi.
— Oʻzbekiston Turkmanistonning muhim savdo hamkorlaridan biridir. Oʻzbekistonga bu galgi rasmiy tashrifning asosiy maqsadi – hurmatli Prezident, mening doʻstim Shavkat Mirziyoyevni, uning rahbarligida mamlakatning davlat tizimida, ijtimoiy-siyosiy va sotsial-iqtisodiy hayotining barcha sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlarni men qatʼiy qoʻllab-quvvatlashimni namoyish etish, – dedi Turkmaniston Prezidenti.
Gurbanguli Berdimuhamedov Shavkat Mirziyoyevga Turkmaniston delegatsiyasiga koʻrsatilayotgan samimiy mehmondoʻstlik va doʻstona qabul uchun minnatdorlik bildirdi.