Oʻzbekiston-Turkmaniston strategik sheriklik munosabatlari bundan buyon ham kengayib boradi

0
62
marta koʻrilgan.

Oliy darajadagi muzokaralar yakunida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun brifing oʻtkazildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov va u orqali qardosh turkman xalqiga samimiy mehmondoʻstlik uchun minnatdorlik bildirdi.

Turkmanistonda Serdar Berdimuhamedovning rahbarligida izchil amalga oshirilayotgan ichki va tashqi siyosat tufayli davlat va jamiyat hayotining barcha jabhalarida erishilayotgan katta yutuqlardan Oʻzbekiston chin dildan xursand ekani taʼkidlandi.

Ushbu yangilanishlarning asoschisi Turkmaniston Milliy Kengashi Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov ekani alohida qayd etildi.

Mushtarak siyosiy iroda tufayli keyingi yillarda Oʻzbekiston-Turkmaniston munosabatlariga mutlaqo yangi ruh bagʻishlangani va ikki tomonlama hamkorlik strategik tus olgani taʼkidlandi.

Bugungi muzokaralar yakunida ham ikki tomonlama formatda, ham xalqaro maydonda yanada yaqindan hamkorlik qilishga qaratilgan Strategik sheriklikni chuqurlashtirish toʻgʻrisidagi deklaratsiya imzolandi.

— Turkmaniston bilan sheriklikni yanada mustahkamlash – Oʻzbekiston tashqi siyosatining oʻzgarmas ustuvor yoʻnalishi, — dedi davlatimiz rahbari.

Boʻlib oʻtgan muzokaralar davomida mamlakatlarimizdagi ulkan salohiyatni qardosh xalqlarimiz manfaatlari yoʻlida ishga solishning keng imkoniyatlaridan foydalanish va samarali mexanizmlarni joriy qilishga alohida eʼtibor qaratilgani taʼkidlandi.

Tomonlar savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada kengaytirishni Oʻzbekiston-Turkmaniston sherikligining asosi sifatida belgilab oldilar.

Shuningdek, bugun zamonaviy infratuzilmaga ega Chegaraoldi savdo zonasi qurilishi boshlanadi.

— Bu tovar ayirboshlashning oshishi, biznes aloqalarining kengayishi, mamlakatlarimiz hududlarida yangi ish oʻrinlari yaratilishiga xizmat qiladi, — dedi Oʻzbekiston Prezidenti.

Bundan tashqari, sanoat, energetika, qishloq xoʻjaligi, transport va logistika sohalarida loyihalarni amalga oshirish orqali kooperatsiya aloqalarini faol rivojlantirishga kelishib olindi.

Suvdan foydalanish va atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy tusdagi favqulodda vaziyatlarning oldini olish va oqibatlarini bartaraf etish borasidagi hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlari belgilab olindi.

Markaziy Osiyodagi transchegaraviy daryolarning suv resurslaridan oqilona foydalanish uchun konstruktiv muloqotni davom ettirish muhimligi qayd etildi.

Parlamentlararo muloqot va xalq diplomatiyasini yanada kengaytirish, hududlararo aloqalarni rivojlantirish, madaniy-gumanitar hamkorlikni mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratildi.

— Madaniy-gumanitar aloqalar qardosh xalqlarimiz oʻrtasidagi koʻp asrlik doʻstlikning tamal toshi, asosi boʻlib kelgan, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Bundan tashqari, Oʻzbekiston va Turkmaniston oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatilganining oʻttiz yilligini keng nishonlash maqsadida kelgusi yilda ikki tomonlama Madaniyat va kino kunlari, festivallar va boshqa tadbirlarni oʻtkazishga kelishib olindi.

Davlatlarimizning xalqaro va mintaqaviy siyosatning dolzarb masalalari yuzasidan pozitsiyalari mushtarak ekani qayd etildi.

BMT, YeXHT, MDH, ShHT, TDT, OQXF va boshqa koʻp tomonlama tuzilmalar doirasidagi faol hamkorlik davom ettiriladi.

— Biz Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining Maslahat uchrashuvi doirasidagi mintaqaviy hamkorlikni bundan buyon ham mustahkamlashga kelishib oldik, — dedi Oʻzbekiston yetakchisi.

Bundan tashqari, davlat rahbarlari Afgʻonistonda vaziyatni tez fursatda barqarorlashtirish va muhim infratuzilma loyihalarini ilgari surishga qaratilgan saʼy-harakatlarni kengaytirishga ahdlashib oldilar.

Oʻz bayonotining yakunida Shavkat Mirziyoyev sermahsul muzokaralarning natijalari Oʻzbekiston va Turkmaniston oʻrtasidagi doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va strategik sheriklik har tomonlama mustahkamlanishiga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.