Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Sindao shahrida Afgʻoniston Islom Respublikasi Prezidenti Muhammad Ashraf Gʻani bilan muzokara oʻtkazdi.
Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston xalqi qardosh va qoʻshni Afgʻonistonda tinchlik barqaror boʻlishidan manfaatdor ekanini taʼkidladi.
Joriy yil Toshkentda oʻtgan konferensiyadan keyin butun dunyoda Afgʻonistonda tinchlik oʻrnatish boʻyicha katta harakatlar boshlangani mamnuniyat bagʻishlaydi. Barcha tushunyaptiki, buning yakkayu yagona yoʻli muloqot. Ushbu uchrashuvimiz shu borada fikr almashish, mamlakatlarimiz uchun muhim masalalarni muhokama qilish uchun ayni muddaodir, dedi davlatimiz rahbari.
Ashraf Gʻani ikki davlat oʻrtasidagi siyosiy muloqot keyingi paytlarda jadal faollashganini qayd etdi.
Oʻzbekistonga tashrifim doirasida erishilgan kelishuvlar tez surʼatlarda amalga oshirilayotganini alohida taʼkidlamoqchiman. Afgʻoniston masalasi boʻyicha yirik anjuman oʻtkazganingiz uchun xalqimiz va hukumatimiz nomidan chuqur minnatdorlik bildiraman. Bu masalaga shaxsan eʼtiboringiz siyosiy yechimlarga yoʻl ochdi, dedi Afgʻoniston Prezidenti.
Mamlakatimiz Afgʻonistonda muhim iqtisodiy va infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirmoqda. 2002 yildan buyon Afgʻonistonga elektr energiyasi yetkazib berilmoqda. Surxon – Puli – Xumri yangi elektr tarmogʻining ishga tushirilishi natijasida bu quvvat yanada ortadi.
Hayraton – Mozori Sharif temir yoʻlini Hirotgacha davom ettirish yana bir istiqbolli loyihadir. Bu Afgʻoniston iqtisodiyotini tiklash uchun katta hissa qoʻshib, mamlakatning tranzit salohiyatini oshiradi, yangi ish oʻrinlari yaratadi.
Gumanitar aloqalar ham jonlandi. Shu yilning yanvar oyida Termiz shahrida Afgʻon fuqarolariga taʼlim berish markazi ish boshladi. Hozirgi kunda bu maskanda 100 nafarga yaqin afgʻonistonlik yigit-qizlar taʼlim olmoqda.
Uchrashuvda mamlakatlarimiz oʻrtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport kommunikatsiyalari, madaniy-gumanitar sohalardagi aloqalarni yanada rivojlantirish, mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlashga doir dolzarb masalalar muhokama qilindi.