Bugun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni Amerika Qoʻshma Shtatlari Prezidenti Donald Tramp qabul qildi. Prezident Sh.Mirziyoyevning Oq uyga ilk tarixiy tashrifi Oʻzbekiston bilan AQSH oʻrtasidagi strategik sheriklikning yangi davrini boshlab berdi.
Muzokaralar davomida Prezident D.Tramp Oʻzbekistonning mustaqilligi, hududiy yaxlitligi va suverenitetiga qatʼiy sodiqligini taʼkidladi. Shuningdek, u Prezident Sh.Mirziyoyev rahbarligida Oʻzbekistonda muhim siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy islohotlarni amalga oshirishda erishilayotgan ulkan yutuqlarni eʼtirof etdi. Prezidentlar keng jabhadagi oʻzaro ustuvor yoʻnalishlardan kelib chiqqan holda, Oʻzbekiston Respublikasi bilan Amerika Qoʻshma Shtatlari oʻrtasida 2002 yilda imzolangan strategik sheriklik toʻgʻrisidagi Deklaratsiyaga yangicha surʼat bagʻishlash maqsadida ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlashga kelishib oldilar.
Prezident Sh.Mirziyoyev Oʻzbekistonda islohotlarni amalga oshirishda erishilayotgan progress orqaga qaytmaslik xususiyatiga ega ekanligini taʼkidladi. U davlat organlari xalq manfaatlarini hamma narsadan ustun qoʻyishlari lozimligini qayd etdi. Oʻzbekistonning besh yilga moʻljallangan Harakatlar strategiyasi davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish, qonun ustuvorligini taʼminlash va sud-huquq tizimini isloh qilish, iqtisodiyotni liberallashtirish, ijtimoy sohani rivojlantirish hamda ochiq va konstruktiv tashqi siyosat olib borishga xizmat qilishini taʼkidladi.
Prezident D.Tramp terrorizmga qarshi kurashishda Qoʻshma Shtatlarning Oʻzbekiston bilan azaliy sherikligini qayd etib oʻtdi. 2001 yil 11 sentyabrdagi mudhish voqealardan soʻng, Oʻzbekiston AQSHga oʻta muhim logistik imkoniyatni taqdim etganligi hamda “Al-Qoida” terrorchilarini Afgʻonistondan siqib chiqarishda koʻmak koʻrsatganligini taʼkidladi. Prezident Sh.Mirziyoyev tashrif davomida AQSH Prezidentining Janubiy Osiyo boʻyicha strategiyasini toʻliq qoʻllab-quvvatlashini tasdiqladi. Muloqot chogʻida ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash, masʼuliyatni taqsimlash va mintaqaviy xavfsizlik masalalarini hal etish, shu jumladan, Afgʻonistonda barqarorlikni taʼminlash boʻyicha Oʻzbekiston tashabbuslari muhokama etildi.
Prezident D.Tramp kuchli va mustaqil Markaziy Osiyoning muhimligini qayd etdi hamda Prezident Sh. Mirziyoyevning 2017 yil noyabrda Samarqandda boʻlib oʻtgan konferensiyada ilgari surgan Markaziy Osiyo mamlakatlari rahbarlarining hamkorlik muloqoti yigʻilishini oʻtkazish boʻyicha saʼy-harakatlarini mamnuniyat bilan qarshi oldi.
Prezident Sh.Mirziyoyev joriy yil mart oyida Qozogʻistonning Ostona shahrida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining uchrashuvida ishtirok etganligi, bu mintaqalararo savdoni rivojlantirish va xavfsizlikka oid tahdidlar boʻyicha birgalikdagi yondashuvlarni ishlab chiqish uchun yangi imkoniyatlar ochib berganligi qayd etildi. Prezident D.Tramp ushbu muhim muloqotda Oʻzbekiston asosiy rol oʻynashini eʼtirof etdi hamda Qoʻshma Shtatlar «S5+1» mintaqaviy formati orqali hamkorlik va taraqqiyotni qoʻllab-quvvatlashini bildirdi. Prezidentlar Afgʻonistonning Markaziy Osiyodagi koʻp tomonlama hamkorlik formatlarida ishtirok etishini qoʻllab-quvvatladilar.
Mintaqaviy hamkorlik
Prezident D.Tramp Prezident Sh.Mirziyoyevni uning xalqaro hamjamiyatning “Tolibon” afgʻon hukumati bilan tinch muzokaralarni boshlashi lozimligi toʻgʻrisidagi yagona pozitsiyasi tasdiqlangan “Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik” mavzusidagi Toshkent xalqaro konferensiyasi muvaffaqiyatli oʻtkazilgani bilan qutladi.
Prezident Sh.Mirziyoyev va Prezident D.Tramp Afgʻoniston xavfsizlik kuchlari va tinch aholisiga qarshi qaratilgan jirkanch terrorchilik hujumlarini qattiq qoraladilar hamda Afgʻoniston duch kelayotgan xavf-xatarlarga barham berish boʻyicha muloqotni kengaytirishga sodiq ekanliklarini bildirdilar.
Prezident Sh.Mirziyoyev Afgʻoniston hukumatini toʻliq siyosiy qoʻllab-quvvatlashini qayd etdi hamda 2017 yil dekabrda Afgʻoniston Prezidenti Ashraf Gʻanining Oʻzbekistonga tashrifi, uning yakuni boʻyicha ikki hukumat oʻrtasida savdo aylanmasini koʻpaytirish va oʻta muhim infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirish yuzasidan bir qator bitimlar imzolanganiga eʼtibor qaratdi. Prezident D.Tramp Oʻzbekistonning mintaqaviy iqtisodiy jarayonlarda muhim rol oʻynayotganligini eʼtirof etib, mamlakatning Afgʻoniston bilan savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirishga qaratilgan saʼy-harakatlarini olqishladi. U Oʻzbekiston tomonidan rejalashtirilayotgan Afgʻonistondagi temir yoʻl va infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirishga siyosiy va konsultativ koʻmak koʻrsatishga tayyorligini bildirdi.
Prezident Sh.Mirziyoyev Afgʻonistonda tinchlik va barqarorlikka erishishga hissa qoʻshayotgan Shimoliy taʼminot tarmogʻini qoʻllab-quvvatlashda davom etishini tasdiqladi. Oʻzbekiston va AQSH Afgʻoniston bilan chegaralar xavfsizligini taʼminlash hamda giyohvandlik vositalari noqonuniy muomalasining oldini olishda yaqindan hamkorlik qilishlari eʼtirof etildi.
Ikki davlat rahbarlari ekstremizm va xalqaro terrorizmni qoraladilar hamda umumiy tahdidlarga qarshi kurashish boʻyicha hamkorlikni kengaytirishga intilishlarini qayd etdilar. Ular, shuningdek, ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish va mintaqaviy xavfsizlikni taʼminlashga qaratilgan kelishuvlarni amalga oshirishga sodiq ekanliklarini bildirdilar hamda besh yilga moʻljallangan ilk harbiy hamkorlik Rejasini amalga tatbiq qilish orqali mudofaa sohasidagi aloqalarni mustahkash muhimligini taʼkidladilar.
Islohotlar va xalqlar oʻrtasidagi aloqalarni mustahkamlash
Prezident D.Tramp “vijdon mahbuslari”ning ozod qilinganligi, bolalar mehnatidan muntazam foydalanishning tugatilganligi va majburiy mehnat koʻlamini qisqartirishda erishilgan sezilarli yutuqlarni qayd etgan holda, Prezident Sh.Mirziyoyevning Oʻzbekistonda inson huquqlari bilan bogʻliq holatni yaxshilashga oid keng islohotlar dasturini mamnuniyat bilan qarshi oldi.
Ushbu yutuqlar iqtisodiy, siyosiy va xavfsizlik sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish uchun shart-sharoitlar yaratishi taʼkidlandi. Prezident D.Tramp davlat boshqaruv tizimini takomillashtirish va ichki barqarorlikni taʼminlashning asosiy omili sifatida davlatning xalq oldidagi oshkoraligi va hisobdorligini oshirish boʻyicha Oʻzbekiston Prezidentining tashabbusini qoʻllab-quvvatladi. Davlat rahbarlari inson erkinliklarini himoya qilish, shu jumladan, diniy erkinlikni ilgari surish boʻyicha konstruktiv hamkorlikni faollashtirish tarafdoridirlar. Prezident Sh.Mirziyoyev diniy eʼtiqod erkinligini taʼminlash boʻyicha keng qamrovli “yoʻl xaritasi”ni hayotga tatbiq qilishga qatʼiy tayyor ekanligini aytib oʻtdi.
Prezidentlar ikki mamlakat oʻrtasida taʼlim sohasidagi hamkorlikka oʻz hissasini qoʻshadigan Xalqaro taʼlim boʻyicha Amerika kengashlarining Oʻzbekistonda akkreditatsiya qilinishini olqishladilar. Prezident D.Tramp AQSH Oʻzbekistonda ingliz tili boʻyicha taʼlim dasturlarini amalga oshirishda koʻmak koʻrsatishga tayyor ekanligini taʼkidladi hamda “Amerika ovozi”ning Oʻzbekistonda akkreditatsiya qilinganligi va uning Amerika ommaviy axborot vositalari uchun ushbu mamlakatda keng imkoniyatlar yaratishini yuqori baholadi.
Iqtisodiy hamkorlik
Prezident Sh.Mirziyoyev va Prezident D.Tramp oʻzaro savdo hajmini oshirish va har ikki mamlakatda ish oʻrinlarini yaratishga koʻmaklashadigan iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirish imkoniyatlarini oʻrganishga qatʼiy tayyor ekanliklarini taʼkidladilar.
Prezident Sh.Mirziyoyev Oʻzbekistonda oshkoralik va hisobdorlik xalqaro standartlarini joriy qilish va qonun ustuvorligini taʼminlash orqali tadbirkorlik uchun qulay sharoitlar yaratish hamda AQSH kompaniyalari va investorlariga mamlakat bozoriga kirish imkoniyatini taqdim qilishga tayyor ekanligini bildirdi. Davlat rahbarlari, shu jumladan, qishloq xoʻjaligi, energetika, kimyo, moliya, turizm, toʻqimachilik sanoati, sogʻliqni saqlash va raqamli texnologiyalar sohalarida yanada yaqinroq hamkorlik qilish uchun mavjud imkoniyatlarni oʻrganishga kelishib oldilar. Tashrif davomida Oʻzbekiston va AQSH kompaniyalari oʻrtasida 20 dan ortiq yirik shartnomalar imzolanganligi va ular hayotga toʻlaqonli tatbiq qilingan taqdirda, 4,8 milliard dollar miqdorida baholanishi va AQSHda 10 ming ish oʻrinlarini saqlab qolishi hamda kelgusida bir necha milliard dollar miqdoridagi shartnomalar uchun imkoniyatlar yaratishi mumkinligi eʼtirof etildi.
D.Tramp Prezident Sh.Mirziyoyevning islohotlar dasturini qoʻllab-quvvatladi va Oʻzbekistonning iqtisodiy lider sifatida oʻsib borayotgan rolini eʼtirof etdi. U joriy yilda mamlakatda Markaziy Osiyo savdo forumini va Markaziy Osiyo davlatlari bilan AQSH oʻrtasida savdo va investitsiyalarga oid hadli Bitim boʻyicha Kengash yigʻilishini oʻtkazishga doir Oʻzbekiston taklifi bundan dalolat berishini taʼkidladi. Prezident Sh.Mirziyoyev Oʻzbekistonning Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlishga intilayotganini qayd etdi, Prezident D.Tramp Oʻzbekiston oʻz savdo rejimini tashkilot normalariga muvofiq liberallashtirish boʻyicha kun tartibidagi islohotlarni amalga oshirgani sayin AQSH unga texnik koʻmak koʻrsatishini taʼkidladi. Oʻzbekiston Fonogramma ishlab chiqaruvchilar manfaatlarini, ularning fonogrammalarini qonunsiz ishlab chiqarishdan himoya qilish toʻgʻrisida Jeneva konvensiyasi va Butunjahon intellektual mulk tashkilotining internet boʻyicha shartnomalariga qoʻshilish orqali intellektual mulk huquqlarini himoya qilishga sodiq ekanligini bildirdi. Ushbu tashabbuslarni amalga oshirish ikki tomonlama savdo, iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish boʻyicha yangi imkoniyatlarni ochish uchun mustahkam asos yaratishga xizmat qilishi qayd etildi.