Samarali muzokaralardan soʻng ikki tomonlama hujjatlarni imzolash marosimi boʻldi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko Qoʻshma bayonotni imzoladi.
Tashrif doirasida sheriklikning ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha 19 hujjat imzolandi. 2019-2023 yillarda sotsial-iqtisodiy hamkorlik toʻgʻrisidagi hukumatlararo shartnoma va uni amalga oshirish dasturi ular orasida alohida ahamiyatga egadir.
Bundan tashqari, kuni kecha oʻtgan biznes-forumda umumiy qiymati 230 million dollardan ortiq boʻlgan shartnoma va bitimlar imzolangani taʼkidlandi.
Ommaviy axborot vositalari vakillari uchun oʻtkazilgan brifingda davlat rahbarlari muzokaralar ochiq va ishonch ruhida oʻtgani, natijalar shunga yarasha mustahkam va keng koʻlamli boʻlishini qayd etdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Belarus Prezidentining 24 yildan keyingi tashrifi tom maʼnoda tarixiy boʻlgani, ikki mamlakat oʻrtasidagi hamkorlikni amaliy mazmun bilan boyitganini taʼkidladi.
Tashrif davomidagi muhokamalar Oʻzbekiston va Belarusning koʻp qirrali sheriklik munosabatlarini mustahkamlashga intilishini tasdiqladi. Bu oʻzaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirishga kuchli surʼat bagʻishlab, uni sifat jihatidan yangi, yanada yuksak bosqichga olib chiqadi, dedi davlatimiz rahbari.
Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenkoning rasmiy tashrifi davom etmoqda