Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2 avgust kuni Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko bilan telefon orqali muloqot qildi.
Suhbat avvalida davlatimiz rahbari Aleksandr Lukashenko va birodar Belarus xalqiga kuni kecha muvaffaqiyatli yakunlangan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Belarus Respublikasiga ilk rasmiy tashrifi davomida koʻrsatilgan iliq mehmondoʻstlik uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.
Prezidentlar Oʻzbekiston-Belarus sammiti koʻp qirrali ikki tomonlama munosabatlarni sifat jihatidan yangi darajaga koʻtarib, ularni aniq amaliy mazmun bilan boyitganini katta mamnuniyat bilan qayd etdilar.
Xususan, Minsk shahrida boʻlib oʻtgan qoʻshma Hududlararo forum va Oʻzbekiston milliy sanoat koʻrgazmasining samarali natijalari, ularning yakunida 300 million dollarga yaqin qiymatdagi eksport-import shartnomalari va yetakchi korxonalar kooperatsiyasi toʻgʻrisidagi kelishuvlar imzolangani yuksak baholandi.
Davlat rahbarlari ilm-fan, taʼlim, madaniyat va sanʼat sohalarida faol almashinuvlarni davom ettirish muhimligini qayd etdilar.
Tashrif doirasida tashkil etilgan Oʻzbekiston madaniyati kunlari hamda Belarus poytaxtida oʻzbek xalqining buyuk shoiri va mutafakkiri Alisher Navoiy byustining ochilishi xalqlarimiz oʻrtasida doʻstlik va oʻzaro anglashuvni mustahkamlashga xizmat qilgani taʼkidlandi.
Muloqotda erishilgan kelishuvlar va qabul qilingan hujjatlarni «yoʻl xaritasi» asosida amalga oshirishga qaratilgan birinchi galdagi chora-tadbirlar muhokama qilindi.
Savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va innovatsion sohalardagi hamkorlikni kengaytirishga alohida eʼtibor qaratildi. Jumladan, Belarus korxonalarining ilgʻor texnologiyalari va bilimlari asosida iqtisodiyotning turli tarmoqlarida qoʻshma loyihalar va kooperatsiya dasturlarini ilgari surish xususida soʻz bordi.
Muloqot soʻngida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenkoni oʻzi uchun qulay fursatda mamlakatimizga rasmiy tashrif bilan kelishni yana bir bor taklif etdi.
Davlat rahbarlari Oʻzbekiston va Belarus oʻrtasidagi keng koʻlamli hamkorlikni yanada rivojlantirish va doʻstlik munosabatlarini mustahkamlash borasida intilishlari qatʼiy ekanini taʼkidladilar.