Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 26 aprel kuni Pekin shahrida oʻzi uchun ajratilgan qarorgohda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan uchrashuv oʻtkazdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Davlatimiz rahbari Bosh kotibni samimiy qutlab, Samarqand va Nyu-york shaharlarida oʻtgan mazmunli suhbatlarni iliqlik bilan eslashini, ushbu muloqotlar Oʻzbekiston bilan BMT institutlari va tashkilotlari oʻrtasidagi sheriklikni mustahkamlashga xizmat qilganini taʼkidladi. Shavkat Mirziyoyev Samarqanddagi Markaziy Osiyo boʻyicha va Toshkentdagi Afgʻoniston boʻyicha xalqaro konferensiyalarni, Samarqand shahrida oʻtgan Inson huquqlari boʻyicha Osiyo forumi va boshqa tadbirlarni shaxsan qoʻllab-quvvatlagani uchun Antoniu Guterrishga minnatdorlik bildirdi.
Prezidentimiz Bosh kotibning BMTni isloh qilish, xalqaro xavfsizlik va barqarorlikni, izchil taraqqiyotni taʼminlash yoʻlidagi tashabbuslari va saʼy-harakatlarini toʻliq qoʻllab-quvvatlashini bildirdi. Ushbu islohotlar Oʻzbekistonda Harakatlar strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan qatʼiy islohotlarni faol davom ettirishga xizmat qilishiga umid bildirdi.
BMT Bosh kotibi Prezidentimiz bilan yana bir bor uchrashib turganidan mamnun ekanini taʼkidlab, Oʻzbekiston tashabbuslari xalqaro va mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlash, maʼnaviyat, taʼlim, ekologiya, turizm kabi sohalarni rivojlantirishda muhim oʻrin tutayotganini qayd etdi.
Oʻzbekiston Markaziy Osiyoda ishonch va yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarini mustahkamlash, mintaqadagi barcha mamlakatlar bilan oʻzaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishga qatʼiy intilmoqda. Eng muammoli masalalarning yechimi topildi, barcha qoʻshnilar bilan aloqalar sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarildi. Keyingi ikki yilda mintaqa davlatlari bilan tovar ayirboshlash hajmi qariyb 2 barobar ortdi.
BMT Bosh Assambleyasining Markaziy Osiyo boʻyicha tarixiy ahamiyatga ega rezolyusiyasi hamda Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik boʻyicha rezolyusiyasi qabul qilingani Oʻzbekistonning bu boradagi saʼy-harakatlarining xalqaro eʼtirofi boʻldi. Mamlakatimiz Yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi xalqaro konvensiyani tayyorlash va qabul qilish boʻyicha muhim tashabbusni ham ilgari surgan.
BMT Bosh kotibining koʻmagi tufayli BMT shaʼfeligida Orolboʻyi uchun koʻp sheriklik asosidagi Trast fondi faoliyat boshladi. Orolboʻyida umumiy qiymati 3 milliard dollardan ortiq loyihalar ishlab chiqilgan va amalga oshirilmoqda.
Antoniu Guterrish Shavkat Mirziyoyev rahbarligida Orolboʻyida aholi turmushi sifati va darajasini oshirish, zamonaviy uy-joy, ijtimoiy infratuzilma va sanoat obyektlarini qurish, umuman, Orol foijasining salbiy oqibatlarini yumshatish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni yuksak baholadi. Besh oy mobaynida Orolning qurigan tubidagi 500 ming gektardan ortiq maydonda himoya oʻrmonzorlari ekildi, 1,1 million gektar maydonda qum tutish tizimi yaratildi.
Uchrashuvda, joriy yil oktyabr oyida Nukusda boʻlib oʻtadigan Orolboʻyida ekologik innovatsiya va texnologiyalarni rivojlantirish boʻyicha xalqaro konferensiya yakunida Oʻzbekiston BMT Bosh Assambleyasiga ushbu hududni «Ekologik innovatsiya va texnologiyalar hududi» sifatida eʼlon qilishga doir maxsus rezolyusiya qabul qilish tashabbusi bilan chiqishi rejalashtirilgani taʼkidlandi.
Bundan tashqari, 2020 yilda Toshkent shahrida Ozon qatlamini yemiruvchi moddalar boʻyicha Monreal protokolini amalga oshirish masalalariga bagʻishlangan xalqaro konferensiya oʻtkazilishi qayd etildi.
Suhbat chogʻida Afgʻonistondagi vaziyatni tez fursatda tinch yoʻl bilan hal etish mintaqamizda barqarorlikni taʼminlashning muhim omili ekani taʼkidlandi. Oʻzbekiston Afgʻonistonni mintaqaviy iqtisodiy hamkorlikka faol jalb etmoqda, ushbu mamlakat uchun savdo, infratuzilma va ijtimoiy loyihalarni ilgari surmoqda.
Antoniu Guterrish Oʻzbekiston bilan keng koʻlamli hamkorlikni yanada kengaytirish uchun zarur barcha koʻmakni koʻrsatishga tayyor ekanini yana bir bor tasdiqladi.