Samarqand shahridagi Kongress markazida Oʻzbekistonga rasmiy tashrif bilan kelgan Eron Islom Respublikasi Prezidenti Ibrohim Raisiyni rasmiy kutib olish marosimi boʻlib oʻtdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Kongress markazida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va rasmiy tashrif bilan mamlakatimizda boʻlib turgan Eron Islom Respublikasi Prezidenti Ibrohim Raisiyning uchrashuvi boʻlib oʻtdi.
Davlatimiz rahbari Eron Prezidentining ushbu tashrifini tarixiy deya baholadi hamda mamlakatlarimiz oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatilganining 30 yilligi bilan qutladi.
Keyingi yillarda Oʻzbekiston – Eron munosabatlari yangi surʼat bilan rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan taʼkidlandi.
Muzokaralarda Prezidentlar ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlash, siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-logistika va madaniy-gumanitar sohalarda amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildilar.
Savdo va transport sohalaridagi sheriklikka, ikki mamlakat hududlari oʻrtasidagi hamkorlikka alohida eʼtibor qaratildi.
Tomonlar keyingi yillarda oʻzaro muloqot va almashinuvlar faollashganini qayd etdilar. Savdo koʻrsatkichlari va kooperatsiya loyihalari soni oshib bormoqda. Oʻtgan yilda tovar ayirboshlash 73 foizga, joriy yil boshidan esa yana 15 foizga oshdi.
Joriy yilda Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yigʻilishi, biznes va fan-innovatsiya forumlari oʻtkazildi, Qoʻshma investitsiya qoʻmitasi taʼsis etildi.
Ikki tomonlama savdoni yanada koʻpaytirish, yaqin istiqbolda tovar ayirboshlashni 1 milliard dollarga yetkazish uchun keng imkoniyatlar borligi qayd etildi.
Shu maqsadda tegishli “yoʻl xarita”si ishlab chiqiladi. Bundan tashqari, imtiyozli savdo toʻgʻrisida bitim imzolash koʻzda tutilgan.
Qishloq xoʻjaligi, farmatsevtika, neft-gaz, qurilish materiallari va metall mahsulotlar ishlab chiqarish tarmoqlarida, fan va innovatsiyalar sohasida boshlangan va ishlab chiqilayotgan kooperatsiya loyihalari qayd etildi. Qoʻshma sanoat klasterlarini yaratish orqali ishlab chiqarishni mahalliylashtirish istiqbollari koʻrib chiqildi.
Transport-logistika sohasidagi hamkorlikka alohida eʼtibor qaratildi. “Oʻzbekiston – Turkmaniston — Eron” yoʻli orqali avtotransportda yuk tashishni yoʻlga qoʻyish, “Chobahor” porti salohiyatidan samarali foydalanish, yuklar olib kirilishi va tranziti sharoitlarini yengillashtirish bu boradagi imkoniyatlarning kengayishiga xizmat qilishi aytib oʻtildi.
Ikki mamlakat hududlari oʻrtasidagi iqtisodiy, turizm va madaniy aloqalarni faollashtirish muhimligi qayd etildi.
Afgʻoniston mavzusi yuzasidan ham fikr almashildi.
Ibrohim Raisiy Oʻzbekiston Prezidentini oʻzi uchun qulay vaqtda javob tashrifi bilan Eronga borishga taklif etdi.
Oliy darajadagi Oʻzbekiston-Eron muzokaralari samarali va amaliy ruhda oʻtdi. Uchrashuv yakunida hamkorlikning turli sohalarini qamrab olgan 18 ta hujjat imzolandi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Eron Islom Respublikasi Prezidenti Ibrohim Raisiy Qoʻshma bayonot imzoladilar. Unda asosiy kelishuvlar qayd etilgan hamda ikki mamlakat oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish borasidagi uzoq muddatli vazifalar belgilangan.
Muzokaralar yakunida ikki tomonlama bitim va memorandumlar imzolandi. Bular:
— ishbilarmonlik va ilmiy doiralar vakillari hamda sayyohlik guruhlari uchun viza tartibotlarini soddalashtirish toʻgʻrisida bitim;
— diplomatik pasportlar egalarini viza talablaridan ikki tomonlama ozod etish toʻgʻrisida bitim;
— 2022-2025 yillarda turizm sohasidagi hamkorlik dasturi;
— fan, texnika va innovatsiya sohalarida oʻzaro anglashuv toʻgʻrisida memorandum;
— bojxona chegarasi orqali tovarlar va transport vositalarining harakati toʻgʻrisida elektron bojxona axborotini almashish toʻgʻrisida memorandum;
— E-TIRga oid elektron axborotni almashish toʻgʻrisida memorandum;
— fan, tadqiqotlar, taʼlim va texnologiyalar sohalarida hamkorlik toʻgʻrisida memorandum;
– ekologiya va atrof-muhitni himoya qilish masalalari toʻgʻrisida memorandum;
— qishloq xoʻjaligi vazirliklari oʻrtasidagi bitim;
— sogʻliqni saqlash, davolash, ilmiy tadqiqotlar oʻtkazish, taʼlim, farmatsevtika va tibbiy uskunalar sohasidagi hamkorlik toʻgʻrisida memorandum;
— sport sohasidagi hamkorlik toʻgʻrisida memorandum;
— neft, gaz va neft-kimyo tarmoqlaridagi hamkorlik toʻgʻrisida memorandum;
— “Chobahor” porti orqali xalqaro yuk tashishlar va tranzitni amalga oshirish toʻgʻrisida memorandum;
— 2022-2024 yillarda tashqi ishlar vazirliklari oʻrtasidagi hamkorlik dasturi;
— bandlik va mehnat munosabatlari masalalari boʻyicha memorandum.
Shuningdek, Abu Rayhon nomidagi Oʻzbekiston Sharqshunoslik instituti hamda Eron Arxiv tashkiloti va Milliy kutubxonasi oʻrtasida, ikki mamlakatning Ibn Sino fondlari oʻrtasida hujjatlar imzolandi.