Oʻzbekiston va Fransiya yetakchilari ikki tomonlama munosabatlarni strategik sheriklik darajasiga olib chiqdilar

0
21
marta koʻrilgan.

Yelisey saroyida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Fransiya Respublikasi Prezidenti Emmanuel Makronning muzokaralari boʻlib oʻtdi.

Davlat rahbarlari koʻp qirrali Oʻzbekiston-Fransiya munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlash masalalarini yuzma-yuz va delegatsiyalar ishtirokida atroflicha muhokama qildilar.

Ikki mamlakat yetakchilarining 2023 yil noyabr oyida Samarqand shahrida oʻtgan uchrashuvi davomida erishilgan kelishuvlar amalga oshirilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Turli darajalarda faol muloqotlar davom etmoqda. Oʻtgan yilda tovar ayirboshlash hajmi ilk bor 1 milliard yevrodan oshdi, qoʻshma korxonalar soni 4 barobar koʻpaydi.

Yurtimizda Fransiyaning “Orano”, “EDF”, “Total”, “SUEZ”, “Voltalia”, “Veolia” va koʻplab boshqa yetakchi kompaniyalari muvaffaqiyatli ish olib bormoqda. Fransiya taraqqiyot agentligi bilan hamkorlik yangi sifat kasb etdi, u bilan yangi Hamkorlik dasturi qabul qilinmoqda.

Tashrifga tayyorgarlik doirasida Hukumatlararo komissiya yigʻilishi va «MEDEF» biznes missiyasi samarali oʻtdi, Ishbilarmonlar palatasi oʻz ishini boshladi.

Shu kunlarda Parij, Tuluza, Lion va Nitssa shaharlarida hududlarning faol ishtirokida qoʻshma tadbirlar oʻtkazilmoqda. Kuni kecha qoʻshma tibbiyot forumi hamda fan va taʼlim boʻyicha konferensiya, Oʻzbekistonning turizm salohiyati va madaniyatiga bagʻishlangan taqdimotlar oʻtkazildi. Grets-Armenvil shahrida buyuk alloma Abu Rayhon Beruniy byusti ochildi.

Savdo-iqtisodiy va investitsiya-moliyaviy sohalarda oʻzaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish, Fransiyaning yetakchi kompaniya va korxonalari bilan kooperatsiya loyihalarini ilgari surishga ustuvor ahamiyat qaratildi.

Bu galgi sammitga yangi Innovatsiya va sanoat sherikligi dasturi tayyorlangan. Muhim mineral xomashyo resurslarini qazib olish va qayta ishlash, energetika, infratuzilmani rivojlantirish, transport va boshqa tarmoqlarda umumiy qiymati 6,5 milliard yevrolik qoʻshma loyihalarni ilgari surish koʻzda tutilgan.

Umuman, qoʻshma loyihalar portfeli 12 milliard yevrodan ziyodni tashkil etmoqda.

Shu maʼnoda, moliyaviy qoʻllab-quvvatlash vositalarini kengaytirish muhimligi taʼkidlandi.

Davlatimiz rahbari uzoq muddatli kooperatsiya aloqalarini yoʻlga qoʻyishga koʻmaklashish maqsadida Oʻzbekiston-Fransiya investitsiya kengashini taʼsis etish va uning birinchi yigʻilishini joriy yil iyun oyida Toshkent investitsiya forumi doirasida oʻtkazishni taklif etdi.

Hududlararo aloqalarni ragʻbatlantirish maqsadida kelgusi yilda Samarqand shahrida ikki mamlakat hududlarining birinchi forumini oʻtkazishga kelishib olindi.

Yetakchilar gumanitar yoʻnalishdagi amaliy hamkorlikni kengaytirishga alohida eʼtibor qaratdilar. Parij shahrida Savitskiy muzeyi toʻplamidagi avangard asarlar koʻrgazmasini tashkil etish, madaniy yodgorliklarni saqlash va restavratsiya qilish boʻyicha hamkorlik uchun mamlakatimizda Fransiya merosi instituti vakolatxonasini ochish rejalari qoʻllab-quvvatlandi.

Joriy yilda Toshkent shahrida Fransiyadan tajribali mutaxassislarni jalb qilgan holda Oʻzbekiston-Fransiya universiteti ochilishi taʼlim sohasidagi asosiy kelishuv boʻlgani taʼkidlandi. Fransuz tili oʻqituvchilarini tayyorlash sohasida ham samarali hamkorlik davom ettiriladi.

Ishbilarmonlik, turizm va madaniy almashinuvlarni faollashtirish maqsadida tomonlar toʻgʻridan-toʻgʻri aviaqatnovlar sonini koʻpaytirish masalasini koʻrib chiqadilar.

Davlat rahbarlari xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar. Koʻp tomonlama tashkilotlar doirasida bir-birini qoʻllab-quvvatlashni davom ettirish, terrorizm, ekstremizm, radikalizm, kiberjinoyatchilik va xavfsizlikka tahdid solayotgan boshqa zamonaviy xatarlarga qarshi kurashishda saʼy-harakatlarni birlashtirish muhim ekani taʼkidlandi.

Tizimli muloqotni yoʻlga qoʻyish va muvofiqlashtirish maqsadida tashqi ishlar vazirliklari boshchiligida iqtisodiy idoralarni jalb qilgan holda Strategik rejalashtirish guruhini tuzishga kelishib olindi.

Muzokaralar yakunida davlat rahbarlari ikki mamlakat oʻrtasida strategik sheriklik munosabatlarini oʻrnatish toʻgʻrisida tarixiy qarorga keldilar.

Uchrashuv yakunida Prezident Shavkat Mirziyoyev Prezident Emmanuel Makronni oʻzi uchun qulay vaqtda javob tashrifi bilan Oʻzbekistonga kelishga taklif etdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.