Fransiya Respublikasi Prezidenti Emmanuel Makronning Oʻzbekiston Respublikasiga rasmiy tashrifining ishbilarmonlik dasturi doirasida Samarqand shahrida qoʻshma biznes forumi boʻlib oʻtdi. Uning ishida ikki davlat rahbarlari ishtirok etdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2022 yil noyabr oyida Fransiyaga rasmiy tashrifi davomida ham ushbu mamlakat ishbilarmon doiralarining yetakchi vakillari bilan uchrashgan. Oʻshanda savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sheriklikni kengaytirish yuzasidan aniq kelishuvlarga erishilgan edi. Bugungi uchrashuv ushbu ochiq va konstruktiv muloqotning davomi boʻldi.
Fransiya tomonidan tadbirda tashqi savdo, iqtisodiy jozibadorlik masalalari va xorijdagi fransuz fuqarolarining ishlari boʻyicha vazir-delegat Olivye Besht, iqtisodiyot, moliya, sanoat va raqamli suverenitet vaziri huzuridagi sanoat masalalari boʻyicha vazir-delegat Rolan Leskyur, “MEDEF International” biznes uyushmasi bosh direktori Klod Imoven, Fransiya taraqqiyot agentligi bosh direktori Remi Riu qatnashdi.
Bundan tashqari, tadbirda EDF, Voltalia, Total Energies, Orano, Eiffage, Veolia, SUEZ, Lactalis, Semai, Semmaris, Alstom, Airbus Helicopters, ATR, Vicat, Mobilitas, Boehringer Ingelheim, Thales, Aramine, Meridiame, Societe Generale, Natixis kabi yirik kompaniya va banklar rahbarlari ishtirok etdi.
Koʻhna Samarqanddagi uchrashuvni ochar ekan, davlatimiz rahbari Prezident Emmanuel Makronni va Fransiya ishbilarmon elitasi vakillarini samimiy qutladi.
Oliy darajadagi faol muloqotlar tufayli savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikda ijobiy surʼat kuzatilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Yil boshidan oʻzaro savdo hajmi uch barobar, keyingi yillarda qoʻshma korxonalar soni toʻrt barobar koʻpaydi.
Toʻgʻridan-toʻgʻri savdo aloqalari va sanoat kooperatsiyasini yanada mustahkamlash ikki mamlakatning uzoq muddatli manfaatlariga mos ekani qayd etildi.
– Bugun qadrli hamkasbim bilan nihoyatda samarali muzokaralarni oʻtkazdik, hamkorligimizning yangi davri boshlanayotganini alohida taʼkidlashni istardim. Kelgusida oʻzaro munosabatlarimizni strategik sheriklik darajasiga koʻtarish niyatidamiz, – dedi Oʻzbekiston Prezidenti.
Davlatimiz rahbari oʻz nutqida yetakchilar kelgusida savdo hajmlarini keskin oshirish, Fransiya kompaniyalarining investitsiyaviy faoliyatini faollashtirish masalalariga har tomonlama koʻmaklashishga kelishib olganlarini qayd etdi.
Bunda qoʻshma loyihalarni moliyalashtirishning yangi mexanizmlari joriy qilinadi, biznes uchun yanada qulay sharoitlar yaratiladi va ishbilarmonlik tashabbuslariga har tomonlama koʻmaklashiladi.
Bugungi kunda energetika, togʻ-kon sanoati, suv taʼminoti, transport, qishloq xoʻjaligi, bank-moliya va boshqa sohalardagi hamkorlikda katta natijalarga erishilmoqda.
Fransiyaning ishbilarmon doiralari bilan samarali va ochiq muloqotni kengaytirish uchun yangi samarali platformalarni yaratishga tayyorlik bildirildi.
Shu maʼnoda, mamlakatimiz yetakchisi Oʻzbekiston-Fransiya savdo palatasini tashkil etish boʻyicha forum doirasida erishilgan kelishuvni olqishladi. Bundan tashqari, Toshkent shahrida “Business France” agentligining ofisini ochish rejalari qoʻllab-quvvatlandi.
Fransiya hukumati, yetakchi kompaniyalari va moliya institutlari Oʻzbekistondagi islohotlar dasturini faol qoʻllab-quvvatlashda davom ettirishidan manfaatdorlik bildirildi.
– Bir narsani aniq aytishim mumkin – islohotlarimiz orqaga qaytmas tus oldi. Bizning bosh ustuvor maqsadimiz – kuchli fuqarolik jamiyati institutlari, zamonaviy infratuzilma va qudratli sanoatga ega boʻlgan demokratik davlatni qurishdir, — dedi davlatimiz rahbari.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston-Fransiya sherikligini kengaytirish boʻyicha toʻrtta eng ustuvor yoʻnalishni koʻrsatib oʻtdi va qator tashabbuslarni ilgari surdi.
Mamlakatimiz “yashil” energetikadek muhim sohada strategik hamkorlikni rivojlantirishga tayyor ekani taʼkidlandi. Bu borada “EDF”, “Voltalia” va “Total Energies” kompaniyalari bilan yirik loyihalar boshlangan.
Kooperatsiyaning yana bir muhim yoʻnalishi sifatida strategik xomashyo resurslarini chuqur qayta ishlash va ilgʻor texnologiyalar asosida sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish qayd etildi. Bu sohada “Orano” kompaniyasi bilan sheriklikni kengaytirish rejalari borligi taʼkidlandi.
Suv resurslaridan samarali foydalanish va zamonaviy infratuzilmani barpo etish muhim ustuvor yoʻnalish sifatida koʻrsatib oʻtildi. “SUEZ”, “Eiffage” va “Veolia” kompaniyalari bilan birgalikda yurtimiz suv taʼminoti va isitish tizimlarini modernizatsiya qilish boʻyicha katta ishlar olib borilayotgani taʼkidlandi.
Navbatdagi muhim yoʻnalish sifatida qishloq xoʻjaligida raqobatbardoshlikni oshirish va oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashga katta eʼtibor qaratildi.
Shu munosabat bilan mamlakatimiz hududlarida zamonaviy agrologistika majmualarini qurish boʻyicha Fransiya tomonidan bilan faol hamkorlik qilinishi qoʻllab-quvvatlandi.
Oʻzbekiston Prezidenti biznes forumi ikki mamlakat ishbilarmonlari oʻrtasida amaliy muloqotni jadallashtirish hamda yangi oʻsish nuqtalarini belgilab olishga qaratilgani bilan ayniqsa ahamiyatli ekanini taʼkidladi.
– Yangi Oʻzbekistonda ishlash uchun fransiyalik hamkorlarimizga eshiklarimiz doim ochiq ekanini, qanday foydali qoʻshma loyihalaringiz boʻlsa, amalga oshirishga doim tayyorligimizni taʼkidlamoqchiman, – dedi davlatimiz rahbari soʻzining yakunida.
Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron ham biznes forum ishtirokchilariga murojaat qildi. U Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlarni toʻliq qoʻllab-quvvatlab, ushbu siyosat tufayli ikki tomonlama investitsiyaviy hamkorlik uchun katta imkoniyatlar ochilganini qayd etdi. Oʻzaro manfaatli sheriklikda mavjud ulkan salohiyatni yanada faol ishga solishga chaqirdi, bundan mamlakatlarimiz iqtisodiyotlari va xalqlari manfaat topishiga ishonch bildirdi.
Biznes forumi yakunida energetika, metallurgiya, suv taʼminoti, qishloq xoʻjaligi, transport va boshqa muhim sohalarda erishilgan kelishuvlar boʻyicha salmoqli hujjatlar toʻplami imzolandi.