Oʻzbekiston va Fransiya Prezidentlari yuksak darajadagi har tomonlama sheriklikni rivojlantirishga kelishib oldilar

0
94
marta koʻrilgan.

22 noyabr kuni Parijdagi Yelisey saroyida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Fransiya Respublikasi Prezidenti Emmanuel Makronning muzokaralari boʻlib oʻtdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Davlat rahbarlari Oʻzbekiston va Fransiya oʻrtasidagi oʻzaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish masalalarini atroflicha koʻrib chiqdilar va munosabatlarni yuksak darajadagi keng qamrovli sheriklik ruhida rivojlantirishga kelishib oldilar.

Yetakchilar ikki mamlakat oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatilganining 30 yilligi nishonlanayotgan joriy yilda ikki tomonlama aloqalar jadal surʼat bilan rivojlanib borayotgani, keng siyosiy muloqot chuqurlashib, xalqaro tashkilotlar doirasida tomonlar oʻzaro koʻmaklashayotgani, parlamentlararo muloqot kengayganini mamnuniyat bilan qayd etdilar.

Keyingi yillarda Fransiya kompaniyalari ishtirokidagi qoʻshma korxona va loyihalar soni uch barobar koʻpaydi. Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan qoʻshma loyihalarning joriy portfeli 5 milliard yevrodan oshdi.

Energetika, geologiya-qidiruv, oziq-ovqat sanoati va savdo sohalarida «Total Eren», «Veolia», «EDF», «Orano», «Lactalis», «Carrefour» va «Shiever» kabi xalqaro miqyosdagi kompaniyalarning oʻzaro manfaatli faoliyati qayd etildi.

Shahar infratuzilmasini rivojlantirish, «yashil» iqtisodiyot, kommunal, gidroenergetika, qishloq xoʻjaligi va boshqa sohalardagi loyihalarda ishtirok etayotgan Fransiya taraqqiyot agentligi bilan hamkorlik sifat jihatidan yangi mazmun kasb etdi.

Tashrif arafasida oʻtkazilgan Oʻzbekiston-Fransiya ishbilarmonlik tadbirlarining yakunlari, ularning doirasida umumiy qiymati 6 milliard yevrodan ortiq boʻlgan savdo-iqtisodiy bitim va shartnomalar imzolangani yuksak baholandi.

Xavfsizlik sohasida, yuzaga kelayotgan tahdid va xatarlarga samarali qarshi kurashish borasidagi ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlashdan manfaatdorlik bildirildi.

Madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirishning ahamiyati qayd etildi. Tomonlar Samarqandda Fransiya alyansining boʻlinmasi ochilishini qoʻllab-quvvatladilar hamda joriy yil 27-28 noyabr kunlari Parijda ikkinchi Oʻzbekiston-Fransiya taʼlim forumining oʻtkazilishini olqishladilar. Fransuz tili oʻqituvchilarini tayyorlash sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga kelishib olindi.

Yetakchilar Oʻzbekistonning madaniy-tarixiy merosiga bagʻishlab Luvr muzeyida “Oʻzbekiston vohalarining moʻjizalari. Karvon yoʻllari chorrahasida” va Arab dunyosi institutida “Samarqandga yoʻl. Ipak va oltin moʻjizalari” koʻrgazmalari ochilishini mamnuniyat bilan qayd etdilar.

Davlat rahbarlari dolzarb xalqaro va mintaqaviy muammolar yuzasidan ham fikr almashdilar.

Uchrashuv ochiq, samimiy va doʻstona muhitda oʻtdi. Yakunda Shavkat Mirziyoyev Emmanuel Makronni oʻzi uchun qulay vaqtda tashrif bilan mamlakatimizga borishga taklif etdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.