Oʻzbekiston va Germaniya yetakchilarining sammiti boʻlib oʻtdi

0
157
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 12 mart kunining ikkinchi yarmida Germaniya Federal kansleri Angela Merkel bilan videoanjuman shaklida muzokara oʻtkazdi.

Bugungi kunda jahonning ilgʻor mamlakatlaridan biri boʻlgan Germaniya sanoat va texnologiyalar borasida tan olingan peshqadam sifatida global iqtisodiyotning turli tarmoq va sohalarda yetakchi oʻrinni egallab kelmoqda.

Bundan tashqari, Germaniya pandemiya oqibatlarini yengib oʻtish boʻyicha xalqaro tashabbuslarni ilgari surishda faol ishtirok etib, jahon mamlakatlariga, shu jumladan Oʻzbekistonga katta amaliy yordam koʻrsatmoqda.

Xususan, Germaniya koʻmagi bilan COVAX tashabbusi doirasida shu oyning oxirida mamlakatimizga koronavirusga qarshi vaksinaning birinchi yirik partiyasi yetkazib beriladi. Bundan tashqari, Yevropaning yuqumli kasalliklarni oʻrganish sohasidagi nufuzi ilmiy-tadqiqot muassasasi – Robert Kox instituti bilan yaqindan hamkorlik oʻrnatilgan.

Oʻzbekiston va Germaniya yetakchilarining bugungi uchrashuvi kun tartibidan jahonda murakkab epidemiologik vaziyat oqibatida inqirozli hodisalar kuchayishi sharoitida mamlakatlarimiz oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari oʻrin oldi.

Oʻzbekiston Prezidenti va Germaniya Kansleri ikki yil avval Berlin shahrida oʻtgan oliy darajadagi uchrashuvlarda erishilgan kelishuvlarning birgalikda amalga oshirilayotgani ikki tomonlama munosabatlarning barqaror surʼatlar bilan rivojlanishini taʼminlayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etdilar.

Davlatimiz rahbari mamlakatimizda yangi demokratik yangilanishlar siyosatini ogʻishmay qoʻllab-quvvatlayotgani hamda yurtimizdagi ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarga moliyaviy-texnik jihatdan koʻmaklashish dasturini kengaytirayotgani uchun GFR hukumatiga minnatdorlik bildirdi.

Iqtisodiy hamkorlik masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Germaniya Oʻzbekistonning muhim texnologik va investitsiyaviy sherigi boʻlib kelmoqda.

Keyingi yillarda oʻaro tovar ayirboshlash hajmi 1,5 barobar koʻpaydi, 50 ga yaqin yangi qoʻshma korxona tashkil etildi. Oʻzbekistonda Germaniyaning «MAN», «Claas», «Knauf», «Papenburg» kabi mashhur kompaniyalari faol ishlamoqda. «Volkswagen» va «Viessmann» kompaniyalari ilk bor yurtimiz bozoriga kirib kelgan boʻlsa, uzoq tanaffusdan soʻng «Siemens» va «Bosch» kompaniyalari qaytib keldi. Oʻtgan yilda Germaniya kompaniyalari tomonidan mamlakatimiz iqtisodiyotiga kiritilgan investitsiyalar hajmi 700 million dollardan oshdi.

Uchrashuvda qoʻshma loyihalar, ishbilarmonlarning aloqalari va tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, yetakchi nemis kompaniyalari va bank institutlarining Oʻzbekistondagi faoliyatini kengaytirishga kelishib olindi.

Kooperatsiyaning yangi yoʻnalishlarini, eng avvalo, industrial klasterlar, raqamlashtirish va “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish masalalarini muhokama qilish, qayta tiklanuvchi energetika sohasidagi loyihalarni ilgari surish maqsadida joriy yilning may oyida Oʻzbekiston-Germaniya ishbilarmonlar kengashining navbatdagi uchrashuvini oʻtkazish rejalashtirildi.

Tomonlar mamlakatimizning Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlishi masalasida hamda Yevropa Ittifoqi bilan konstruktiv muloqot doirasida, shu jumladan Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi bitimni tayyorlashni tez fursatda yakunlash boʻyicha hamkorlikni davom ettirishga ahdlashib oldilar.

Inson huquq va erkinliklarini taʼminlash, korrupsiyaga qarshi kurashish va gender tenglik kabi ustuvor yoʻnalishlarda hamkorlikni mustahkamlash muhim ekani taʼkidlandi.

Gumanitar almashinuvlar sohasida Oʻzbekistonda nemis tilining oʻrganilishini kengaytirish va bu borada tegishli davlat dasturini qabul qilish tashabbusi qoʻllab-quvvatlandi.

Oʻzbekiston Prezidenti va Germaniya Kansleri xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar hamda global va mintaqaviy tuzilmalar doirasidagi hamkorlik yuzasidan ham fikr almashdilar.

Mamlakatimizning Markaziy Osiyoda doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik, ishonch va sheriklik munosabatlarini mustahkamlash borasidagi siyosati qoʻllab-quvvatlandi. Afgʻonistondagi tinchlik jarayoniga koʻmaklashish, shu maqsadda transport va energetika sohalarida mintaqaviy infratuzilma loyihalarini ilgari surish maqsadida koʻrilayotgan saʼy-harakatlar yuksak baholandi.

Muzokaralar yakunida Prezident Shavkat Mirziyoyev Federal kansler Angela Merkelni Oʻzbekiston Respublikasiga tashrif bilan kelishga taklif qildi.

Oʻzbekiston va Germaniya yetakchilarining uchrashuvi har doimgidek ochiq va konstruktiv muhitda, ishchan va doʻstona ruhda oʻtdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.