3 may kuni Berlin shahridagi Belvyu saroyida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Germaniya Federativ Respublikasi Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayerning muzokaralari boʻlib oʻtdi deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Uchrashuv avvalida davlatimiz rahbari Federal Prezidentga Germaniyaga tashrif bilan kelish taklifi va koʻrsatilayotgan samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirdi.
Prezidentlar Oʻzbekiston bilan Germaniya oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlik misli koʻrilmagan surʼatda rivojlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdilar. Faol siyosiy, gumanitar va ishbilarmonlik muloqotlari davom etmoqda. Tomonlar nufuzli xalqaro institutlar, shu jumladan Birlashgan Millatlar Tashkiloti doirasida bir-birini qoʻllab-quvvatlab kelmoqda.
Ikki tomonlama munosabatlarni yanada yuqori bosqichga olib chiqish muhimligi yuzasidan yakdil fikr bildirildi.
Prezidentlar savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va texnologik hamkorlikni kengaytirish masalalarini koʻrib chiqdilar, amaliy hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlarini belgilab oldilar.
Jumladan, keyingi yillarda tovar ayirboshlash va qoʻshma loyihalar soni ikki barobar oshdi. Iqtisodiyotimizda Germaniya investitsiyalari hajmi 5,5 milliard yevroni tashkil etmoqda, shundan 4 milli ard yevro oxirgi bir necha yilda jalb qilingan.
Prezidentlar umumiy qiymati 9 milliard yevrodan ziyod boʻlgan savdo shartnomalari va investitsiya-texnologiya bitimlari imzolanishi bilan yakunlangan ishbilarmonlik tadbirlarining natijalarini olqishladilar.
Berlinda Oʻzbekistonning Markaziy Osiyo mintaqasida barqarorlik va farovonlikni taʼminlash borasidagi saʼy-harakatlari yuksak baholanmoqda.
Shu maʼnoda, Germaniya mintaqadagi oʻzaro bogʻliqlik loyihalarini, shu jumladan Yevroittifoqning “Global darvoza” tashabbusi doirasida qoʻllab-quvvatlashga tayyorligi taʼkidlandi.
Tomonlar mintaqada, shu jumladan Afgʻonistondagi vaziyatni inobatga olgan holda xavfsizlikni taʼminlash, zamonaviy tahdid va xatarlarga qarshi kurashish borasidagi sheriklikni mustahkamlashdan manfaatdor ekanini bildirdilar.
Afgʻon xalqiga manzilli gumanitar yordam koʻrsatish, bunda chegaraoldi Termiz shahrida yaratilgan zamonaviy infratuzilma imkoniyatlaridan ham foydalanish muhimligi qayd etildi.
Madaniy-gumanitar almashinuv masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Yetakchilar Berlin shahrida Oʻzbekistonning tarixiy-madaniy merosiga bagʻishlab noyob koʻrgazma ochilayotganidan mamnunligini bildirdilar.
Oʻzbekistonda nemis tilini oʻrganish boʻyicha kompleks dasturni tayyorlash, shu jumladan mamlakatimiz hududlarida Gyote Instituti faoliyatini kengaytirish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Uchrashuv yakunida Shavkat Mirziyoyev Frank-Valter Shtaynmayerni mamlakatimizga tashrif bilan kelishga taklif etdi.