Oʻzbekiston va Germaniya Prezidentlari koʻp qirrali hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildilar

0
124
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 14 mart kuni Germaniya Federativ Respublikasi Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer bilan telefon orqali muloqot qildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Oʻzbekiston va Germaniya oʻrtasidagi koʻp qirrali munosabatlarni yanada mustahkamlash va oʻzaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish masalalari koʻrib chiqildi.

Suhbat avvalida davlat rahbarlari ikki mamlakat oʻrtasidagi diplomatik munosabatlar oʻrnatilganining 30 yilligi munosabati bilan bir-birini tabriklab, samimiy istaklarini bildirdilar.

Ushbu tarixiy davrda ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirish borasida birgalikda katta ishlar qilingani, oʻzaro ishonch va sheriklik uchun mustahkam poydevor yaratilgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

Yetakchilar Oʻzbekiston va Germaniya oʻrtasidagi amaliy hamkorlik holati va istiqbollarini ham muhokama qildilar, turli darajalarda muntazam siyosiy muloqot va faol aloqalarni davom ettirish muhim ekanini taʼkidladilar.

Germaniyaning yetakchi kompaniya va banklari bilan savdo, investitsiyalar, yuqori texnologiyalar, sanoat, qishloq xoʻjaligi va boshqa sohalarda qoʻshma kooperatsiya loyihalarini ilgari surishga alohida eʼtibor qaratildi.

Moliyaviy-texnik koʻmakni hamda madaniy-gumanitar almashinuvlarni, eng avvalo, Oʻzbekistonda nemis tilini chuqurlashtirilgan oʻqitish sohasida kengaytirish muhimligi qayd etildi.

Prezidentlar xalqaro kun tartibining dolzarb masalalari, shu jumladan Ukraina atrofida yuzaga kelayotgan vaziyat yuzasidan fikr almashdilar. Vaziyatning yanada keskin tus olishiga yoʻl qoʻymaslik va mojaroni tez fursatda tartibga solish uchun siyosiy-diplomatik saʼy-harakatlarni davom ettirish zarurligi taʼkidlandi.

Telefon muloqoti har doimgidek ishonch ruhida va doʻstona muhitda oʻtdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.