Germaniyaga tashrif doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Germaniya Federal Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer Berlin shahridagi jahonga mashhur Jeyms Simon galereyasida “Oʻzbekistonning arxeologik xazinalari. Makedoniyalik Iskandardan Kushonlar saltanatigacha” nomli noyob koʻrgazmani ochdilar, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Davlatimiz rahbari ochilish marosimida ikki mamlakatda xalqlarimizning boy madaniy merosi va bugungi yutuqlariga qiziqish ortib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.
Oʻzbekistonda Gyote, Geyne, Shiller, Tomas Mann, Remark va koʻplab boshqa adiblarning oʻlmas ijodini, Bax, Betxoven, Shtraus, Vagnerning ajoyib musiqasini yaxshi bilishadi va qadrlashadi.
Hududidan Yevropaga eltuvchi qadimgi karvon yoʻllari oʻtgan Oʻzbekistonning tarixi bilan Germaniya jamoatchiligi yaxshi tanish.
Asrlar davomida Buyuk Ipak yoʻli savdo, fan, madaniyat va sanʼat rivojiga ulkan hissa qoʻshib kelgan, madaniyatlararo muloqotga, maʼnaviy qadriyatlar almashinuviga, progressiv gʻoyalar shakllanishiga, integratsiya va hamkorlikka, tinchlik va bunyodkorlikka, bagʻrikenglik va totuvlikka xizmat qilgan.
Buyuk shoir Gyote oʻzining “Gʻarbiy-sharqiy devon” sheʼriy toʻplamida koʻhna Samarqand va Buxoro goʻzalligini tarannum etgan boʻlsa, atoqli bastakor Gendel “Temur” operasini yaratgan.
Koʻrgazmaning ochilishi Oʻzbekiston va Germaniya oʻrtasidagi madaniy aloqalarda diqqatga sazovor voqea boʻldi. Uning oʻtkazilishi haqida Germaniya Federal Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayerning 2019 yil maydagi Oʻzbekistonga tashrifi chogʻida kelishilgan edi.
Qariyb toʻrt yil davomida ikki mamlakat arxeologlari, tarixchilari, sanʼatshunoslari va muzey xodimlari tadbirni tashkillashtirish ustida fidokorona mehnat qildi. Germaniyalik mutaxassislar ishtirokida 50 ga yaqin eng qimmatli osori-atiqalar restavratsiya qilindi.
2024 yil 14 yanvar kuniga qadar davom etadigan koʻrgazmada Berlin davlat muzeylari toʻplamlaridan 65 ta va Oʻzbekiston muzeylari toʻplamlaridan 285 ta eksponat namoyishga qoʻyilgan. Ularning koʻpi mamlakatimiz tashqarisida ilk bor koʻrsatilmoqda.
Koʻrgazma mamlakatimizning qadimiy va boy madaniyati, bugungi Oʻzbekiston va Markaziy Osiyo hududida joylashgan ilk davlatlarning miloddan avvalgi VI asrdan milodiy IV asrgacha davrni qamrab olgan tarixi haqida soʻzlaydi.
Bu yerdagi durdonalar orasida Kushon saltanatining Dalvarzintepa va Holchayon qoʻrgʻonlaridan topilgan aslzodalar, askar va badavlat ayollar haykallari bor.
Ushbu betakror ekspozitsiya tashrif buyuruvchilarga Oʻzbekiston tarixi bilan tanishish, xalqimiz merosi toʻgʻrisida toʻliq tasavvur hosil qilish imkonini beradi.
Tadbir Oʻzbekiston va Germaniya xalqlarining yanada yaqinlashishi va bir-birini anglashiga, mamlakatlarimiz oʻrtasidagi keng muloqot va koʻp qirrali hamkorlikning rivojlanishiga xizmat qiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Germaniyaga tashrifi munosabati bilan ikki mamlakat delegatsiyalari aʼzolari, davlat va jamoat arboblari ishtirokida qabul marosimi boʻlib oʻtdi.
Tashrif dasturidagi tadbirlar yakunlangach, “Berlin-Brandenburg” aeroportida oliy martabali mehmonni Germaniyaning rasmiy shaxslari kuzatib qoʻydi. Davlatimiz rahbari Toshkentga joʻnab ketdi.