Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 20 sentyabr kuni Nyu-York shahrida Jahon banki guruhi prezidenti Ajay Banga bilan uchrashuv oʻtkazdi.
Uchrashuvda Oʻzbekiston bilan Jahon banki oʻrtasidagi keng koʻlamli hamkorlikni kengaytirishning asosiy jihatlari koʻrib chiqildi.
Suhbat avvalida davlatimiz rahbari Ajay Bangani Jahon banki guruhi prezidenti lavozimida ish boshlagani bilan tabrikladi hamda uning rahbarligida bank rivojlanayotgan mamlakatlarning barqaror iqtisodiy rivojlanishiga faol koʻmaklashishni davom ettirishiga ishonch bildirdi.
Xususiylashtirish va samarali davlat boshqaruvi sohalarida bankning ekspertlik va texnik koʻmagini kengaytirish, karbonsizlashtirish, muqobil energetika, infratuzilma va kommunikatsiyalar, suv taʼminoti boʻyicha loyihalarni moliyalashtirish va ularga xususiy investitsiyalar, shu jumladan davlat-xususiy sheriklik asosida jalb qilish hamda boshqa strategik tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi.
Ajay Banga, oʻz navbatida, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ortga qaytmas islohotlar dasturini yuqori baholab, oʻzaro manfaatli sheriklikni bundan buyon ham rivojlantirishga tayyorligini bildirdi.
Bankning dunyo biznesi yetakchi vakillaridan iborat Maslahat kengashi Oʻzbekistonga toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar oqimini oshirish boʻyicha chora-tadbirlarni ishlab chiqishda ishtirok etishi toʻgʻrisida kelishuvga erishildi.
Taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston bankning eng yirik hamkor-benefitsiarlaridan biri hisoblanadi, soʻnggi olti yilda qoʻshma loyihalar portfeli besh barobardan ziyodga kengaydi.
2026 yilga qadar davrga moʻljallangan va jami 4 milliard dollarlik loyihalarni amalga oshirishni nazarda tutuvchi Hamkorlik dasturi Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasining barcha ustuvor yoʻnalishlarini qamrab olgan.