Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24 yanvar kuni Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje In bilan telefon orqali muloqot qildi, deya xabar berilmoqda Prezident.uz saytida.
2017 yilning noyabr oyida Seul shahrida boʻlib oʻtgan tarixiy ahamiyatga ega oliy darajadagi samarali uchrashuv va muzokaralar koʻp qirrali oʻzaro aloqalarni rivojlantirish uchun mustahkam zamin yaratgani hamda ikki tomonlama munosabatlarga aniq amaliy mazmun baxsh etgani chuqur mamnuniyat bilan qayd etildi.
Prezident Mun Chje In Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevga tabrik va ezgu tilaklar uchun samimiy minnatdorlik bildirdi. Oʻzbekiston Prezidenti timsolida Oʻzbekiston – Janubiy Koreya hamkorligini har tomonlama mustahkamlash borasida haqiqiy doʻst, maslakdosh va hamfikrga ega boʻlganini alohida taʼkidladi.
Koreya Respublikasi rahbari, shuningdek, Prezident Shavkat Mirziyoyevning zamonaviy Oʻzbekiston tarixida ilk bor Oliy Majlisga qilgan Murojaatnomasini yuksak baholadi. Oʻzbekiston va Janubiy Koreyada amalga oshirilayotgan islohotlar va oʻzgarishlarning yangi bosqichi muhim vazifalari va ustuvor maqsadlariga koʻra mushtarak ekani qayd etildi.
Muloqotda ikki mamlakat rahbarlari Oʻzbekiston – Janubiy Koreya hamkorligini yanada kengaytirish istiqbollarini atroflicha muhokama qildi, mintaqaviy va xalqaro dolzarb masalalar boʻyicha fikr almashdi.
Janubiy Koreyaning ilgʻor tajribasi, ilm-fan yutuqlari va texnologiyalarini Oʻzbekistonda sanoat va infratuzilmani modernizatsiya qilish, ijtimoiy sektorni rivojlantirishga faol jalb qilishga alohida eʼtibor qaratildi.
Koreya Respublikasi Prezidenti koʻp millatli Oʻzbekiston xalqini shu kunlarda Xitoy Xalq Respublikasida boʻlib oʻtayotgan futbol boʻyicha Osiyo chempionatida yoshlar terma jamoamiz koʻrsatayotgan ajoyib oʻyin va jamoamiz musobaqa finaliga chiqqani bilan samimiy qutladi.
Oʻz navbatida, Oʻzbekiston Prezidenti Koreya Respublikasi rahbariyati va xalqiga Pxyonchxanda tashkil etiladigan va jahon sporti tarixiga kiradigan, haqiqiy doʻstlik va oʻzaro anglashuv bayramiga aylanadigan qishki Olimpiya oʻyinlari muvaffaqiyatli oʻtishini chin dildan tiladi.
Muloqot soʻngida davlat rahbarlari mamlakatlarimiz va xalqlarimiz oʻrtasidagi koʻp asrlik doʻstlik rishtalari va anʼanaviy yaqin hamkorlikni har tomonlama rivojlantirish va mustahkamlashga tayyor ekanini yana bir bor tasdiqladilar.