Koʻksaroy qarorgohida oʻtgan oliy darajadagi muzokaralar yakunida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Koreya Respublikasi Prezidenti Yun Sok Yol ommaviy axborot vositalari vakillari uchun bayonot bilan chiqdilar, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Yetakchilar ochiq va doʻstona muhitda, konstruktiv va ishonchli muloqot ruhida oʻtgan uchrashuvlar natijalarini yuqori baholadilar.
Davlatimiz rahbari Koreyani jahonda jadal taraqqiy etib borayotgan mamlakatlardan biri, Oʻzbekistonning vaqt sinovlaridan oʻtgan alohida strategik hamkori ekanini taʼkidladi.
Koreya rahbarining bu galgi tashrifi davlatlarimiz oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatilganining 32 yilligi va alohida strategik sheriklikning 5 yilligiga toʻgʻri kelayotgani qayd etildi.
– Koreya davlati bizdan ancha olisda joylashgan boʻlsa-da, xalqlarimizning urf-odat va qadriyatlari, maʼnaviy olami va dunyoqarashi bir-biriga oʻxshashdir. Biz yaqin doʻst sifatida olijanob va bagʻrikeng koreys xalqi erishayotgan katta muvaffaqiyatlardan behad quvonamiz va faxrlanamiz, – dedi davlatimiz rahbari.
Koreya Respublikasi Oʻzbekistonning yirik savdo, investitsiya va texnologik hamkorlaridan biridir.
Mamlakatimiz iqtisodiyotiga kiritilgan koreys investitsiyalarining umumiy hajmi 7,5 milliard dollardan oshdi. Soʻnggi yillarda oʻzaro savdo ikki barobar oʻsib, 2,5 milliard dollarni tashkil etdi.
Yurtimizda koreys sarmoyasi ishtirokidagi 726 ta korxona faoliyat koʻrsatmoqda. Sanoat, energetika, avtomobilsozlik, kimyo, togʻ-kon, toʻqimachilik, oziq-ovqat sanoati, IT sohasi va boshqa muhim yoʻnalishlarda qoʻshma loyihalar amalga oshirilmoqda.
Oʻzbekiston rahbari koreys hamkasbi bilan muzokaralar chogʻida oʻzaro manfaatli hamkorlikni yanada chuqurlashtirishning ustuvor yoʻnalishlari belgilangani, yangi reja va marralar olinganini taʼkidladi.
Hamkorlikning barcha mexanizmlariga tizimli tus berish, tovar ayirboshlash hajmini oshirish, oʻzaro savdoda muvozanatni taʼminlash muhimligiga alohida eʼtibor qaratildi.
Shu maʼnoda Iqtisodiy hamkorlik boʻyicha Hukumatlararo qoʻmita va tashqi siyosat idoralari oʻrtasida Strategik muloqotning birinchi yigʻilishi natijalari yuqori baholandi.
Oʻzbekiston rahbari Koreya Prezidenti bilan birga mamlakatimizga katta ishbilarmonlar delegatsiyasi kelganini mamnuniyat bilan taʼkidladi.
Bugungi biznes forumida Koreyaning 80 dan ortiq yetakchi kompaniyalari ishtirok etayotgani va 9,6 milliard dollarlik yangi loyihalar toʻplami tayyorlangani savdo-iqtisodiy hamkorlikka kuchli turtki berishiga ishonch bildirildi.
Yaqin yillarga moʻljallab Oʻzbekiston-Koreya alohida strategik sherikligining yangi yuqori texnologiyali kun tartibini shakllantirish zarurligi taʼkidlandi.
Shu maqsadda yetakchilar Oʻzbekistonda mintaqaviy yuqori texnologik xab tashkil etish boʻyicha Strategik dasturni tayyorlashga kelishib oldilar.
Oʻta muhim mineral resurslar, yarimoʻtkazgichlar, kimyo, mashinasozlik, “aqlli” qishloq xoʻjaligi, infratuzilma va shaharsozlik, “yashil” energetika sohasidagi hamkorlik strategiyaning tayanch yoʻnalishlari sifatida belgilandi.
Davlatimiz rahbari koreys kompaniyalari bilan hamkorlikning ayrim ustuvor yoʻnalishlariga toʻxtalib oʻtdi.
Masalan, oʻta yupqa mis folgasi, “yashil” vodorod, ammiak, agrokimyo, yarimoʻtkazgichlar va elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqarish boʻyicha kelishuvlar mavjud. Oʻzbekiston avtomobil rusumlari qatorini kengaytirish va ishlab chiqarishni koʻpaytirishdan manfaatdor. Qishloq xoʻjaligi sohasida Koreyaning “yashil” va “aqlli” texnologiyalarini transfer qilish boʻyicha aniq kelishuvlarga erishilgan.
Koreya kompaniyalari davlat-xususiy sheriklik asosida transport infratuzilmasini modernizatsiya qilishda ishtirok etadi.
Davlat rahbarlari ikki mamlakat hududlari oʻrtasidagi hamkorlikni kengaytirish muhimligini taʼkidladilar.
Oʻzbekistonning anʼanaviy hamkorlari – Eksimbank, EDCF jamgʻarmasi va Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) bilan sheriklikni mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratildi.
EDCF bilan umumiy qiymati 2 milliard dollar boʻlgan yangi ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarni moliyalashtirish boʻyicha bitimlar imzolangani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Koreyaning rivojlanish institutlari bilan samarali hamkorlikka yana bir yorqin misol – zamonaviy koʻp tarmoqli bolalar klinikasi ishga tushirilgani. Qoʻshma universitet, kattalar shifoxonasi va onkologik klinikaga ega noyob tibbiy klaster qurilishi boʻyicha yangi loyihalarni tezlashtirishga kelishib olindi.
Tomonlar, shuningdek, kasbiy taʼlim va mehnat migratsiyasi, ekologiya va iqlim oʻzgarishi sohalarida hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldilar.
Muzokaralar chogʻida yetakchilar mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik masalalar yuzasidan pozitsiyalar oʻxshashligini tasdiqladilar.
Davlatimiz rahbari kelgusi yil Seulda “Markaziy Osiyo — Koreya” formatidagi birinchi sammitni oʻtkazish taklifini maʼqulladi va Prezident Yun Sok Yolning Koreya yarimorolida tinchlik va barqarorlikni taʼminlash boʻyicha qatʼiy qadamlarini qoʻllab-quvvatladi.
Madaniy-gumanitar sohada tomonlar 2025 yilni “Oʻzbekiston va Koreya oʻrtasidagi almashinuvlar yili” deb eʼlon qilishga kelishib oldilar. Uning doirasida oʻzaro madaniyat haftaliklari, yoshlar, taʼlim, til va sport forumlari, sanʼat va hunarmandchilik koʻrgazmalari, turizm tadbirlari oʻtkaziladi.
Umuman, Oʻzbekiston va Koreya Prezidentlari zamonaviy sharoitlarda hamkorlikning yangi modelini yaratishga kelishib oldilar.
– Oʻzaro munosabatlarimizda “Yuqori texnologik va innovatsion sheriklikning yangi davri” boshlanmoqda. Bugun imzolangan Alohida strategik sheriklikni yanada chuqurlashtirish va har tomonlama kengaytirish toʻgʻrisidagi qoʻshma bayonot va yigirmaga yaqin boshqa hujjatlar bu ezgu niyatlarimizga xizmat qilishiga aminman, – dedi davlatimiz rahbari.
Barcha erishilgan kelishuvlarning toʻliq va oʻz vaqtida bajarilishini taʼminlash maqsadida keng qamrovli “yoʻl xaritasi” qabul qilinadi.
Shuningdek, qoʻshma rejalarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash va tezlashtirish maqsadida davlatimiz rahbari loyihalarni nazorat qilish va koʻmaklashish boʻyicha koʻp bosqichli mexanizmni joriy etishni taklif qildi.
Oʻzbekiston bilan Koreya oʻrtasidagi oliy darajadagi muzokaralar yakunida Koʻksaroy qarorgohida daraxt ekish marosimi boʻlib oʻtdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Koreya Respublikasi Prezidenti Yun Sok Yol Faxriy mehmonlar xiyobonida daraxt ekdilar.
Marosim xalqlarimiz oʻrtasidagi mustahkam doʻstlik va oʻzaro anglashuv mustahkamlanayotgani, ikki mamlakat yetakchilarining Oʻzbekiston-Koreya alohida strategik sheriklik munosabatlarini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishga qatʼiy intilishining ramziy ifodasi boʻldi.