Oʻzbekiston va Kuvayt yetakchilari keng koʻlamli sheriklikni rivojlantirishga kelishib oldilar

0
51
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Kuvayt Davlati Amiri Shayx Mishʼal as-Saboh 17 fevral kuni Al-Kuvayt shahridagi «Al-Bayan» saroyida tor doirada uchrashuv hamda rasmiy delegatsiyalar aʼzolari ishtirokida muzokara oʻtkazdilar, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Suhbat avvalida davlatimiz rahbari koʻrsatilayotgan samimiy qabul va yuksak eʼtibor uchun Amirga minnatdorlik bildirib, Kuvayt yetakchisi va doʻst xalqini yaqinlashib kelayotgan milliy bayramlar bilan dildan qutladi.

Oʻzbekiston bilan Kuvayt oʻrtasidagi doʻstlik va koʻp qirrali sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlash masalalari koʻrib chiqildi.

Prezidentimiz Kuvaytda muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgan, maqsad va vazifalari Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasining uzoq muddatli ustuvor yoʻnalishlariga hamohang boʻlgan «Nigoh 2035» davlat dasturini alohida qayd etdi.

Faol siyosiy muloqotlar va idoralararo almashinuvlar, oʻzaro tovar ayirboshlash va investitsiyalar hajmi barqaror ortib borayotgani mamnuniyat bilan taʼkidlandi.

Oʻtgan yili Hukumatlararo komissiyaning birinchi yigʻilishi samarali oʻtkazildi, qator muhim ishbilarmonlik tadbirlari tashkil etildi.

Savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, innovatsion va moliyaviy-texnik sohalardagi hamkorlik masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

«Yashil» energetika, sanoat kooperatsiyasi, qishloq xoʻjaligi, transport va logistika, infratuzilma, shaharsozlik, sogʻliqni saqlash, turizm sohalari amaliy hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlari sifatida belgilandi.

Qoʻshma loyihalarni ilgari surish maqsadida Investitsiya platformasi va Ishbilarmonlar kengashi kabi mexanizmlarni yoʻlga qoʻyish, shuningdek, Al-Kuvayt shahrida savdo uyini ochish boʻyicha kelishuvga erishildi.

Yangi sheriklik dasturi doirasida Kuvayt arab iqtisodiy taraqqiyot fondi bilan loyihalar portfelini kengaytirishga alohida eʼtibor qaratildi.

Bundan tashqari, Oʻzbekiston va Kuvaytda madaniyat va turizm haftaliklarini oʻtkazish, ikki mamlakat vakillarining sanʼat, musiqa, kino, taʼlim va sport sohalaridagi madaniy-gumanitar tadbirlarda faol ishtirok etishiga koʻmaklashishga kelishib olindi.

Uchrashuvda Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Qoʻshilmaslik harakati va boshqa nufuzli tuzilmalar doirasida oʻzaro qoʻllab-quvvatlashni davom ettirish muhimligi qayd etildi.

Joriy yil may oyida Samarqand shahrida oʻtkaziladigan «Markaziy Osiyo — Koʻrfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi» muloqoti sammitiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha qoʻshma chora-tadbirlar muhokama qilindi.

Yetakchilar xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar.

Muzokaralar yakunida ikki davlat rahbarlari keng qamrovli sheriklikni rivojlantirish va mustahkamlashga qaror qildilar.

Muzokaralar yakunida Oʻzbekiston Prezidenti Kuvayt Amirini mamlakatimizga tashrif bilan kelishga taklif etdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.