Oʻzbekiston va Misr nafaqat mamlakatlarimiz oʻrtasida, balki ikki mintaqa orasida mustahkam hamkorlik koʻprigini bunyod etish niyatida

0
84
marta koʻrilgan.

Oliy darajadagi muzokaralardan soʻng Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Misr Arab Respublikasi Prezidenti Abdulfattoh as-Sisi ommaviy axborot vositalari vakillariga bayonot berdilar, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Davlatimiz rahbari koʻhna va betakror Misr zaminida Oʻzbekiston delegatsiyasiga koʻrsatilgan samimiy qabul va mehmondoʻstlik uchun chuqur minnatdorlik bildirdi. Misr rahbariyati va xalqining ulkan yutuqlari Oʻzbekistonni xursand qilayotganini aytdi.

Boʻlib oʻtgan muzokaralar chogʻida yetakchilar ikki mamlakatda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar — Yangi Oʻzbekiston strategiyasi va Misrning “Yangi Respublika” dasturi bir-biriga hamohang ekani, yangi ish oʻrinlarini yaratish va kambagʻallikni qisqartirish, aholini ijtimoiy himoya qilish va shaharlar infratuzilmasini rivojlantirish borasidagi ishlar uygʻunligi toʻgʻrisida yakdil fikr bildirdilar.

— Biz birgalikda nafaqat ikki mamlakat oʻrtasida, balki strategik jihatdan juda muhim boʻlgan mintaqalarimiz orasida ham mustahkam hamkorlik koʻprigini bunyod etishni maqsad qilganmiz, — dedi mamlakatimiz yetakchisi.

Uchrashuvda davlat rahbarlari siyosiy maslahatlashuvlarni faollashtirish, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, transport-logistika, madaniy-gumanitar va xavfsizlik sohalaridagi koʻp qirrali aloqalarni kengaytirish masalalarini atroflicha koʻrib chiqdilar.

Savdo-iqtisodiy hamkorlikda mavjud ulkan imkoniyatlar va salohiyat toʻliq ishga solinmayotgani alohida qayd etildi, shu munosabat bilan savdoni koʻpaytirish uchun amaliy mexanizmlar va samarali choralarni amalga oshirish zarurligi taʼkidlandi.

Birgalikda “yashil” energetika loyihalarini amalga oshirish, ikki davlatni bogʻlovchi maqbul transport yoʻnalishlarini ishlab chiqish, erkin iqtisodiy zonalar imkoniyatlaridan foydalanish, toʻgʻridan-toʻgʻri aviaqatnovlarni yoʻlga qoʻyishga kelishib olindi.

Davlatimiz rahbari yana bir bor Misr kompaniyalari mamlakatimizda oʻzaro manfaatli loyihalarni amalga oshirishi uchun barcha sharoitlar yaratilishini bildirdi.

Xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasida faol oʻzaro qoʻllab-quvvatlash amaliyotini davom ettirishga ahdlashib olindi. Yetakchilar Afgʻonistondagi vaziyatni barqarorlashtirish va ushbu mamlakat xalqiga koʻmaklashish boʻyicha saʼy-harakatlarni susaytirmaslik zarurligini taʼkidladilar.

Xalqlarimizni umumiy din, oʻxshash anʼana va urf-odatlarga asoslangan azaliy doʻstlik rishtalari bogʻlab turadi. Shu munosabat bilan ilm-fan va taʼlim almashinuvlari, umumiy tarixiy va madaniy merosimizni birgalikda oʻrganish, yoshlar oʻrtasidagi va ijodiy aloqalarni kuchaytirish masalalari ikki tomonlama madaniy-gumanitar hamkorlik kun tartibida alohida oʻrin egallashi taʼkidlandi.

Shu maʼnoda, ikki mamlakat shoir va adiblari, sanʼatkorlari va madaniyat arboblarining oʻzaro tashriflarini tashkil etishga tayyorlik bildirildi.

Prezidentimiz buyuk alloma bobomiz Ahmad Fargʻoniyning ibratli hayot yoʻli va ilmiy merosini chuqur oʻrganish va yoshlar orasida targʻib qilish maqsadida ikki mamlakat olimlarining doʻstlik ilmiy jamiyatini tashkil etish tashabbusini ilgari surdi.

Davlatimiz rahbari nutqining yakunida Oʻzbekiston-Misr sammitining natijalari ikki tomonlama munosabatlarni doʻst xalqlarimiz farovonligi yoʻlida sifat jihatidan yangi darajaga olib chiqishi va ularga uzoq muddatli ruh bagʻishlashiga qatʼiy ishonch bildirdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.