Oʻzbekiston va Moʻgʻuliston Prezidentlari ikki mamlakat ishbilarmonlari bilan uchrashuv oʻtkazdilar va  Faxriy mehmonlar xiyobonida daraxt ekdilar

0
63
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Moʻgʻuliston Prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari bilan uchrashuv oʻtkazdilar, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Tadbirda Moʻgʻulistonning MCS Investment, Mongol Basalt, Tavan Bogd Group, Asia Pharma, Khanbogd Cashmere, Erdenezoo Trans, ICT Group, ORDGEO, LBH Technology, NCD Group, Mega Wood, Modern Nomads kabi yetakchi kompaniyalari rahbarlari ishtirok etdi.

Oʻzbekiston tomonidan Basalt Uzbekistan, BMB Holding, New Way Industries, Panaev Farms, Ezel Central Asia, Azia Metall Prof, “Jizzax Jun”, Procab va boshqa xususiy kompaniyalar qatnashdi.

Taʼkidlash lozimki, ishbilarmonlik aloqalarini mustahkamlashga qaratilgan bunday formatdagi uchrashuv Moʻgʻuliston bilan ilk bor oʻtkazildi.

Oʻzbekiston Prezidenti moʻgʻulistonlik yetakchi ishbilarmonlarni va ularning oʻzbekistonlik sheriklarini samimiy qutlar ekan, Moʻgʻuliston Prezidentining Oʻzbekistonga ilk davlat tashrifi ikki tomonlama hamkorlik tarixida muhim ahamiyat kasb etishini yana bir bor alohida taʼkidladi.

– Bu sizning Oʻzbekiston bilan savdo-iqtisodiy aloqalarni yoʻlga qoʻyish va mustahkamlashga qaratilgan qatʼiy intilishingizni va alohida eʼtiboringizni yana bir bor tasdiqlaydi, – dedi mamlakatimiz rahbari.

Boʻlib oʻtgan mazmunli va konstruktiv muzokaralar davomida ikki tomonlama hamkorlikning barcha jihatlari atroflicha koʻrib chiqilgani, mavjud zaxiralar tahlil qilingani va yangi oʻsish nuqtalari aniqlangani qayd etildi.

– Biz mavjud salohiyat va imkoniyatlardan deyarli foydalanmayotganimizni taʼkidladik. Shu munosabat bilan yaqin yillarda oʻzaro savdoni, eng avvalo, xaridorgir mahsulotlar nomenklaturasi va hajmini kengaytirish orqali karrasiga oshirish vazifasini qoʻydik, – dedi Oʻzbekiston Prezidenti.

Bular – Moʻgʻulistonga oziq-ovqat, oʻgʻitlar, dori-darmonlar, maishiy texnika, plastmassa va rezina, qurilish materiallari, tayyor toʻqimachilik va poyabzal mahsulotlarini eksport qilish, shuningdek, yurtimizga goʻsht va goʻsht mahsulotlari, teri, jun va boshqa tayyor mahsulotlarni import qilish.

Tez fursatda Moʻgʻuliston va Oʻzbekistonda savdo uylarini ochish va ikki mamlakat poytaxtlarida sanoat koʻrgazmalarini oʻtkazish rejalashtirilgan.

Imtiyozli savdo toʻgʻrisidagi bitim va bozorlarga kirishni yengillashtirish boʻyicha takliflarni tayyorlashga kelishib olindi.

Mamlakatimiz rahbari moʻgʻul kompaniyalari bilan sanoat kooperatsiyasini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratdi.

Ikki davlat iqtisodiyotining bir-birini samarali toʻldirishga qodir sohalarida oʻrta muddatli kooperatsiya dasturini qabul qilish boʻyicha kelishuvga erishilgani qayd etildi.

Bu, birinchi navbatda, geologik qidiruv, boy xomashyo resurslarini oʻzlashtirish va qayta ishlash sohalarida hamkorlik oʻrnatishni oʻz ichiga oladi.

Mazkur strategik sohada birinchi yirik loyihalarni amalga oshirish boʻyicha aniq takliflar tayyorlanadi.

Oʻzbekiston, shuningdek, qishloq xoʻjaligi va turdosh tarmoqlarda Moʻgʻuliston bilan kompleks hamkorlikni rivojlantirish niyatida. Qoraqalpogʻiston, Namangan viloyati va boshqa hududlarda chorvachilik majmualarini barpo etish rejalari qoʻllab-quvvatlandi.

Bundan tashqari, Moʻgʻulistondan chorva, goʻsht va uni qayta ishlash mahsulotlarini import qilish hamda toʻqimachilik va tayyor qishloq xoʻjalik mahsulotlarini eksport qilishga oʻzaro qiziqish bildirildi.

Bu yoʻnalishdagi hamkorlik doirasida “Halol” standartiga mos goʻsht mahsulotlari ishlab chiqarish boʻyicha qoʻshma klasterlar, jun va terini chuqur qayta ishlash asosida yuqori qoʻshilgan qiymatga ega mahsulotlarni ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi.

Tomonlar xususiy biznes tashabbuslarini faol qoʻllab-quvvatlashga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar.

Bu borada ishbilarmon doiralari tomonidan ilgari surilgan yangi biznes gʻoyalari, jumladan, Toshkentda diagnostika markazini ochish, bazaltni qayta ishlash, yengil sanoat, raqamlashtirish, farmatsevtika va boshqa sohalardagi loyihalar qoʻllab-quvvatlandi.

Sanoat kooperatsiyasi loyihalarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida yil oxirigacha investitsiyalarni oʻzaro himoya qilish va soliqqa tortish tamoyillari boʻyicha asosiy bitimlar qabul qilinadi.

Yetakchilar qoʻshma Ishbilarmonlar kengashining tashkil etilishini olqishladilar. Yangi tashabbuslarni ishlab chiqish uchun yaqinda uning birinchi yigʻilishini oʻtkazish rejalashtirilgan.

Tashrif davomida havo va xalqaro avtomobil aloqasi boʻyicha bitimlar imzolandi, bu ikki davlat oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aviaqatnovlarni yoʻlga qoʻyish va ishbilarmonlik almashinuvlarini faollashtirish uchun mustahkam asos yaratadi.

Transport vazirlariga yuk tashish xarajatlarini kamaytirish boʻyicha takliflar tayyorlash topshirildi.

Davlatimiz rahbari Oʻzbekistonda iqtisodiyotni innovatsion rivojlantirish, qonun ustuvorligi va xususiy mulk daxlsizligini taʼminlash, tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash va JSTga qoʻshilish jarayonini faollashtirishga qaratilgan keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilayotganini alohida taʼkidladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev moʻgʻulistonlik ishbilarmonlarga yurtimizda ular uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga tayyor ekanini aytdi.

Oʻz navbatida, Moʻgʻuliston Prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux erishilgan kelishuvlar hamda Oʻzbekistonda investorlar va tadbirkorlar uchun yaratilgan sharoitlarni yuqori baholab, biznes vakillarini faol hamkorlikka va yangi loyihalar boʻyicha aniq kelishuvlarga erishishga chaqirdi.

Fikr almashish chogʻida Moʻgʻuliston tadbirkorlari Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarning amaliy ahamiyatini va mamlakatda yaratilayotgan qulay investitsiyaviy va biznes muhitini yuqori baholadilar.

Iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida qoʻshma loyihalarni amalga oshirish boʻyicha aniq takliflar berildi.

Oliy darajadagi Oʻzbekiston-Moʻgʻuliston muzokaralari yakunlangach, Koʻksaroy qarorgohida daraxt ekish marosimi boʻlib oʻtdi.

Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Uxnaagiyn Xurelsux xalqlarimiz oʻrtasidagi doʻstlik va hamkorlik, ikki tomonlama munosabatlar tarixida yangi sahifa ochishga boʻlgan oʻzaro intilish ramzi sifatida Faxriy mehmonlar xiyobonida daraxt ekdilar.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.