Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning muzokaralari ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida kengaytirilgan tarkibda davom etdi deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Oʻzbekiston-Ozarbayjon strategik sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish va koʻp qirrali hamkorlikni, eng avvalo, siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiyaviy va madaniy-gumanitar sohalarda rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Davlatimiz rahbari dini bir, qadriyatlari, anʼanalari, tili va madaniyati oʻxshash boʻlgan xalqlarimiz oʻrtasidagi munosabatlar keyingi yillarda eng yuksak darajaga koʻtarilganini qayd etdi.
Oʻzbekiston rahbari Ozarbayjon xalqini atoqli davlat arbobi, umummilliy yetakchi Haydar Aliyevning 100 yillik yubiley bilan tabrikladi.
Prezidentlar kuni kecha ikki mamlakat yetakchi kompaniyalari ishtirokida oʻtgan biznes forumi yakunlarini yuqori baholadilar.
Savdo va sanoat kooperatsiyasida jadal oʻsish kuzatilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Yaqin yillarda uchinchi mamlakatlardan qimmat importning oʻrnini milliy ishlab chiqaruvchilarning arzon va sifatli mahsulotlari bilan bosish orqali tovar ayirboshlashni 1 milliard dollarga yetkazish uchun barcha imkoniyatlar mavjudligi koʻrsatib oʻtildi.
Sanoat kooperatsiyasi xususida soʻz borar ekan, Prezidentlar energetika, metallurgiya, foydali qazilmalar, mashinasozlik, elektrotexnika, toʻqimachilik, farmatsevtika, agrosanoat va boshqa tarmoqlarda muhim loyihalarni birgalikda amalga oshirish boʻyicha qatʼiy kelishuvlarga erishilganini olqishladilar.
Bunday loyihalarni qoʻllab-quvvatlash uchun qoʻshma Investitsiya jamgʻarmasining mablagʻlarini faol oʻzlashtirish muhimligi taʼkidlandi.
Hududlar oʻrtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, xususan, ularning sanoat salohiyatini hisobga olgan holda yangi kooperatsiya loyihalarini ilgari surish uchun hududiy maʼmuriyatlar rahbarlarining toʻgʻridan-toʻgʻri muloqotini va muntazam uchrashuvlarini yoʻlga qoʻyish gʻoyasi qoʻllab-quvvatlandi.
Yetakchilar transport va tranzit sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish strategik jihatdan muhimligini qayd etdilar.
Oʻtgan yilda Oʻzbekiston yuklarini Boku porti orqali tashish hajmi qariyb ikki barobar oshdi. Mamlakatimiz bundan buyon ham Ozarbayjonning zamonaviy transport tarmogʻidan foydalanib, yuk tashishni koʻpaytirish niyatida.
Shu maʼnoda, Transkaspiy yoʻlagi doirasida qoʻshma logistika kompaniyasini tashkil etish hamda Boku shahri va uchinchi mamlakatlar portlarida omborxona infratuzilmasi va logistika markazlarini barpo etish choralari muhokama qilindi.
Madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan bir qator kelishuvlarga erishildi, shu jumladan Madaniyat va kino kunlari, ijodiy va ilmiy ziyolilar, yoshlar tashkilotlarining uchrashuvlarini oʻtkazishga kelishib olindi.
Yigʻilish davomida tashqi siyosiy idoralar rahbarlari, Hukumatlararo komissiya hamraislari, transport va energetika, qishloq xoʻjaligi va madaniyat vazirlarining muzokaralar kun tartibi yuzasidan hisobotlari tinglandi.
Yakunda davlat rahbarlari qoʻshma “yoʻl xarita”larini tayyorlash va erishilgan kelishuvlarni samarali amalga oshirish mexanizmlarini taʼsis etishga topshiriq berdilar.