Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24 dekabr kuni Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev bilan telefon orqali muloqot qildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Davlatimiz rahbari Ilhom Aliyevni 60 yillik yubileyi bilan samimiy tabriklab, unga mustahkam sogʻlik, farovonlik va katta muvaffaqiyatlar, birodar Ozarbayjon xalqiga esa tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tiladi.
Yetakchilar Oʻzbekiston-Ozarbayjon strategik sheriklik va koʻp qirrali hamkorlik munosabatlari kun tartibidagi dolzarb masalalarni koʻrib chiqdilar.
Savdo-iqtisodiy aloqalar ijobiy surʼat bilan rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi: oʻzaro savdo koʻrsatkichlari barqaror oshib bormoqda, yetakchi korxonalar kooperatsiyasi kengaymoqda. Shu oyda Ishbilarmonlar kengashining navbatdagi yigʻilishi va Boku shahrida sanoat koʻrgazmasi muvaffaqiyatli oʻtkazildi. Ikki tomonlama madaniy-gumanitar dastur doirasida faol almashinuvlar davom etmoqda.
Davlat rahbarlari ustuvor tarmoq va yoʻnalishlarda, shu jumladan mashinasozlik, energetika, qishloq xoʻjaligi, transport va logistika sohalarida amaliy hamkorlik boʻyicha loyihalarni jadal ilgari surish muhim ekanini qayd etdilar.
Mintaqaviy siyosat hamda xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlik masalalari yuzasidan ham fikr almashildi. Boʻlajak tadbirlar rejasi koʻrib chiqildi.
Telefon orqali muloqot har doimgidek samimiy va doʻstona muhitda oʻtdi.