Oʻzbekiston va Ozarbayjon yetakchilari ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalarini muhokama qildilar

0
74
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 5 noyabr kuni Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev bilan telefon orqali muloqot qildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.  

Suhbat avvalida Ozarbayjon Prezidenti davlatimiz rahbarini mamlakatimizda oʻtgan Prezident saylovida ishonchli gʻalaba qozongani bilan samimiy qutlab, Oʻzbekiston xalqining farovonligi va ravnaqini taʼminlash borasidagi faoliyatiga katta muvaffaqiyatlar tiladi.

Oʻzbekiston yetakchisi, oʻz navbatida, Ozarbayjon rahbari va birodar xalqini yaqinlashib kelayotgan milliy bayram – Gʻalaba kuni bilan samimiy muborakbod etib, tinchlik-osoyishtalik va bardavom taraqqiyot tilaklarini izhor etdi.

Oʻzbekiston-Ozarbayjon strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlash va koʻp qirrali hamkorlikni kengaytirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Yetakchilar oʻzaro savdo koʻrsatkichlari barqaror surʼat bilan oʻsayotgani, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida qoʻshma loyihalar soni ortayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etdilar. Joriy yilda Xojiqabul shahrida avtomobillar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilgani, qishloq xoʻjaligi va ipakchilikda amalga oshirilayotgan qoʻshma loyihalar muvaffaqiyatli kooperatsiyaga misol ekani taʼkidlandi.

Kelgusi oyda Boku shahrida Oʻzbekistonning milliy sanoat koʻrgazmasi oʻtkaziladi. Hukumatlararo komissiya va Ishbilarmonlar kengashining navbatdagi yigʻilishlariga tayyorgarlik koʻrilmoqda.

Transport-kommunikatsiya sohasidagi hamkorlik, shu jumladan poytaxtlar oʻrtasidagi aviaqatnovlarni tiklash masalalari koʻrib chiqildi.

Oʻzbekiston va Ozarbayjon hududida qoʻshma madaniy-gumanitar tadbirlarni muntazam oʻtkazib turish muhim ekani qayd etildi.

Prezidentlar mintaqaviy hamkorlikning eng muhim jihatlari, shu jumladan Turkiy kengashning boʻlajak sammiti kun tartibi yuzasidan fikr almashdilar. Oliy darajadagi uchrashuvlar rejasi koʻrib chiqildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.