Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev ikki mamlakat ishbilarmonlari bilan uchrashuv oʻtkazdilar.
Tadbirda Ozarbayjonning PASHA Holding, SOCAR, SOFAZ, Agalarov Development, Silk Way Group, Matanat, Sarda Group, AzerGold, Azermash, Ozarbayjon investitsiya xoldingi, «Ozarbayjon temir yoʻllari», «Alyat» erkin iqtisodiy zonasi va boshqa yetakchi kompaniyalari rahbarlari hamda vakillari ishtirok etdilar.
Oʻzbekiston Prezidenti ishbilarmonlarni samimiy qutlab, ularning mamlakatlarimiz oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy sheriklikni kengaytirishdagi muhim oʻrnini alohida taʼkidladi.
— Sizlar innovatsiyalarni dadillik bilan joriy etib, korxonalar va ish oʻrinlarini yaratib, iqtisodiyotning harakatlantiruvchi kuchi boʻlayapsiz, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Bunday shaklda ilk bor oʻtkazilayotgan tadbir ikki mamlakat savdo-iqtisodiy hamkorligida yangi bosqichni boshlab berishi qayd etildi.
Davlatimiz rahbari bugungi sammitning salmoqli natijalari haqida mamnuniyat bilan soʻzladi. Muzokaralarda hamkorlikning keng qamrovli kun tartibi muhokama qilinib, istiqbolli “oʻsish nuqtalari” belgilab olindi. Davlatlararo oliy kengashning birinchi majlisi boʻlib oʻtdi, Ittifoqchilik munosabatlari toʻgʻrisidagi shartnoma imzolandi.
— Biz davlatlararo hamkorlikning eng yuqori bosqichiga chiqdik va Oʻzbekiston-Ozarbayjon munosabatlarida amalda yangi sahifa ochdik, — dedi Oʻzbekiston rahbari.
Muzokaralarning asosiy yakunlari sifatida mamlakatlarimizda biznes uchun yanada qulay sharoitlar yaratish va har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, jumladan, birgalikda tashqi bozorlarga chiqish boʻyicha kelishuvlarga erishilgani taʼkidlandi.
Soʻnggi yillarda bu borada katta yutuqlarga erishildi. Tovar ayirboshlash hajmi va qoʻshma korxonalar soni bir necha barobar oshdi, qator kooperatsiya loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda, hududlararo almashinuvlar faollashdi, qoʻshma Investitsiya kompaniyasi samarali faoliyat yuritmoqda.
Bundan tashqari, kuni kecha oʻtgan biznes forumida umumiy qiymati 2 milliard dollardan ortiq bitim va shartnomalar imzolandi.
Prezidentimiz Oʻzbekiston va Ozarbayjon yetakchilari tomonidan eʼlon qilingan Iqtisodiy kooperatsiya yili doirasidagi muhim vazifalarni amalga oshirishda aynan biznes asosiy drayver boʻlishi va hal qiluvchi rol oʻynashi kerakligini alohida taʼkidladi.
Bu hamkorlikning 20 ta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha istiqbolli loyihalardir.
— Biz hurmatli Ilhom Haydarovich bilan bir fikrdamiz: hamkorlik kelajagi biznesga bogʻliq, ikki mamlakat oʻrtasidagi koʻp qirrali munosabatlarning ertangi kuni sizlarga bogʻliq, — deya xulosa qildi Shavkat Mirziyoyev.
Davlatimiz rahbari tadbirkorlarning samarali va qulay faoliyat yuritishi uchun barcha zarur sharoitlar yaratilishini taʼkidladi.
Oʻz navbatida, ikki mamlakatning yetakchi kompaniyalari rahbarlari koʻrsatilayotgan eʼtibor uchun Oʻzbekiston va Ozarbayjon Prezidentlariga minnatdorlik bildirib, yangi kooperatsiya loyihalarini amalga oshirish boʻyicha aniq rejalari haqida maʼlumot berdilar.
Uchrashuv yakunida davlat rahbarlari kooperatsiya loyihalarini ishga tushirish marosimida ishtirok etdilar.
Toshkent shahrida mehmonxona va turar joy majmualarini barpo etish, Qashqadaryo viloyatida qurilish materiallarini ishlab chiqarish, Ozarbayjonda toʻqimachilik klasterlari hamda tikuvchilik fabrikasini tashkil etish va boshqa loyihalar shular jumlasidan.
Prezidentlar ushbu loyihalarga start berar ekan, ular oʻzaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish, zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlari va yangi ish oʻrinlari yaratishga xizmat qilishini taʼkidladilar.