Oʻzbekiston va Ozarbayjon Prezidentlari ikki tomonlama amaliy hamkorlikni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildilar

0
49
marta koʻrilgan.

«Zugʻulba» qarorgohida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevning tor doiradagi uchrashuvi boʻlib oʻtdi deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Davlatimiz rahbari Ozarbayjon Prezidentiga tashrif bilan kelish taklifi hamda Oʻzbekiston delegatsiyasiga koʻrsatilayotgan samimiy mehmondoʻstlik uchun minnatdorlik bildirdi.

Yetakchilar Oʻzbekiston bilan Ozarbayjon oʻrtasidagi koʻp qirrali strategik sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirish yuzasidan fikr almashdilar.

Parlamentlar, hukumatlar, hududlar, tashqi siyosiy va boshqa idoralar, tahliliy doiralar oʻrtasidagi aloqalar faollashgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Keyingi yillarda oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi barqaror surʼatda oshib bormoqda. Qoʻshma korxonalar soni 4 barobar koʻpaydi.

Ozarbayjonda Oʻzbekiston avtomobillarini yigʻish, ipakchilik va toʻqimachilik klasterlari tashkil etilgani samarali hamkorlikka misol boʻla oladi.

Tashrif arafasida oʻtkazilgan biznes forumi natijasida yangi kooperatsiya loyihalari va savdo shartnomalarining salmoqli toʻplami shakllantirildi.

Oʻzbekiston va Ozarbayjon yetakchilari energetika, mashinasozlik, metallurgiya, shaharsozlik, qishloq xoʻjaligi, foydali qazilmalar, toʻqimachilik, ipakchilik, farmatsevtika, elektrotexnika va boshqa tarmoqlarda sanoat kooperatsiyasini kengaytirish istiqbollarini muhokama qildilar.

Qoʻshma loyihalarni qoʻllab-quvvatlash va ilgari surish maqsadida Oʻzbekiston-Ozarbayjon investitsiya kompaniyasining samarali faoliyatini taʼminlash muhimligi qayd etildi.

Transport va tranzit sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratildi. Oʻrta koridor orqali yuk tashishni koʻpaytirish, logistika va portlar infratuzilmasini birgalikda rivojlantirish zarurligi taʼkidlandi.

Prezidentlar hududlararo hamkorlikni rivojlantirish, yangi kooperatsiya loyihalarini birgalikda ishlab chiqish va ilgari surish uchun ikki mamlakat hududlari rahbarlarining muntazam uchrashuvlarini tashkil etish muhimligini qayd etdilar.

Tomonlar madaniy-gumanitar almashinuvlarni kengaytirish, taʼlim va fan sohasida qoʻshma dasturlarni amalga oshirishga tayyorligini bildirdi.

Xalqaro terrorizm, ekstremizm, narkotrafik, kiberjinoyatlarga qarshi kurashish borasida saʼy-harakatlarni birlashtirish muhimligi taʼkidlandi.

Shuningdek, davlat rahbarlari xalqaro va mintaqaviy kun tartibi yuzasidan fikr almashdilar, koʻp tomonlama tuzilmalar doirasida faol muloqotni va oʻzaro qoʻllab-quvvatlashni davom ettirish masalalarini muhokama qildilar.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.