Oʻzbekiston va Ozarbayjon Prezidentlari muzokaralar natijalaridan mamnunligini bildirdilar

0
63
marta koʻrilgan.

Oliy darajadagi muzokaralardan soʻng Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev ommaviy axborot vositalari vakillari uchun bayonot berdilar deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Davlatimiz rahbari har doimgidek samimiy mehmondoʻstlik uchun Ozarbayjon yetakchisiga minnatdorlik bildirdi.

— Saylovdan keyingi birinchi tashrifimni aynan Ozarbayjonga amalga oshirayotganim ramziy maʼnoga ega. Bu ikki tomonlama hamorligimiz eng yuksak darajaga chiqqani, yaqinlashishga oʻzaro intilish borligi, sheriklik uchun keng imkoniyatlar mavjudligidan dalolat beradi, — dedi Oʻzbekiston Prezidenti.

Oʻzbekiston Ozarbayjonning hududiy yaxlitligini doim qoʻllab-quvvatlab kelgani va bundan buyon ham qoʻllab-quvvatlashi taʼkidlandi. Shu munosabat bilan mamlakatimiz yetakchisi Qorabogʻda tinchlik va barqarorlik oʻrnatilishi alohida ahamiyatga ega ekanini qayd etib, bu yerda olib borilayotgan bunyodkorlik ishlarining koʻlami i surʼatini yuqori baholadi.

Bugun boʻlib oʻtgan muzokaralar natijalari katta mamnuniyat bilan qayd etildi. Ularda koʻp qirrali hamkorlikning barcha masalalari muhokama qilindi.

— Oʻzbekiston bilan Ozarbayjon oʻrtasida hech qanday muammoli masalalar yoʻqligini taʼkidlash joiz. Biz qardosh xalqlarimiz manfaatlari yoʻlida katta salohiyatdan samarali foydalanishning yangi imkoniyatlari va mexanizmlarini izlash dolzarb ekaniga urgʻu berdik, — dedi davlatimiz rahbari.

Oʻzbekiston va Ozarbayjonning Oliy davlatlararo kengashini tashkil etish toʻgʻrisidagi shartnomaning imzolangani ikki tomonlama munosabatlarda yangi bosqichni boshlab berishi taʼkidlandi.

Oliy darajadagi uchrashuvlar chogʻida koʻp qirrali sheriklikning asosiy yoʻnalishlari belgilab olindi.

Davlat rahbarlari savdoni koʻpaytirish, sanoat kooperatsiyasi va logistika infratuzilmasini rivojlantirishga alohida eʼtibor berdilar. Avtomobilsozlik, metallurgiya, energetika, qishloq xoʻjaligi, elektrotexnika, toʻqimachilik, turizm va boshqa tarmoqlardagi yirik loyihalar muhokama qilindi.

Shuningdek, yangi logistika zanjirlarini rivojlantirish va infratuzilmani barpo etish, yuk tashish hajmini oshirish boʻyicha loyihalarni amadga oshirishga kelishib olindi.

Savdo-iqtisodiy hamkorlikning yana bir drayveri sifatida ikki mamlakat hududlarining imkoniyatlari maksimal darajada ishga solinadi. Hokimlar va maʼmuriyatlar rahbarlari yangi kooperatsiya loyihalari va gumanitar almashinuvni ilgari surish uchun joylarda muntazam uchrashadilar.

Muzokaralarda madaniyat sohasidagi aloqalarga alohida eʼtibor qaratildi.

Yaqinda Ozarbayjonda Oʻzbekiston madaniyati kunlari katta muvaffaqiyat bilan oʻtdi. Ushbu tadbirlar doirasida Bokuda oʻzbek mumtoz adabiyotining buyuk vakili Abdulla Qodiriyning ozarbayjon tiliga tarjima qilingan “Oʻtkan kunlar” romani taqdimot qilindi. 

Madaniyat va kino kunlari, ijod va ilm-fan arboblarining uchrashuvlari muntazam oʻtkazib boriladigan boʻldi. Joriy yilda Oʻzbekistonda birinchi Oʻzbekiston-Ozarbayjon yoshlar forumi tashkil etiladi.

Yetakchilar Birlashgan Milliatlar Tashkiloti, Turkiy davlatlar tashkiloti, MDH, YeXHT, Qoʻshilmaslik harakati va boshqa koʻp tomonlama institutlar doirasida ham samarali muloqotni davom ettirishga ahdlashib oldilar.

— Bugungi muzokaralar strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashga intilishimiz qatʼiy ekanini yana bir bor namoyish etdi. Saʼy-harakatlarimiz aniq natijalarga qaratilgan, — dedi Oʻzbekiston Prezidenti soʻzining yakunida.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.