Oʻzbekiston va Ozarbayjon rahbarlari oʻzaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish masalalarini muhokama qildilar

0
99
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24 dekabr kuni Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev bilan telefon orqali muloqot qildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida. 

Suhbat avvalida davlatimiz rahbari Ozarbayjon yetakchisini tavallud kuni bilan samimiy qutlab, unga mustahkam sogʻlik, baxt-saodat va yangi zafarlar, qardosh Ozarbayjon xalqiga esa tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tiladi.

Oliy darajadagi muntazam va samarali muloqotlar tufayli Oʻzbekiston-Ozarbayjon strategik sheriklik va koʻp qirrali hamkorlik munosabatlari barcha yoʻnalishlarda jadal rivojlanib borayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

Xususan, yil boshidan tovar ayirboshlash 50 foizga oshdi. Turli yoʻnalishlarda, shu jumladan energetika sohasida, avtomobillar ishlab chiqarishni kengaytirish, paxta-toʻqimachilik va ipakchilik klasterlarini tashkil etish, qurilish materiallari va boshqa mahsulotlarni ishlab chiqarish boʻyicha kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.

Istiqbolli loyihalarni qoʻllab-quvvatlash uchun qoʻshma investitsiya fondi tashkil etilmoqda.

Davlat rahbarlari toʻgʻridan-toʻgʻri savdo shartnomalari va uzoq muddatli investitsiya bitimlarining portfelini kengaytirish muhimligini qayd etdilar.

Shu kunlarda Oʻzbekiston Respublikasi delegatsiyasi hamkorlik loyihalarining amalga oshirilishini tezlashtirish choralarini kelishish uchun Boku shahrida boʻlib turgani alohida taʼkidlandi.

Oʻzbekiston va Ozarbayjon Prezidentlarining telefon orqali muloqoti har doimgidek samimiy, ochiq va doʻstona ruhda oʻtdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.