Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti sammiti tadbirlari doirasida Bosh vazir Anvar ul-Haq Kakar boshchiligidagi Pokiston Islom Respublikasi delegatsiyasi bilan muzokara oʻtkazdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Ikki tomonlama hamkorlikni, eng avvalo, savdo-iqtisodiyot, investitsiya va transport-kommunikatsiya sohalarida yanada mustahkamlashning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Turli darajalarda faol muloqot olib borilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Oʻzaro tovar ayirboshlash va yuk tashish hajmi yil boshidan buyon 40 foizga oshdi. Toʻqimachilik, kimyo, farmatsevtika va boshqa tarmoqlarda kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Yigirmata qoʻshma korxona tashkil etildi.
2024-2025 yillarga moʻljallangan Sanoat kooperatsiyasi dasturini tez fursatda qabul qilish, ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirish uchun savdo toʻsiqlarini bartaraf etish va qulay sharoitlar yaratish muhimligi taʼkidlandi.
Transafgʻon temir yoʻlini qurish loyihasini amalga oshirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Mintaqaviy kun tartibidagi masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.